|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2016
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYoSATINING
Qarori
Malakaviy imtihonlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 25-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2442]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016-yil 28-yanvardagi 220/2-sonli “Malakaviy imtihonlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2764, 17.02.2016-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Malakaviy imtihonlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2004-yil 25-martdagi 103/5-son “Nomzodlik imtihonlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1356, 2004-yil 18-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 20-son, 238-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-son “Nomzodlik imtihonlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1356-1, 2010-yil 13-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 14-15-son, 117-modda).
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais G. BAXADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 31-yanvar,
195/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Malakaviy imtihonlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq malakaviy imtihonlarni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Malakaviy imtihonlar fan doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar (bundan buyon matnda talabgorlar deb yuritiladi) tomonidan malakaviy imtihonlar oʻtkaziladigan tashkilotlarda (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) topshiriladi.
2. Talabgorlar uchun malakaviy imtihonlar Oʻzbekistonning eng yangi tarixi, chet tili va dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik fanlaridan, shuningdek mazkur Nizomning 4 va 6-bandlarida belgilangan boshqa fanlardan oʻtkaziladi.
Malakaviy imtihonlar yetakchi oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan buyon matnda OAK deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida topshiriladi.
3. Xorijiy fuqarolar uchun malakaviy imtihonlar faqat dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik fanidan oʻtkaziladi.
4. Talabgorlar tegishli fan sohalari boʻyicha qoʻshimcha ravishda quyidagi malakaviy imtihonlarni topshiradi:
ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalari boʻyicha — mustaqillik mafkurasi hamda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy negizlari va ilmiy asoslaridan;
aniq va tabiiy fanlar sohalari boʻyicha — Oʻzbekistonning eng yangi tarixi fani savollari tarkibida mustaqillik mafkurasi hamda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy negizlari va ilmiy asoslaridan;
aniq va tabiiy fanlar, tibbiyot, iqtisodiyot va pedagogika fanlari sohalari boʻyicha — matematik modellashtirish va matematik statistika asoslaridan;
iqtisodiyot fani sohasi boʻyicha — iqtisodiyot nazariyasidan;
pedagogika fani sohasi boʻyicha — umumiy pedagogika, pedagogika va taʼlim tarixidan.
5. Chet tili sifatida ingliz, fransuz yoki nemis tilidan malakaviy imtihon topshirilishi mumkin. Dissertatsiyani bajarish uchun boshqa chet tilini bilish talab qilinadigan hollarda, malakaviy imtihon OAK bilan kelishilgan holda mazkur tildan topshirilishi mumkin.
Chet tili sohalari boʻyicha filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar ikkinchi chet tili fanidan malakaviy imtihon topshiradilar.
6. Bakalavr darajasiga yoki oliy maʼlumotli mutaxassis diplomiga ega boʻlgan talabgorlar malakaviy imtihonlardan tashqari ushbu fan yoʻnalishining asosiy mazmuni hamda umummetodologik va nazariy muammolarini qamrab oladigan mutaxassislik boʻyicha qoʻshimcha imtihon topshirishlari shart. Qoʻshimcha imtihon talabgorning ixtisosligi boʻyicha magistratura mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasalarida topshiriladi.
II bob. Malakaviy imtihonlarni oʻtkazishni tashkil etish
7. Malakaviy imtihonlar tegishli fan sohalari boʻyicha oʻquv, ilmiy-tashkiliy tuzilmalari (kafedra, boʻlim, laboratoriya) mavjud boʻlgan OAK tomonidan belgilangan tashkilotlarda oʻtkaziladi.
8. Ixtisoslik fani boʻyicha malakaviy imtihonlar dissertatsiya himoyasi oʻtkaziladigan fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash faoliyat koʻrsatayotgan tashkilotlar huzuridagi komissiyalar tomonidan qabul qilinadi.
9. Ixtisoslik fani boʻyicha malakaviy imtihon:
talabgorning nazariy va kasbiy tayyorgarligi darajasi, uning ushbu fanning shakllanishi va rivojlanishi tarixi, umumiy konsepsiyalari va metodologiya masalalari, manbalari, shu bilimlar tarmogʻining asosiy nazariy va amaliy muammolarini qay darajada bilishini aniqlab berishi, uning sohaga oid ilmiy adabiyotlarni, jumladan xorijiy davriy nashrlarni hamda ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy usullarini qay darajada egallaganligini;
talabgor tegishli fan sohasi rivojining hozirgi ahvoli, muammolari va istiqbollarini, unda oʻtkazayotgan tadqiqotining oʻrni, yangiligi va ahamiyatini bilishini koʻrsatib berishini nazarda tutadi.
10. Har bir fan boʻyicha malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyalari tashkilot rahbari tomonidan OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi. Komissiya ilmiy darajaga ega boʻlgan besh — yetti nafar aʼzodan, jumladan shu fan sohasi boʻyicha fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan raisdan iborat boʻladi. Komissiya raisidan tashqari komissiya aʼzolaridan kamida ikki nafari fan doktori boʻlishi lozim.
11. Chet tili boʻyicha malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi chet tillar kafedralarining oʻqituvchilaridan (shulardan kamida ikki nafari ilmiy darajaga ega boʻlishi kerak) iborat besh — yetti nafar aʼzodan, jumladan talabgorning ixtisosligi boʻyicha fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan mutaxassisdan iborat tarkibda OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi.
III bob. Malakaviy imtihonlarni oʻtkazish
12. Malakaviy imtihonlar sessiyalar shaklida fevral, may va noyabr oylarida belgilangan reja asosida oʻtkaziladi. Talabgorlar sessiya paytida malakaviy imtihonlarni eksternat tarzida topshirish huquqiga ega.
13. Talabgorlar roʻyxati tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanib, eʼlon qilinadi. Buyruqda malakaviy imtihon oʻtkazish joyi va vaqti koʻrsatilishi kerak.
14. Malakaviy imtihon qabul qilinishidan besh kun oldin imtihon qabul qiladigan tashkilot tomonidan talabgorlar roʻyxati, imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir maʼlumotlar kuzatuv xati bilan OAKga yuboriladi. Malakaviy imtihonlarni OAKni xabardor qilmasdan qabul qilish man etiladi.
15. Malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi, agar uning ishida komissiya aʼzolarining kamida toʻrt nafari, jumladan fan doktori ishtirok etayotgan boʻlsa, imtihon qabul qilishga haqli.
16. Malakaviy imtihonlarda imtihon oʻtkazilayotgan tashkilot huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzolari, tashkilot rahbari, rahbar oʻrinbosarlari va tegishli vazirlik yoki idoraning hamda OAK vakillari ishtirok etishlari mumkin. Malakaviy imtihonlarning noxolis oʻtkazilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, OAK imtihon natijalarini bekor qilish huquqiga ega.
17. Malakaviy imtihonlar yozma va ogʻzaki shaklda oʻtkaziladi. Talabgorlar yozma shaklda javob tayyorlash uchun imtihon varaqalaridan foydalanadi. Imtihon varaqalari imtihon oʻtkazilgandan keyin bir yil davomida imtihon oʻtkazilgan tashkilotda saqlanadi.
Talabgor savollarga imtihon komissiyasi aʼzolari oldida javob beradi. Imtihon komissiyasi aʼzolari tomonidan talabgorga imtihon qabul qilinayotgan fan boʻyicha qoʻshimcha savollar berilishi mumkin. Komissiya aʼzolari baho qoʻyishda mustaqildir. Komissiya aʼzolari qoʻygan baholari toʻgʻrisida komissiya raisiga maʼlum qiladi va komissiya raisi tomonidan oʻrta arifmetik qiymatini hisoblash orqali umumiy baho chiqariladi.
18. Talabgorning bilim darajasi 100 ballik tizimda quyidagicha baholanadi:
86 balldan 100 ballgacha – aʼlo;
71 balldan 86 ballgacha – yaxshi;
56 balldan 71 ballgacha – qoniqarli;
0 balldan 56 ballgacha – qoniqarsiz.
19. Malakaviy imtihon qabul qilish bayonnomasi har bir talabgor uchun alohida toʻldirilib, unda imtihon savollari yoziladi. Malakaviy imtihon bayonnomasi imtihonda ishtirok etgan komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomada imtihon qabul qilgan komissiya aʼzolarining ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda ixtisosligi ham koʻrsatiladi.
Malakaviy imtihon bayonnomasi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi va belgilangan muddatda malakaviy imtihon oʻtkazilgan tashkilotda saqlanadi.
20. Talabgorga mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda malakaviy imtihon topshirilganligi haqida guvohnoma beriladi. Mazkur guvohnoma besh yil davomida amal qiladi va dissertatsiya mazkur muddat ichida himoya qilinishi lozim.
21. Talabgor uzrli sabablarga koʻra imtihonga kelmagan taqdirda, tashkilot rahbarining ruxsati bilan joriy sessiya davomida imtihon topshirish huquqiga ega. Bu haqda tashkilot rahbari tomonidan OAKga xabar beriladi.
22. Malakaviy imtihonni bir sessiya davomida takroran topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Talabgor tashkilot rahbariga malakaviy imtihonni qabul qilish komissiyasining qarori yuzasidan joriy sessiya davomida shikoyat qilish huquqiga ega.
24. Imtihon oʻtkazilayotgan tashkilot rahbari mazkur Nizomning malakaviy imtihonlarni oʻtkazishga oid talablariga rioya qilinishi uchun masʼuldir.
25. Tashkilotlar rahbarlari va rahbar oʻrinbosarlariga malakaviy imtihonlarni oʻz asosiy ish joylarida topshirishga ruxsat etilmaydi.
26. Malakaviy imtihonlarning natijalari toʻgʻrisida tegishli tashkilotlar tomonidan har yili dekabr oyining 10-sanasigacha OAKga maʼlumot beriladi.
IV bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri T. KUZIYEV
2013-yil 14-yanvar
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV
2013-yil 28-yanvar
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 17-yanvar
Xalq taʼlimi vaziri T. ShIRINOV
2013-yil 18-yanvar
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. RUZIYEV
2013-yil 23-yanvar
Tashqi ishlar vaziri A. KOMILOV
2013-yil 22-yanvar
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. SALIXOV
2013-yil 15-yanvar
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi ijroiya apparati rahbari O. PARPIYEV
2013-yil 16-yanvar
Malakaviy imtihonlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
|
______________________________________ | |||
|
(tashkilot nomi) | |||
| | | | |
|
G U V O H N O M A _____-son | |||
| | | | |
| _______________________________________________________________ | |||
|
(familiyasi, ismi, otasining ismi) | |||
| | | | |
| ________________________________________________________ixtisosligi boʻyicha | |||
|
(ixtisoslik shifri va nomi) |
| ||
| | | | |
| _________________________________ fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun | |||
|
(fan sohasi) |
| | |
| | | | |
| malakaviy imtihon topshirdi va quyidagi bahoni oldi: | |||
| | | | |
| Fanning nomi | Malakaviy imtihon topshirilgan sana | Malakaviy imtihon bahosi | Malakaviy imtihon komissiyasi raisi va aʼzolarining familiyasi, ismi, otasining ismi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda lavozimlari |
| | | | |
| | | | |
| Komissiya raisi |
___________________________ | ||
| | | | |
| Tashkilot rahbari |
___________________________ | ||
| | | | |
| 20__ yil “___”___________ | | | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 13-son, 168-modda)