O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan faoliyatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tasarrufiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti esa O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasarrufiga (keyingi o‘rinlarda institutlar deb yuritiladi) o‘tkazilsin.
Belgilansinki, institutlar o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti va Ijtimoiy tadqiqotlar institutining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni o‘tkazishda institutlar faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, shu jumladan ularning shtatlar sonini ikki baravardan kam bo‘lmagan miqdorga qisqartirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining “O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi” jurnali tahririyati” DUKni tugatish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2018-yil 1-mayga qadar muddatda Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Ya. G‘ulomov ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan binodan kelgusida foydalanishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri B.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-fevral,
PQ-3534-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-fevraldagi PQ-3534 qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
o‘zgartish va qo‘shimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-maydagi PQ-3752-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-maydagi PQ-3752-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Moliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qaroriga 1-ilova (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tashkiliy tuzilmasi) quyidagi tahrirdagi blok bilan to‘ldirilsin:

Ijtimoiy tadqiqotlar instituti

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 28-apreldagi PQ-2934-son qaroriga 1-ilovada (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining tashkiliy tuzilmasi):

“O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi” jurnali tahririyati” DUK

bloki chiqarib tashlansin;
quyidagi tahrirdagi blok bilan to‘ldirilsin:

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018-yil 17-yanvardagi PQ-3479-son qaroriga 3-ilovadan (2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga import qilishda bojxona to‘lovlari to‘lash bo‘yicha imtiyoz beriladigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) mahsulot, xom ashyo va materiallar turlarining ro‘yxati) 4-qator chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2018-y., 07/18/3534/0704-son)