Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyundagi 493-sonli “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qurilish sohasida ruxsatnomalar berishda yer uchastkalarini berish hamda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnomalar berish tartibotlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatish yoʻli bilan soddalashtirish, shuningdek ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda davlat organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot tizimining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot tizimining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizom Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahri va viloyat markazi boʻlgan shaharlar uchun 2014-yil 1-iyuldan, boshqa shaharlar va tumanlar uchun esa 2015-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi 2014-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasini shakllantirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini saqlash xarajatlari doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarida, tumanlar (shaharlar) arxitektura va qurilish boʻlimlarida (boshqarmalarida) yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda axborot tizimi deb ataladi) samarali faoliyat koʻrsatishi uchun tegishli kompyuter asbob-uskunalari sotib olishga zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi 2014-yil 1-aprelgacha axborot tizimi loyihasi ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 31-son, 781-modda)
6. Vazirliklar va idoralar ikki oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 4-iyun,
154-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-iyundagi 154-son qaroriga
1-ILOVA
Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot tizimining faoliyati tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish, shuningdek obyektlarni qurishga ruxsatnomalar berish tartibini tubdan soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 25-fevraldagi 54-son qaroriga muvofiq yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishning axborot tizimi faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
elektron hujjat — elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hamda elektron hujjatning uni identifikatsiyalash imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan axborot;
elektron hujjatni joʻnatuvchilar — qurilish uchun ruxsatnomalar berish toʻgʻrisida ariza bergan yuridik va jismoniy shaxslar, yer uchastkalarini tanlash materiallarini vakolatli organlar bilan kelishib oladigan tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimlari (boshqarmalari), Oʻzbekiston Respublikasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar)dagi filiali (keyingi oʻrinlarda filiallar deb ataladi), shuningdek obyektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini (keyingi oʻrinlarda qurilish loyihasi deb ataladi) ishlab chiquvchi va ushbu hujjatlarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishuvchi loyiha tashkilotlari;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
elektron hujjatni oluvchilar — yer uchastkalarini tanlash materiallarini va qurilish loyihasini kelishuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek qurilish sohasida ruxsat berish tusidagi hujjatlarni berish funksiyasi zimmasiga yuklangan organlar;
elektron raqamli imzo — elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus oʻzgartirishlar natijasida olingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiyalash imkonini beradigan imzo.
3. Elektron hujjatni joʻnatuvchilar yer uchastkalarini tanlash materiallarini vakolatli tashkilotlar bilan kelishishni, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berishni rasmiylashtirishni belgilangan tartibda, qogʻozli hujjatlar yordamida yoki mazkur Nizomga muvofiq, telekommunikatsiya vositalari orqali elektron hujjat tarzida amalga oshirishlari mumkin.
Aholi punktlarida va aholi punktlaridan tashqarida yer uchastkasi ajratishda yer uchastkasini tanlash materiallarini elektron tizimni qoʻllagan holda vakolatli tashkilotlar bilan kelishish sxemalari ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarda keltirilgan.
II. Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish tartibotlarini amalga oshirishda axborot tizimidan foydalanish tartibi
4. Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish uchun tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimlari (boshqarmalari), Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi hamda filiallar arizani (xatni) elektron hujjat tarzida telekommunikatsiya kanallari orqali joʻnatish huquqiga ega.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimlari (boshqarmalari), Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi hamda filiallar tomonidan yer uchastkalarini tanlash materiallari elektron hujjat shaklda quyidagi tarkibda tayyorlanadi:
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-avgustdagi 679-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 931-modda)
koʻrib chiqilayotgan yer uchastkasini joylashtirish rejasi (tegishli aholi punktining 1:2000 masshtabli navbatchi rejasidan (mavjud boʻlganda) yoki koʻrib chiqilayotgan hududning vaziyat rejasi aks ettirilgan 1:10000 masshtabli qishloq xoʻjaligi xaritasidan nusxa);
obyektning arxitektura-rejalashtirish nuqtai nazaridan baholash imkonini beradigan erkin masshtabdagi fasadlari eskizi va bosh rejasi (elektron varianti yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan yer uchastkasini tanlash va ajratish materiallarini tayyorlash yuzasidan shartnoma tuzilayotganda taqdim etiladi), aholi punktlaridan tashqarida yoki ikki va undan koʻp tumanlar (shaharlar) yoki viloyatlar hududidagi yer uchastkalarida quriladigan obyektlar bundan mustasno;
yer uchastkasining kamida ikki tomondan oʻrab turgan obyektlar bilan bogʻliq holdagi (15 x 20 sm oʻlchamli) fotosurati.
5. Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimlari (boshqarmalari), Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi hamda xoʻjalik hisobidagi korxonalar “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining yoki “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tegishli rasmiy veb-saytlari orqali elektron hujjatni kelishish uchun quyidagi elektron hujjat oluvchilarga joʻnatadi:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
tuman (shahar) hokimiga;
tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimiga yoki tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimiga (boshqarmasiga);
yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishidan oldin, atrof muhitga taʼsiri toʻgʻrisidagi ariza loyihasini ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida davlat ekologik ekspertizasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2001-yil 31-dekabrdagi 491-son qarorida nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha davlat ekologiya ekspertizasi xulosasini olish sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy organiga;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
tuman (shahar) sanitariya - epidemiologiya xizmatiga;
davlat yongʻin nazorati hududiy organiga;
madaniy meros yodgorliklarini qoʻriqlash zonasida obyekt qurish uchun yer uchastkasi tanlashda — madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish hududiy inspeksiyasiga;
qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar, magistral quvurlar, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalarining qoʻriqlanadigan, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek aerodromlar hamda chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni koʻmish joylari yaqinida yer uchastkalarini tanlashda — tegishli rejimli hududlar va inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlarga;
ulardan yer uchastkalari olinayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga (yuridik shaxslarning yuqori boshqaruv organlari mavjud boʻlgan taqdirda yer uchastkasini joylashtirish rejasi yuqori organlar bilan kelishiladi);
yer uchastkasi qishloq xoʻjaligi yerlaridan ajratilgan holatlarda — qishloq va suv xoʻjaligi organlariga;
yer uchastkasi avtomobillarning toʻxtab turish joylari va yoʻl harakati xavfsizligiga taʼsir koʻrsatadigan boshqa obyektlar uchun ajratilgan holatlarda — davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining hududiy organlariga.
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimlari (boshqarmalari) hamda davlat korxonalari tuman (shahar) vakolatli tashkilotlari bilan kelishish tugallangandan keyin elektron hujjatni tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga hamda viloyatlar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga joʻnatadilar.
(5-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
6. Elektron hujjatni oluvchi tomonidan koʻrsatilgan manzil boʻyicha elektron hujjat kelib tushgan vaqt axborot tizimi orqali elektron hujjat olingan vaqt deb hisoblanadi. Ushbu vaqtdan boshlab uch kungacha boʻlgan muddatda elektron hujjatni oluvchi elektron hujjatni joʻnatuvchiga taqdim etilgan hujjatlar kelishilganligi toʻgʻrisida maʼlumot joʻnatadi.
7. Murakkablikning (xavflilikning) II va III toifasidagi obyektlarni qurish nazarda tutilayotgan hollarda yer uchastkasini tanlash hujjatlarini vakolatli organlar bilan kelishish muddati ikki kungacha uzaytirilishi mumkin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 23-maydagi 166-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 21-son, 233-modda)
8. Keyingi bosqichda Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, viloyatlar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari tomonidan elektron hujjat toʻrt kun mobaynida personal kabinetlar orqali belgilangan tartibda kelishish uchun tegishli ravishda “OʻzshaharsozlikLITI” DUK, “ToshkentboshplanLITI” DUK va “Qishloqqurilishloyiha” MChJ loyiha-tadqiqot tashkilotlariga joʻnatiladi.
Hujjatlar “OʻzshaharsozlikLITI” DUK, “ToshkentboshplanLITI” DUK va “Qishloqqurilishloyiha” MChJ loyiha-tadqiqot tashkilotlari tomonidan yetti kun mobaynida koʻrib chiqiladi va ular kelishilganlik toʻgʻrisida qaror chiqaradi yoki kelishuv toʻgʻrisida asoslangan rad javobi berishadi.
9. Elektron hujjatni oluvchi elektron hujjatni olgandan keyin:
elektron hujjatlar olinganligi haqida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan tasdiqnomani yuboradi;
elektron hujjatni joʻnatuvchi tomonidan taqdim etilgan elektron hujjatlarning toʻliqligini va toʻgʻri rasmiylashtirilganligini tekshiradi;
obyekt qurilishi uchun yer uchastkalari tanlash hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan kelishadi (imzolaydi).
III. Qurilish loyihasini kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berishni amalga oshirishning axborot tizimidan foydalanish tartibi
10. Qurilish loyihasini kelishish uchun loyihalash tashkiloti jismoniy yoki yuridik shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, “bir oyna” tamoyiliga muvofiq personal kabinet orqali qurilish loyihasi arxitektura qismining elektron variantini Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, tegishli viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashi (keyingi oʻrinlarda arxitektura-shaharsozlik kengashi deb ataladi) bilan kelishish uchun yuboradi.
Obyektlar qurilishini loyihalashtirish, qurilishga ruxsatnomalar berish va ularni foydalanishga qabul qilishda axborot tizimini qoʻllagan holda qurilish loyihasini kelishish, shuningdek qurilishga ruxsatnomalar berish sxemasi ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi qurilish loyihasini arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishish uchun yetti kun mobaynida quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
elektron hujjatlarning olinganligi toʻgʻrisidagi elektron raqamli imzo qoʻyilgan tasdiqnomani loyiha tashkilotiga yuboradi;
qabul qilingan elektron hujjatlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining elektron arxivida saqlaydi;
loyiha tashkiloti taqdim etgan elektron hujjatlarning toʻliqligini va toʻgʻri rasmiylashtirilganligini tekshiradi;
arxitektura-shaharsozlik kengashi oʻtkaziladigan sana va vaqt toʻgʻrisidagi bildirishnomani unda loyiha tashkilotining vakolatli vakili qatnashishi uchun loyiha tashkilotiga yuboradi;
qurilish loyihasi kelishilgan taqdirda loyiha tashkilotiga arxitektura-shaharsozlik kengashi majlisining elektron tarzdagi tegishli protokolini yuboradi.
12. Yuridik va jismoniy shaxslar qurilish uchun ruxsat olish, yaʼni qurilish obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun oʻz xohishiga koʻra hujjatlarni telekommunikatsiya kanallari orqali elektron shaklda taqdim etish huquqiga ega.
13. Yuridik va jismoniy shaxslar qurilish obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi rasmiy veb-saytining yuridik va jismoniy shaxslar uchun personal kabineti orqali quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:
a) loyiha hujjatlari boʻyicha ekspertiza organlarining ijobiy yigʻma ekspert xulosasi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq qurilayotgan obyektlar uchun — loyihaning tasdiqlanayotgan bosqichi yuzasidan ekspertiza organlarining ijobiy yigʻma ekspert xulosasi;
v) obyektni loyihalash bilan bir vaqtning oʻzida qurishda — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni bilan kelishgan holda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori;
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
e) arxitektura va qurilish organlari bilan kelishilgan obyekt rejasi va fasadining eskizi yoki uzun obyektlar uchun — trassaning bosh rejasi (sxemasi);
j) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti va davlat budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan mukammal qurish va (yoki) mukammal taʼmirlash obyektlarining manzilli roʻyxati;
z) tanlov savdolari natijalari toʻgʻrisidagi protokol (mavjud boʻlsa);
i) xavfli ishlab chiqarish obyektlari boʻyicha — loyiha hujjatlarining sanoat xavfsizligi boʻyicha ekspertizasining ijobiy xulosasi;
k) qurilishni tanlov savdolari oʻtkazmasdan, moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirishda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining obyektlarni qurish yoki mukammal taʼmirlash masalasi boʻyicha qarori nusxasi.
131. Inspeksiya qurilish obyektlarini roʻyxatga olish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.
(131-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
14. Inspeksiya qurilish obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun quyidagilarni amalga oshiradi:
yuridik va jismoniy shaxslarga elektron hujjatlarni olganligi haqida elektron raqamli imzolangan tasdiqnomani yuboradi;
qabul qilingan elektron hujjatlarni inspeksiyaning elektron arxivida saqlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taqdim etilgan elektron hujjatlarning toʻliqligini va toʻgʻri rasmiylashtirilganligini tekshiradi.
15. Inspeksiya bir kun mobaynida obyektni bepul roʻyxatdan oʻtkazadi hamda yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish-montaj ishlarini bajarishga qurilishning butun muddati uchun ruxsatnoma beradi.
Qurilish-montaj ishlarini bajarish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga ruxsatnoma belgilangan namunada qogʻozli manbada yoki buyurtmachining xohishiga koʻra elektron tarzda beriladi.
16. Inspeksiya qurilish obyektini roʻyxatdan oʻtkazishni quyidagi asoslar boʻyicha rad etish huquqiga ega:
ushbu Nizomda nazarda tutilgan hujjatlar va materiallar reglament buzilgan yoki toʻliq boʻlmagan holda taqdim etilganda;
taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
taqdim etilgan hujjatlar va materiallarni koʻrib chiqish davomida qonunchilik normalari buzilishlari aniqlanganda.
Aniqlangan kamchiliklar yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bartaraf etilgandan keyin ular takroriy murojaat qilishgan taqdirda qurilish obyektini roʻyxatdan oʻtkazish bir ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
Qurilish obyektini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyurtmanomani takroriy koʻrib chiqishda ushbu obyektni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishning rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
17. Elektron hujjatlar elektron hujjat aylanishi ishtirokchilari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanadi.
18. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot tizimining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
1-ILOVA
Aholi punktlarida yer uchastkasi berishda axborot tizimlarini qoʻllagan holda yer uchastkasini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish
SXEMASI
(shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlmaganda*)
* Shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlganda (aholi punktining bosh rejasi, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yigʻini hududining arxitektura-rejalashtirish tashkiloti loyihasi, koʻrib chiqiladigan hududning batafsil joylashuvi loyihasi) yer uchastkasini tanlash materiallarini viloyatlar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari va bosh loyiha-qidiruv tashkilotlari bilan kelishish shart emas.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot tizimining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
2-ILOVA
Aholi punktlaridan tashqarida yer uchastkasini berishda axborot tizimlarini qoʻllagan holda yer uchastkasini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish
SXEMASI
(shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlmaganda*)
* Shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlganda (aholi punktining bosh rejasi, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yigʻini hududining arxitektura-rejalashtirish tashkiloti loyihasi, koʻrib chiqiladigan hududning batafsil joylashuvi loyihasi) yer uchastkasini tanlash materiallarini viloyatlar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari va bosh loyiha-qidiruv tashkilotlari bilan kelishish shart emas.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot tizimining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
3-ILOVA
Obyektlar qurilishini loyihalashtirish, qurilishga ruxsatnomalar berish va ularni foydalanishga qabul qilishda axborot tizimini qoʻllagan holda qurilish loyihasini kelishish, shuningdek qurilishga ruxsatnomalar berish
SXEMASI
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-iyundagi 154-son qaroriga
2-ILOVA
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I.Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish, shuningdek obyektlarni qurishga ruxsatnomalar berish tartibini tubdan soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 25-fevraldagi 54-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi tizimiga kiruvchi tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimlari (boshqarmalari) huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhlarining (keyingi oʻrinlarda xoʻjalik hisobidagi guruh deb yuritiladi) maqomi, vazifalari, funksiyalari, vakolatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Xoʻjalik hisobidagi guruh oʻz faoliyatida oʻzining vakolatlari doirasida barcha masalalar boʻyicha tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimiga (boshqarmasiga) boʻysunadi.
3. Xoʻjalik hisobidagi guruh yuridik shaxs hisoblanmaydi va oʻz faoliyatini tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi tarkibida yuritadi. Xoʻjalik hisobidagi guruhning ishlab chiqarish faoliyati natijasidan olingan barcha daromad (pul mablagʻlari) tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimining hisob raqamiga tushadi va ushbu boʻlim (boshqarma) tasarrufida boʻladi.
4. Xoʻjalik hisobidagi guruh tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) xarajatlarini (budjetdan tashqari ehtiyojlarini) qoplash, shu jumladan tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) boshligʻi — tuman (shahar) bosh arxitektori ish haqining ustama qismini shakllantirish, shaharsozlik sohasidagi mutaxassislar uchun yangi qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish uchun tashkil etiladi.
II. Xoʻjalik hisobidagi guruhning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar xoʻjalik hisobidagi guruhning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimiga (boshqarmasiga) shaharsozlik sohasida yagona ilmiy-texnik siyosatni amalga oshirishda koʻmaklashish, tegishli maʼlumotlar bazasini yaratish;
tegishli hududni rivojlantirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda qatnashish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritish.
6. Quyidagilar belgilangan vazifalariga muvofiq xoʻjalik hisobidagi guruhning asosiy funksiyalari hisoblanadi:
faoliyat mintaqasi uchun shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
ajratilgan yer uchastkalarining chegaralarini naturaga koʻchirish, qurilish obyektlari va kommunikatsiya tarmoqlari joylashuvini qizil chiziqlarga muvofiq xaritaga tushirish bilan bogʻliq topografiya va geodeziya ishlarida, shuningdek muhandislik — geologiya ishlarini roʻyxatdan oʻtkazishda qatnashish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida aholi punktlari hududida yer uchastkalarini tanlash va ajratish hujjatlarini tayyorlash;
koʻchalarning, bino va inshootlarning arxitekturaviy koʻrinishini yaxshilash, atrofini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, badiiy-estetik jihatdan bezash, hududning kichik meʼmoriy shakllar va landshaft arxitekturasi boʻyicha loyiha takliflarini shartnoma asosida belgilangan tartibda tayyorlash;
yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida qonun hujjatlariga muvofiq litsenziya talab qilinmaydigan shaharsozlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshirish.
III. Xoʻjalik hisobidagi guruhning huquqlari va majburiyatlari
7. Xoʻjalik hisobidagi guruh oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) orqali quyidagi huquqlarga ega:
mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, yuridik va jismoniy shaxslardan oʻz vakolatlari doirasida zarur axborot va maʼlumotnoma materiallarini belgilangan tartibda soʻrash va olish;
buyurtmachidan buyurtmani bajarish uchun zaruriy hujjatlarni taqdim etishni, shuningdek bajarilgan ish uchun belgilangan tartibda toʻlovlarni amalga oshirishni talab etish.
8. Xoʻjalik hisobidagi guruh ushbu Nizomga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, zimmasiga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlashi shart.
IV. Xoʻjalik hisobidagi guruhni boshqarish
9. Xoʻjalik hisobidagi guruhga tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) boshligʻi — tuman (shahar) bosh arxitektori rahbarlik qiladi.
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) boshligʻi — tuman (shahar) bosh arxitektori oʻz lavozim vakolatlarini bajarishi mumkin boʻlmagan hollarda (mehnat taʼtilida, kasallik davrida, lavozim boʻsh boʻlganda) xoʻjalik hisobidagi guruhga guruh muhandisi vaqtincha rahbarlik qiladi.
10. Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) boshligʻi — tuman (shahar) bosh arxitektori:
tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) huzurida xoʻjalik hisobidagi guruh tashkil etilgandan soʻng banklarda tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi)ning hisob raqamlarini ochadi;
xoʻjalik hisobidagi guruh xodimlarining shtat jadvalini tuzadi, faoliyat turlari va alohida yoʻnalishlar boʻyicha xodimlarning javobgarligi darajasini belgilaydi, xoʻjalik hisobidagi guruh xodimlariga nisbatan ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralarini koʻradi;
xoʻjalik hisobidagi guruhning butun faoliyatiga rahbarlik qiladi va uning ishlarini tashkil etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi hamda viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi tomonidan har yili tasdiqlanadigan smeta doirasida xoʻjalik hisobidagi guruhning ishlab chiqarish faoliyati natijasida olingan daromadlarni tasarruf etadi.
V. Xoʻjalik hisobidagi guruh faoliyatini tashkil etish
11. Ishlab chiqarish faoliyati natijasida olingan daromad xoʻjalik hisobidagi guruhni har tomonlama rivojlantirish va ish haqi toʻlashni moliyalashtirish manbai hisoblanadi.
12. Xoʻjalik hisobidagi guruhning ishlab chiqarish faoliyati natijasida olingan daromadlardan:
xoʻjalik hisobidagi guruh hamda tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi boshligʻi — tuman (shahar) bosh arxitektori ish haqiga ustamani shakllantirish hamda xoʻjalik hisobidagi guruh xodimlariga ish haqi toʻlash;
xoʻjalik hisobidagi guruh hamda tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi faoliyatini rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash, zamonaviy texnika va asbob-uskunalar, arxitektura va shaharsozlikka oid adabiyotlar bilan taʼminlash;
tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi boshligʻi — tuman (shahar) bosh arxitektori va xoʻjalik hisobidagi guruh xodimlarining malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish va mukofotlash, shuningdek ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;
xoʻjalik hisobidagi guruh xodimlari uchun sogʻlomlashtirish, madaniy-ommaviy va bayram tadbirlarini oʻtkazish, uchrashuvlar va qabullar tashkil etish, tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimining faoliyati bilan bogʻliq tashriflar davomida boshqa tashkilotlar vakillari uchun ish hamda yashash sharoitlari yaratish, shuningdek boshqa ijtimoiy ehtiyojlar uchun foydalaniladi.
VI. Xoʻjalik hisobidagi guruh xodimlarining shtat jadvali
13. Xoʻjalik hisobidagi guruhning tashkiliy tuzilmasi va xodimlarining shtat jadvali tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi boshligʻi — tuman (shahar) bosh arxitektori tomonidan ishlab chiqiladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Davarixitektqurilish” qoʻmitasi raisi, viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhining namunaviy tuzilmasi ushbu Namunaviy nizomga ilovada keltirilgan.
14. Xoʻjalik hisobidagi guruh tarkibiga tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) boshligʻi — tuman (shahar) bosh arxitektori buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan xodimlar kiradi.
VII. Yakunlovchi qoidalar
15. Xoʻjalik hisobidagi guruhda mehnatni tashkil etish hamda ish haqi toʻlash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Xoʻjalik hisobidagi guruhning buxgalteriya hisobotlarini yuritish shartnoma asosida ishga qabul qilinadigan buxgalter tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhi toʻgʻrisida Namunaviy nizomga
ILOVA
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi) huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhi xodimlari sonini koʻpaytirishda xodimlarning cheklangan umumiy soni bajariladigan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 31-son, 781-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 23-son, 303-modda; 2014-y., 23-son, 269-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda; 2016-y., 21-son, 233-modda; 2017-y., 7-son, 89-modda, 31-son, 781-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)