|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.12.2021
|
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
Qarori
Bolalarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga (maktab, maktab-internatlarga) yuborish bo‘yicha psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 24-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2519]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 2-dekabrdagi 21-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3340, 03.12.2021-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda), “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda), “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 1-2-son, 1-modda) qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentabrdagi 256-sonli “Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 37-son, 380-modda) muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qaror qiladi:
1. Bolalarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga (maktab, maktab internatlarga) yuborish bo‘yicha psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Xalq ta’limi vaziri U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-sentabr,
38-son
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-sentabr,
25-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-sentabr,
72 q/q-son
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2013-yil 25-sentabrdagi 38, 25, 72q/q-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bolalarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga (maktab, maktab-internatlarga) yuborish bo‘yicha psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda), “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda), “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 1-2-son, 1-modda) qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-sentabrdagi 256-son “Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 37-son, 380-modda) muvofiq, bolalarni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan muassasalarga (maktab, maktab-internatlarga) (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari deb yuritiladi) yuborish bo‘yicha psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalarni (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi, shuningdek jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni ularning psixofizik imkoniyatlariga mos ravishda ta’lim olishlarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Komissiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi (bundan buyon matnda xalq ta’limi boshqarmasi deb yuritiladi) tomonidan ularning huzurida tashkil etiladi. Komissiyalar o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi.
2. Komissiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga, shu jumladan mazkur Nizomga amal qiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
3. Komissiya o‘z faoliyatini qarorlar qabul qilishda xolislik, ochiqlik, oshkoralik va kollegiallik prinsiplariga asoslangan holda olib boradi.
4. Komissiya faoliyatini muvofiqlashtirish xalq ta’limi boshqarmalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi (bundan buyon matnda sog‘liqni saqlash boshqarmasi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
5. Komissiya o‘z faoliyatini amalga oshirishda xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari, shuningdek bolalarni ijtimoiy himoya qilish uchun vakolatli tashkilotlar, shu jumladan jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
II bob. Komissiyaning maqsad va vazifalari
6. Komissiyaning maqsadi 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsonlari mavjud bolalarni aniqlash va ularni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga (5–7 yoshdagi bolalarni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari huzuridagi tayyorlov guruhlariga) yuborish uchun xulosa berishdan iborat.
7. Komissiya quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshiradi:
bolalarni ularning jismoniy yoki psixik rivojlanishidagi nuqsonlarni aniqlash uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazadi;
bolalarni ko‘rikdan o‘tkazishda ular bilan bevosita muloqot qiladi va ulardagi nuqsonlarni tasdiqlovchi hujjatlarni o‘rganadi;
bolaning jismoniy yoki psixik rivojlanishidagi nuqsonlari haqida yashash joyidagi shifoxona shifokorlari tomonidan qo‘yilgan tashxisning ishonchliligini o‘rganadi;
bolalarning rivojlanishidagi nuqsonlarni kompleks ravishda tekshirish natijalari asosida ularning imkoniyatlarini aniqlaydi;
bolaning jismoniy yoki psixik rivojlanishidagi nuqsoniga qo‘yilgan tashxis o‘z tasdig‘ini topsa, ularni tegishli ixtisoslashtirilgan muassasalarga yuborish uchun xulosa beradi;
bolalarni bir ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasidan boshqa ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga yoki inklyuziv (uyg‘unlashgan) sharoitda ta’lim olishi uchun umumta’lim muassasasiga o‘tkazish yuzasidan xulosa beradi;
bolalarni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli muassasasiga o‘tkazish yuzasidan xulosa beradi;
jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlaydigan pedagog, psixolog, tibbiy xodimlar hamda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga zarur maslahatlar beradi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
(7-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
III bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
8. Komissiya har yili may oyining 20-sanasiga qadar tegishli xalq ta’limi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalarining qo‘shma qaroriga asosan, rais, rais o‘rinbosari, a’zolar va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.
9. Komissiyaning tarkibi, qoida tariqasida, toq sonda kamida 7 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Komissiya tarkibiga oliy psixologik, tibbiy, pedagogik ma’lumotga hamda 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan yuqori malakali psixolog, pedagog-defektolog (oligofrenopedagog, surdopedagog, tiflopedagog, logoped), psixonevrolog, nevropatolog, ortoped, otorinolaringolog, okulist, pediatr shifokorlar kiritiladi. Bunda tegishli yil uchun Komissiya tarkibiga kiritilgan mutaxassis kelgusi ikki yil mobaynida Komissiya tarkibiga a’zo sifatida kiritilishi mumkin emas, rais, rais o‘rinbosari va kotib bundan mustasno.
10. Komissiya raisi etib xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari, Komissiya raisining o‘rinbosari etib sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari tayinlanadi.
11. Xalq ta’limi boshqarmasining Umumiy o‘rta, maktabgacha ta’lim va darsliklar bo‘limining ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari bo‘yicha mas’ul mutaxassisi Komissiya kotibi hisoblanadi.
12. Komissiya raisi:
Komissiya ishini tashkil etadi;
Komissiyaning ish rejasini tasdiqlaydi;
Komissiya yig‘ilishi o‘tkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilaydi;
Komissiya a’zolari tomonidan Komissiyaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini nazorat qiladi.
13. Komissiya raisi mehnat ta’tili, kasallik va boshqa sabablarga ko‘ra bo‘lmagan hollarda uning vazifalarini bajarish Komissiya raisining o‘rinbosariga yuklatiladi.
14. Komissiya faoliyati uchun zarur bo‘lgan xona, jihozlar, didaktik va o‘quv-metodik materiallar xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ta’minlanadi.
15. Komissiya yig‘ilishi rais tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan o‘tkaziladi. Bunda Komissiya yig‘ilishlari ish hajmini inobatga olgan holda iyun oyining birinchi ish kunidan oktyabr oyining oxirgi ish kuniga qadar har haftada kamida bir marotaba, shundan keyin kelgusi yil uchun tashkil etiladigan Komissiya o‘z faoliyatini boshlaguniga qadar har oyda kamida bir marotaba o‘tkaziladi.
16. Komissiya a’zolari Komissiya yig‘ilishi o‘tkaziladigan kun yoki Komissiya yig‘ilishini o‘tkazish zarurati yo‘qligi haqida Komissiya kotibi tomonidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi.
17. Komissiyaning barcha a’zolari Komissiya yig‘ilishida ishtirok etishlari shart.
18. Komissiya yig‘ilishida Komissiya a’zolarining xulosalari asosida qaror qabul qilinadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bolani ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga yuborish bo‘yicha xulosa qabul qilingan taqdirda, unda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga yuborilayotgan bola bilan olib boriladigan ta’lim-tarbiyaviy va davolash-tuzatish ishlari bo‘yicha tavsiyalar ham ko‘rsatilishi lozim.
Bayonnoma Komissiyaning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi.
19. Komissiya kotibi tomonidan Komissiyaning ish faoliyatiga doir quyidagi hujjatlar yuritiladi:
Komissiyaga kelib tushgan arizalarni qayd qilish daftari;
Komissiya yig‘ilishi bayonnomalarini qayd qilish daftari va bayonnomalarning nusxalari.
IV bob. Komissiya tomonidan hujjatlarni ko‘rib chiqish
20. Komissiya xulosasini olish uchun bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) ariza;
b) bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasining nusxasi;
v) bolaning ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatlar;
g) bolaning o‘qish joyidan ta’limning muddati, o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda ko‘mak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan ma’lumotnoma va tavsifnoma;
d) bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh vrachi tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan mufassal ko‘chirma:
bolaning umumiy rivojlanishi holati to‘g‘risida pediatrning xulosasi;
psixonevrologning tibbiy tashxisi va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi;
otorinolaringologning quloq, tomoq, burun va talaffuz artikulatsiyasida ishtirok etuvchi organlarning holatiga tavsifi (eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun nutq va shivirlab aytilgan so‘zlarni idrok etish holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, audiogramma ma’lumotlari);
oftalmologning ko‘rish organiga tavsifi (ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun batafsil tashxisi);
ortoped vrachning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun);
e) yashash joyidan ma’lumotnoma va tavsifnoma.
21. Ta’lim muassasalarida o‘qimagan bolalar uchun mazkur Nizomning 20-bandi “v” va “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilmaydi.
22. Mazkur Nizomning 20-bandida ko‘rsatilgan hujjatlari taqdim etilgan bola Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida tekshiruvdan o‘tkaziladi.
23. Bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bola tekshiruvdan o‘tkaziladigan kun haqida Komissiya kotibi tomonidan xabardor qilinadi.
24. Tekshiruvga olib kelingan bolalar Komissiya tomonidan ularning individual xususiyatlari, yoshi, jinsi, jismoniy va psixik holatini hisobga olgan holda kompleks tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.
25. Bolalar psixologik-tibbiy-pedagogik ko‘rsatmalarga muvofiq ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ishtirokida Komissiyaning har bir a’zosi yoki bir vaqtning o‘zida bir nechta a’zolari tomonidan tekshiruvdan o‘tkaziladi.
26. Komissiya a’zolari tomonidan bolalarni ko‘rikdan o‘tkazish, ular bilan bevosita muloqot qilish va ulardagi nuqsonlarni tasdiqlovchi hujjatlarni o‘rganish natijasida ularning jismoniy yoki psixik nuqsoniga qo‘yilgan tashxis o‘z tasdig‘ini topsa, ularni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga yuborish yuzasidan xulosa beriladi.
27. Komissiya xulosasi bolaning ta’lim olishi uchun maxsus sharoitlarga ega bo‘lish huquqini ta’minlovchi hujjat hisoblanadi.
28. Tekshiruvdan o‘tkazilgan bola yuzasidan Komissiya yig‘ilishi bayonnomasi ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga besh kun ichida berilishi shart.
29. Komissiya tomonidan berilgan xulosa va tavsiyalarning asosliligi uchun Komissiya raisi va a’zolari javobgar hisoblanadi.
V bob. Yakuniy qoidalar
30. Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga yuborish xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan Komissiyaning xulosasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslarning roziligi bilan amalga oshiriladi.
31. Komissiya faoliyati ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
32. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 43-son, 576-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)