O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining faoliyatini takomillashtirish va o‘rmon xo‘jaliklarining chegara hududlari tabiiy resurslaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklarining chegara hududlari tabiiy resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, o‘rmon mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirishni rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Chegara zonasi va chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligini yuritish va o‘rmondan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga;
Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining harbiylashgan tuzilmalar bilan o‘zaro hamkorlik tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari bilan birgalikda ikki oy muddatda chegara zonalari va chegara mintaqalarida o‘rmon xo‘jaliklarining foydalanishda muammoli bo‘lgan yer uchastkalarining xatlovdan o‘tkazsin va har yili 1-fevralgacha yer konturlarining raqamlarini ko‘rsatgan holda ulardan foydalanishning qo‘shma grafigini tasdiqlasin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda davlat o‘rmon fondi yerlari va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda joylashgan, salohiyatli turistlarni jalb qilish maqsadida foydalanish mumkin bo‘lgan obyektlarning xatlovdan o‘tkazsin va ulardan foydalanish bo‘yicha taklif kiritsin;
salohiyatli turistlarni jalb qilish maqsadida davlat o‘rmon fondi yerlari va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda zarur sharoitlar va tegishli infratuzilmani (yoritish, transport va yo‘lovchi yo‘llari, axborot ko‘rsatkichlari, taqiqlovchi belgilar, dam olish joylari, mehmonxonalar va boshqalar) tashkil etsin;
xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, yirik turoperatorlarning veb-sahifalarida davlat o‘rmon fondi yerlari va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va sharoitlar to‘g‘risida doimiy asosda faol targ‘ibot olib borsin;
v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
o‘rmonlarni qo‘riqlash normativlari, o‘rmon qo‘riqchiligi xodimlarining soni bo‘yicha normalar, ular uchun inventar, transport, aloqa vositalari va jihozlar bilan ta’minlash me’yorlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 9-sentabrdagi 203-son qarori bilan tasdiqlangan O‘rmon qo‘riqchiligi to‘g‘risidagi nizomga o‘rmon qo‘riqchiligi xodimlarining, shu jumladan chegara zonasida va chegara mintaqasidagi funksional majburiyatlarini aniqlashtirish yuzasidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari:
chegara zonalariga kirish (o‘tish), bu yerda bo‘lish (yashash), chegara mintaqalariga kirish va chiqish (o‘tish), vaqtincha bo‘lish (yashash), bo‘lish, harakatlanish va ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomalarning o‘z vaqtida berilishiga qat’iy rioya etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda alohida bo‘lish tartibi belgilangan obyektlar va joylarga turistlarning kirishi (o‘tishi), vaqtincha bo‘lishi va harakatlanishi uchun elektron shakldagi ruxsatnoma berish tartibini ikki oy muddatda joriy etsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari respublika chegaralarida joylashgan va O‘zbekiston Respublikasi chegara qo‘shinlariga bepul foydalanish uchun berilgan yer uchastkalaridan xo‘jalik faoliyatini yuritish uchun ikki tomonlama shartnomalar asosida, tegishli to‘lov evaziga belgilangan tartibda foydalanishni tashkil etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti parametrlarida:
Oldingi tahrirga qarang.
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tizimining chegara zonasi va chegara mintaqasida ishlovchi xodimlarining oylik lavozim maoshiga 30 foizlik qo‘shimcha ustama;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-iyundagi 515-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/515/3318-son)
Chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan har bir davlat o‘rmon xo‘jaligiga qo‘shimcha 15 nafar xodim (o‘rmonchi, yeger, inspektor), jami 360 nafardan ko‘p bo‘lmagan xodimni ta’minlash uchun mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev va O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi N.J. Bakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-sentabr,
717-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-sentabrdagi 717-son qaroriga
1-ILOVA
Chegara zonasi va chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligini yuritish va o‘rmondan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat o‘rmon fondining chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan yerlarida o‘rmon xo‘jaligini yuritish va o‘rmondan foydalanish tartibini belgilaydi hamda chegara zonasi va chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligini yurituvchi tashkilotlar uchun majburiydir va o‘rmondan foydalanuvchilarning barcha toifalariga tatbiq etiladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
chegara zonasi — chegara mintaqasiga tutash bo‘lgan, chegara rejimi joriy etiladigan chegaraoldi hududi yoki uning bir qismi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-noyabrdagi 754-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
chegara mintaqasi — Davlat chegarasiga bevosita tutash bo‘lgan, Davlat chegarasi rejimi joriy etiladigan chegaraoldi hududining bir qismi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-noyabrdagi 754-sonli qarori tahririda)
o‘rmondan foydalanuvchilar — o‘rmondan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
davlat o‘rmon fondi uchastkalari — Davlat o‘rmon fondining davlat o‘rmon kadastrida ko‘rsatilgan muayyan chegaraga, maydonga, joylashgan yeriga, huquqiy rejimga va boshqa xususiyatlarga ega bo‘lgan bir qismi;
davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari — O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, uning hududiy organlari va quyi tashkilotlari;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari — O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tashkilotlar, shu jumladan milliy tabiat bog‘lari, davlat o‘rmon xo‘jaliklari, davlat o‘rmon-ov xo‘jaliklari, dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha davlat o‘rmon xo‘jaliklari, ilmiy-tajriba stansiyalari va boshqa tashkilotlar.
(2-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-iyundagi 515-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/515/3318-son)
2-bob. Chegara zonasi va chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligini yuritish tartibi
3. Chegara zonasi va chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligini yuritish davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
4. Chegara zonasida joylashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining xodimlari chegara zonasida ruxsatnoma kartochkalarisiz shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, chegara mintaqasida — O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari (keyingi o‘rinlarda — chegara qo‘shinlari deb ataladi) tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomalar bo‘yicha bo‘lish huquqiga egadir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
5. Chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining va chegara qo‘shinlarining tegishli bo‘linmalariga har yili bir marta o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlarining xodimlari bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini taqdim etadi.
Ichki ishlar va chegara qo‘shinlari bo‘linmalari ushbu ro‘yxatni tasdiqlaydi va o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlariga ma’lumot uchun yuboradi.
6. O‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari xodimlarining chegara mintaqasida shu maqsad uchun belgilanmagan yo‘llar va so‘qmoqlarda harakatlanishi taqiqlanadi (o‘rmon qo‘riqchiligi xodimlari bundan mustasno).
7. Chegara mintaqasida ishlab chiqarish ishlari amalga oshiriladigan hududlarida (joylarida) harakatlanish uchun o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari chegara qo‘shinlari bo‘linmalari bilan kelishgan holda ularga olib boradigan zarur yo‘llar va so‘qmoqlarni jihozlashi va ta’mirlashi mumkin.
8. Chegara qo‘shinlari bo‘linmalari o‘z vakolatlariga muvofiq, zarurat tug‘ilganda chegara mintaqasida ham, chegara zonasida ham bu yoki bu tadbirlarni o‘tkazishni ma’lum bir vaqtga qadar to‘xtatib turadi.
9. O‘rmonlarni qayta tiklash tadbirlari qonunchilikka muvofiq o‘tkaziladi.
Chegara mintaqasida o‘rmonlarni qayta tiklash tadbirlari tizimi asosan o‘rmon daraxtlarining tabiiy qayta tiklanish salohiyatidan foydalanishga yo‘naltirilishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘rmon to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi.
10. Chegara zonasida va chegara mintaqasida barcha o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha barcha tadbirlar sanitariya qoidalari va normalari, yong‘in xavfsizligi qoidalari va boshqa qonunchilik talablariga muvofiq bajarilishi lozim.
11. Chegara zonasida va chegara mintaqasida o‘rmon zararkunandalari va kasalliklari o‘choqlari, o‘rmon yong‘inlarining xavfli tarqalishi aniqlangan hollarda, davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari bu haqida qo‘shni davlatning vakolatli organlarini tezkor xabardor qilishlari kerak.
12. Chegara zonasida yong‘inlar yuzaga kelgan va ularni bartaraf etish vaqtida (yong‘in xavfi davrida) fuqarolarning o‘rmonlarga kirishi cheklanadi, transport vositalarining umumiy foydalanishdagi yo‘llardan tashqari harakatlanishi taqiqlanadi, davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining patrul avtomobillari, chegara qo‘shinlari xodimlari va transport vositalari bundan mustasno, o‘rmonlardan rekreatsiya maqsadlarida foydalanish cheklanadi.
13. Chegara qo‘shinlari qonunchilikda belgilangan tartibda chegara mintaqasida xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat turlarini yuritishda qo‘shimcha qoidalar belgilashi mumkin.
14. O‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari chegara zonasi va chegara mintaqasida davlat o‘rmon fondining o‘zlariga berilgan uchastkalaridan faqat kunning yorug‘ vaqtida o‘rmon xo‘jaligini yuritadi va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlarini amalga oshiradi, tunda chegara mintaqalarida qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3-bob. Chegara zonasida va chegara mintaqasida o‘rmondan foydalanish tartibi
15. Chegara zonasida va chegara mintaqasida o‘rmondan foydalanish doimiy va vaqtincha bo‘lishi mumkin.
O‘rmon fondi yerlari doimiy egalik qilishga berilgan o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar hisoblanadi.
O‘rmondan foydalanish huquqini beruvchi tegishli hujjatlar asosida davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan foydalanishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar o‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilar hisoblanadi.
16. Chegara zonasida va chegara mintaqasida o‘rmondan foydalanish umumiy yoki maxsus bo‘lishi mumkin.
O‘rmondan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar tomonidan bepul va o‘z ehtiyojlari uchun belgilangan hajmlarda, qonunchilikda nazarda tutilgan foydalanish turlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘rmondan maxsus foydalanish to‘lov asosida amalga oshiriladi.
O‘rmondan maxsus foydalanish huquqi yuridik va jismoniy shaxslarga davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan beriladi.
17. O‘rmondan maxsus foydalanuvchilar chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan o‘rmondan ichki ishlar organlari va chegara qo‘shinlarining tegishli ruxsatnomalarini qonunchilikda belgilangan tartibda olgandan so‘ng foydalanish huquqi ega bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
18. O‘rmondan doimiy foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat o‘rmon fondi yerlaridan, suv resurslaridan, keng tarqalgan foydali qazilmalardan belgilangan tartibda o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish;
davlat o‘rmon fondining o‘zlariga berilgan uchastkalarida o‘rmon xo‘jaligini yuritish, o‘rmondan foydalanish;
chegara mintaqasidan tashqari, belgilangan tartibda yo‘l ochish, o‘rmon mahsulotini joylashtirish uchun maydonchalarni jihozlash, ishlab chiqarish va turarjoy binolari hamda inshootlarni qurish;
tayyorlangan mahsulot va uni realizatsiya qilishdan olingan daromad mulkdori bo‘lish.
19. O‘rmondan doimiy foydalanuvchilar:
o‘rmonlarning muhofaza qilinishini, himoya qilinishini, ko‘paytirilishini, takroriy ko‘paytirilishini, qayta tiklanishini, mahsuldorligi oshirilishini va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashi;
o‘rmonlarning davlat hisobini yuritishi;
ishlarni o‘rmonlarning holatiga hamda ularni takroriy ko‘paytirishga, shuningdek, tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi, suv obyektlari va boshqa tabiiy obyektlarning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydigan usullar bilan yuritishi;
o‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilarning faoliyatini nazorat qilish;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini ta’minlashi;
o‘rmondan foydalanuvchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi shart.
20. O‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat o‘rmon fondining o‘rmondan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarda ko‘rsatilgan uchastkalari doirasida, belgilangan muddatlarda va o‘rmondan foydalanish turlari foydalanish;
chegara mintaqasidan tashqari, belgilangan tartibda yo‘l ochish, o‘rmon mahsulotini joylashtirish uchun maydonchalarni jihozlash, ishlab chiqarish binolari va inshootlari qurish.
21. O‘rmondan vaqtincha foydalanuvchilar:
o‘zlariga berilgan yaylovlar, pichanzorlar va boshqa o‘rmonzorlardan oqilona foydalanishi;
ishlarni o‘rmonlarning holatiga hamda ularni takroriy ko‘paytirishga, shuningdek tuproqning, o‘simlik va hayvonot dunyosining, suv obyektlarining va boshqa tabiiy obyektlarning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydigan usullar bilan yuritishi;
o‘rmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, ko‘paytirish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish sohasida belgilangan qoidalar, normalar va normativlarga rioya etishi;
o‘rmondan foydalanganlik uchun o‘z vaqtida va belgilangan tartibda haq to‘lashi;
o‘rmondan foydalanuvchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi shart.
22. Chegara zonasida va chegara mintaqasida o‘rmondan foydalanish turlari quyidagilardan iborat:
daraxtzorlar va butazorlarni kesish;
pichan o‘rish;
chorva mollarini o‘tlatish;
asalari uyalari va qutilarini joylashtirish;
yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor va texnik xomashyosini yig‘ish hamda tayyorlash;
yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni oziq-ovqat maqsadlari uchun yig‘ish va tayyorlash;
daraxt va butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish;
o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun foydalanish;
ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda foydalanish;
ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish.
23. Daraxt va butazorlarni kesish davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan chegara qo‘shinlari bo‘linmalari bilan kelishgan holda amalga oshirilishi lozim.
Daraxt va butazorlarni kesish o‘rmon kesish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Chegara mintaqasida o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari o‘rmon kesishda niholni maksimal darajada saqlab qolish va kesishlarning tabiiy ravishda tiklanishi uchun sharoitlar yaratishni ta’minlashi kerak.
Oraliq foydalanish va sanitariya maqsadida o‘rmonni parvarish qilish uchun kesish (siyraklashtirish, tozalash, yaganalash, o‘tish joyini ochish) tanlab kesish orqali amalga oshiriladi.
Chegara mintaqasida siyraklashtirish va tozalash qattiq bargli va igna bargli daraxtzorlarda ikkinchi darajali navlar tomonidan bo‘g‘ib qo‘yilishi yoki qisilishi xavfi mavjud bo‘lsa amalga oshiriladi.
Sanitariya maqsadida tanlab kesish va tozalash ishlari faqat qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. O‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari chegara mintaqasida daraxtlarning sanitar holatini tegishli darajada ta’minlashi va zarur hollarda har yili saniratiya maqsadida tanlab kesish va tozalashni amalga oshirishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Tabiat hodisalari ta’sirida yoki o‘rmon kesishda daraxtlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasiga yoki chegaradosh davlat hududiga qulay tushsa, ushbu daraxtlarni olib chiqishga va o‘z davlati hududiga olib o‘tishga tayyorlash imkoniyatini taqdim etish masalasini tomonlar xalqaro shartnomalarga muvofiq yetti sutka davomida, tomonlarning chegara qo‘shinlarini xabardor va jalb qilgan holda hal etadilar.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-noyabrdagi 754-sonli qarori tahririda)
25. Pichan o‘rish, chorva mollarini o‘tlatish, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor va texnik xomashyosini yig‘ish hamda tayyorlash, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni oziq-ovqat maqsadlari uchun yig‘ish va tayyorlash davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining, ichki ishlarning organlari va chegara qo‘shinlari bo‘linmalari bilan kelishilgan holda beriladigan ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor va texnik xomashyosini yig‘ish hamda tayyorlash, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni oziq-ovqat maqsadlari uchun yig‘ish va tayyorlash mavjud o‘simlik resurslarining tamom bo‘lib qolishiga va o‘rmon xo‘jaligiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan vositalar va usullar bilan amalga oshiriladi.
26. Davlat o‘rmon fondining uchastkalari o‘rmondan foydalanuvchilarga asalari uyalari va qutilarini joylashtirish hamda daraxt va butalarni kesmagan holda o‘tin va shox-shabbalarni yig‘ish uchun davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan ichki ishlar organlari va chegara qo‘shinlari bo‘linmalari bilan kelishilgan holda beriladi.
27. Chegara zonasidagi davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘rmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyojlari uchun foydalanish davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tomonidan ichki ishlar organlari va chegara qo‘shinlari bo‘linmalari bilan kelishilgan holda beriladigan yo‘llanma va hayvonlarni tutish varaqalari asosida amalga oshiriladi. Chegara mintaqasida esa bunday foydalanish taqiqlanadi.
28. Chegara zonasida o‘rmon fondi uchastkalaridan ilmiy-tadqiqot va o‘quv-tajriba maqsadlarida foydalanish cheklovlarsiz, chegara mintaqasida esa — chegara qo‘shinlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va chegara qo‘shinlari bo‘linmalari bilan kelishgan holda, davlat o‘rmon fondi uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslarga madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va estetik maqsadlarda, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanishga berishi mumkin.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
30. O‘rmondan foydalanuvchilar o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligiga rioya etishlari, daraxtlar va butalarni sindirishga, kesishga, o‘rmon ekinlariga zarar yetkazishga, o‘rmonlarning maishiy va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishiga, chumoli inlari, qush uyalarining yo‘q qilinishi va buzilishiga yo‘l quymasliklari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa talablarni bajarishlari shart.
31. Davlat o‘rmon fondi uchastkalarida o‘rmondan foydalanish faqat kunning yorug‘ vaqtlarida amalga oshiriladi, tunda chegara mintaqalarida qolishga yo‘l qo‘yilmaydi.
32. O‘rmon resurslaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashda chegara qo‘shinlariga o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashadilar.
33. O‘rmondan foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:
foydalanish zarurati qolmaganda yoki undan voz kechilganda;
foydalanishning belgilangan muddati o‘tganda;
o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganda;
o‘rmondan maxsus foydalanish huquqi berilgan jismoniy shaxs vafot etganda yoki uning faoliyati tugatilganda yoxud yuridik shaxs tugatilganda.
4-bob. Yakunlovchi qoida
34. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 77-moddasi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-sentabrdagi 717-son qaroriga
2-ILOVA
Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining harbiylashgan tuzilmalar bilan o‘zaro hamkorlik tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari (chegara qo‘shinlari deb ataladi), O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi bo‘linmalari (kelgusida — harbiylashgan tuzilmalar deb ataladi) bilan o‘zaro hamkorlik tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
chegara zonasi — O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasiga tutash hududning bir qismi bo‘lib, uning doirasida chegara rejimi joriy etiladi. Chegara zonasi Davlat chegarasiga tutash tuman, shahar, posyolka, qishloq, ovul hududi doirasida belgilanadi;
chegara mintaqasi — Chegara zonasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi chizig‘iga bevosita tutash qismidir. Chegara mintaqasi Davlat chegarasi bo‘ylab, uning quruqlik uchastkalarida yoki chegara daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari qirg‘og‘i bo‘ylab belgilanadi;
davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari — O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, uning hududiy organlari va quyi tashkilotlari;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari — O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tashkilotlar, shu jumladan milliy tabiat bog‘lari, davlat o‘rmon xo‘jaliklari, davlat o‘rmon-ov xo‘jaliklari, dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha davlat o‘rmon xo‘jaliklari, ilmiy-tajriba stansiyalari va boshqa tashkilotlar;
(2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-iyundagi 515-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/515/3318-son)
o‘rmon qo‘riqchiligi inspektori (keyingi o‘rinlarda — inspektor deb ataladi) — davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining o‘rmon qo‘riqchiligini amalga oshiruvchi va tarkibi qonun hujjatlarida belgilanadigan mansabdor shaxslari.
2-bob. O‘zaro hamkorlik tartibi
3. Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari harbiylashtirilgan tuzilmalar bilan quyidagi shakllarda o‘zaro hamkorlik qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlashga, shu jumladan samarali tezkor-qidiruvni faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashish;
chegara rejim-qo‘riqlash tadbirlarini, shu jumladan reydlar o‘tkazish;
o‘rmon fondi hududida huquqbuzarliklar sodir etilgani belgilari va faktlari to‘g‘risida chegara qo‘shinlarini, ichki ishlar organlarini xabardor qilish;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllarda.
4. Chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan o‘rmon xo‘jaligi quyi tashkilotlarining xodimlari quyidagi holatlar aniqlangan taqdirda, chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilariga darhol axborot beradilar:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga tayyorgarlik va uni buzish belgilari va faktlari;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali kuchli ta’sir qiluvchi, zaharli, zaharlovchi, radioaktiv, portlovchi buyumlar, portlovchi qurilmalar, qurol-yarog‘, qurol va o‘q-dorilar, narkotik yoki psixotrop moddalar, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni targ‘ib qiluvchi materiallar kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tish va tayyorlanishi faktlari;
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
insonlarni yo‘q qilish, ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazish, davlat mulkiga zarar yetkazish hamda xavfsizligiga tahdid qilishga qaratilgan harakatlar;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasining chegara zonasida bo‘lish qoidalarini buzishi;
narkotik vositalar yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadida noqonuniy tayyorlash, sotib olish, saqlash va boshqa harakatlar, ya’ni sotish holatlari.
5. Chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari harbiylashgan tuzilmalar bilan hamkorlikda:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash va O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasida belgilangan rejimga rioya etilishini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan tadbirlarda;
O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini buzgan shaxslarni qidirish va chegara rejimini buzgan shaxslarni qo‘lga olishda;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining chizig‘ida o‘rnatilgan muhandislik-texnik qurilmalarga zarar yetkazish va o‘g‘irlashga aloqador shaxslarni aniqlashda;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlashni ta’minlash maqsadida, chegara hududlari bo‘ylab o‘tgan ma’lum yo‘nalish va marshrutlar bo‘yicha joylarni rekognossirovka qilishda yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida;
O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasida noqonuniy faoliyatga aloqador shaxslarni, belgilangan qoidalarni chetlab o‘tgan holda olib qirilgan tovar-moddiy boyliklar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa tovarlar saqlanayotgan binolarni va joylarni aniqlashda qatnashadilar.
6. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va chegara qo‘shinlari tomonidan har yil yakunida chegara zonasi va chegara mintaqasida joylashgan o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari hududlarida o‘tkaziladigan aniq tadbirlar, ularni o‘tkazish maqsadlari, vaqtlari va joylarini, mas’ul ijrochilarni va boshqalarni ko‘rsatgan holda, keyingi yil uchun qo‘shma chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Qo‘shma chora-tadbirlar dasturiga asosan, o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkilotlari tomonidan tegishli rejalar ishlab chiqiladi.
7. O‘rmon xo‘jaligining quyi tashkiloti rahbari tomonidan tasdiqlangan va harbiylashgan tuzilmalar bilan kelishilgan reja asosida inspektorlar muntazam ravishda chegara zonasi va chegara mintaqasidagi o‘rmon xo‘jaligi hududini aylanib chiqadi va reyd o‘tkazadi.
Reyd muddatlari, hududni aylanish rejasi, guruh tarkibi, reyd maqsadi, to‘xtash joylari, aloqani, shu jumladan chegara naryadlari bilan amalga oshirish tartibi, xizmat quroli rusumi va raqami chegara qo‘shinlari qo‘shilmalari boshlig‘i bilan reyd boshlanishidan kamida eng kech 2 soat (sutka) oldin kelishib olinadi.
8. Guruh yaxshi tayyorlangan inspektorlardan tashkil etiladi va reyd o‘tkazishga mas’ul katta inspektor tayinlanadi.
9. Guruh tarkibiga holat bilan tanishish va inspektorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish uchun harbiylashgan tuzilmaning tezkor xodimi ham kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Inspektorlar xizmat quroli va o‘q-dorilar, zarur jihozlar, aloqa vositalari (ratsiya, navigatsiya vositalari), durbinlar, tungi ko‘rish pribori, kerakli kiyim, xarita va oziq-ovqat, transport, shu jumladan ot-ulov transporti bilan ta’minlanishi lozim. Inspektorlar faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urta qilinishi kerak.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
11. Reydga chiqishda inspektorlar mavjud tezkor axborotlar bilan tanishishi, joydagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining o‘tgan chizig‘ini bilishi, topshiriq olishi va rejalashtirilgan yo‘nalish bilan xarita orqali tanishishi kerak. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilganidan keyin inspektorlar olingan tezkor ma’lumotni oshkor etmaslik to‘g‘risida maxsus jurnalga imzo qo‘yadi. Guruhga rejalashtirilgan yo‘nalishdan chetga chiqish taqiqlanadi, hududda noma’lum shaxslar aniqlangan holatlar bundan mustasno va bu haqida darhol chegara qo‘shinlari bo‘linmasi komandiriga axborot beriladi.
12. O‘rmon xo‘jaligining quyi tashkiloti rahbari guruhni reydga jo‘natish uchun mas’ul hisoblanadi va u tegishli jihozlar mavjudligini tekshirib jurnalga belgi qo‘yadi.
13. Inspektorlar reydda bo‘lgan vaqtda juda e’tiborli bo‘lishi, yo‘nalishdagi mavjud g‘orlar, teshiklar, yer osti yo‘llari va boshqalarni diqqat bilan o‘rganishi va ko‘zdan kechirishi, odam izlari va vaziyat o‘zgartirilganligini qayd qilishi kerak.
14. Notanish shaxslar aniqlangan taqdirda, ularning yo‘nalishlari, soni, mavjud narsalarini bildirmagan holda aniqlash lozim. Kuzatilayotgan guruhning soni oz bo‘lgan taqdirda (reyd guruhidan kam) ularni qo‘lga olish va chegara qo‘shinlariga topshirish mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Ko‘p sonli guruh yoki odam izlari ko‘pligi aniqlangan taqdirda, chegara qo‘shinlari komandiriga, shuningdek, harbiylashgan tuzilmalarga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga ratsiya orqali (yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri) xabar berilishi zarur.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
16. O‘rmon qonunchiligi buzilishi aniqlangan taqdirda, inspektorlar ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirishi, tushuntirish xatlari va huquqbuzarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatdan nusxa olishlari kerak.
17. O‘tkazilgan reyd yakunlari o‘rmon xo‘jaligining quyi tashkiloti rahbari tomonidan chegara qo‘shinlari qo‘shilmalari komandiriga yetkaziladi, tezkor axborot mavjud bo‘lganda esa — darhol og‘zaki ravishda, keyinchalik yozma ravishda yetkaziladi. O‘rmonga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi hujjatlar ish yuritishni davom ettirish va zararni undirish uchun taqdim etiladi.
18. Joydagi chegaradosh hududlarni tekshirish natijasida harbiylashgan tuzilmalarga odam izlari aniqlanganligi yoki ularning faoliyati natijalari, joy xususiyati o‘zgarganligi to‘g‘risida tegishli axborot, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash masalasiga doir boshqa ma’lumotlar taqdim etiladi.
19. Egasi noma’lum qurol va (yoki) o‘q-dorilar topib olingan, shuningdek, brakonyerlardan qurol va (yoki) o‘q-dorilar olib qo‘yilganda, ular ichki ishlar organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risida”gi Qonuni.
20. Davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining xodimi chegara qo‘shinlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlashni ta’minlashda ko‘maklashish vaqtida halok bo‘lganda, shuningdek, og‘ir tan jarohatlari olgan taqdirda,uning oilasiga qonun hujjatlariga muvofiq bir martalik to‘lanadigan pulli nafaqa va boshqa to‘lovlar to‘lanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-sonli “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa va moddiy yordamlarni tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash va ushbu sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali davlat xizmati sifatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarori.
3-bob. Yakunlovchi qoida
21. Ushbu Nizomga rioya etmaslik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 77-moddasi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-sentabrdagi 717-son qaroriga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimcha
1. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 10-martdagi 53-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT to‘plami, 2015y., 3-son, 15-modda) bilan tasdiqlangan turistlarning alohida rejim o‘rnatilgan obyektlar va joylarga kirishi (o‘tishi), vaqtincha bo‘lishi va harakatlanishi tartibi to‘g‘risidagi nizom 9-bandining birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9.Alohida hududga kirish (o‘tish), vaqtincha bo‘lish va harakatlanishga ruxsat berish to‘g‘risida ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakldagi ariza (keyingi o‘rinlarda — ariza ataladi), ichki ishlar organlariga tur boshlanishidan 5 ish kun avval ikki nusxada topshiriladi. Ariza elektron shaklda berilishi mumkin”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-oktabrdagi 700-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2024-y., 09/24/700/0850-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2018-y., 09/18/717/1869-son, 20.06.2019-y., 09/19/515/3318-son; 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2024-y., 09/24/700/0850-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)