Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.03.2026
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashining
Qarori
PARLAMENT SO‘ROVINI AMALGA OSHIRISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2026-yil 30-martdagi 1885-V-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi qaror qiladi :
1. Parlament so‘rovini amalga oshirish tartibi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 26-avgust,
854-I-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2008-yil 26-avgustdagi 854–I-sonli Qaroriga
ILOVA
Parlament so‘rovini amalga oshirish
TARTIBI
1. Ushbu Tartib parlament so‘rovini amalga oshirishda amal qilish uchun “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuniga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi), shuningdek Qonunchilik palatasi deputati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki o‘z nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan parlament so‘rovi yuborishga haqli.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oliy xo‘jalik sudining raisi, Bosh prokurori, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlari nomiga yo‘llangan parlament so‘rovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga taalluqli bo‘lishi mumkin emas.
4. Parlament so‘rovi loyihasida adresat to‘g‘risidagi ma’lumotlar, adresatning qisqacha nomi, parlament so‘rovining mohiyati va unga asos bo‘lgan sabablar ko‘rsatilishi kerak (1-ilova).
5. Parlament so‘rovi loyihasiga Qonunchilik palatasining tegishli qarori loyihasi ilova qilinadi (2-ilova).
6. Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi va tegishli qarori loyihalari palataning ularni tayyorlagan deputati, deputatlar birlashmasi yoki qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik palatasi Devoniga kiritiladi, kelib tushgan parlament so‘rovi va palata qarori loyihalari bu yerda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
7. Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi va tegishli qarori loyihalari o‘rganish hamda xulosa berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan Qonunchilik palatasining mas’ul (soha bo‘yicha) qo‘mitasiga ularni ko‘rib chiqish muddati ko‘rsatilgan holda topshiriladi.
8. Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitasi Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan belgilangan muddat ichida Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi va qarori loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablariga O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga qay darajada mosligini hamda bu loyihalarni kiritishning qonun, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Reglamenti va ushbu Tartibda belgilangan tartib-taomillariga qay darajada rioya etilganligini aniqlab, bu haqda yozma xulosa beradi.
9. Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitasi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi va qarori loyihalari yuzasidan yozma xulosa berishdan oldin Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga doir qarori loyihasini Qonunchilik palatasi Devonining Yuridik bo‘limida huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi.
10. Qonunchilik palatasi Devonining Yuridik bo‘limi Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitasidan olingan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga doir qarori loyihasi yuzasidan huquqiy ekspertiza o‘tkazadi va uch ish kunigacha bo‘lgan muddatda yozma xulosa beradi.
11. Qonunchilik palatasi mas’ul qo‘mitasining parlament so‘rovi loyihasini Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish uchun qabul qilish mumkinligi yoki uni tashabbuskorga (Qonunchilik palatasining deputatiga, deputatlar birlashmasiga yoki qo‘mitasiga) qaytarish zarurligi to‘g‘risidagi xulosasi Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan belgilangan muddat tugaguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashiga taqdim etiladi.
12. Qonunchilik palatasining Kengashi Qonunchilik palatasi mas’ul qo‘mitasining xulosasi asosida parlament so‘rovi loyihasini Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritish to‘g‘risida yoki uni tashabbuskorga qaytarish haqida qaror qabul qiladi.
13. Qonunchilik palatasining majlisida parlament so‘rovi loyihasi bo‘yicha muhokama, qoida tariqasida, parlament so‘rovi tashabbuskorining ma’ruzasidan boshlanadi, zarur bo‘lgan hollarda esa, mas’ul qo‘mitaning fikri eshitiladi.
14. Tashabbuskorning ma’ruzasi tugaganidan so‘ng deputatlar birlashmalarining vakillari parlament so‘rovi loyihasining mohiyati bo‘yicha so‘zga chiqishlari mumkin.
15. Qonunchilik palatasi muhokama natijalari bo‘yicha deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qiladi.
16. Qonunchilik palatasi parlament so‘rovi yuzasidan qaror qabul qilgan taqdirda, ushbu qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay parlament so‘rovining matni bilan birgalikda davlat hokimiyati boshqaruvi organlarining tegishli mansabdor shaxsiga yuboriladi.
17. Parlament so‘rovi bo‘yicha Qonunchilik palatasi qarorini parlament so‘rovining matni bilan birga jo‘natish Qonunchilik palatasi Devonining Umumiy bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
18. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari parlament so‘roviga javobni parlament so‘rovi olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay Qonunchilik palatasining majlisida og‘zaki yoki yozma shaklda beradilar.
19. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga muvofiq parlament so‘rovi bo‘yicha axborot Qonunchilik palatasining majlisida Qonunchilik palatasi deputatlari va deputatlar birlashmalari tomonidan muhokama qilinishi mumkin. Qonunchilik palatasi muhokama yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Agar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mansabdor shaxslarining axboroti davlat sirlarini o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lsa, muhokama yopiq majlisda o‘tkaziladi.
Parlament so‘rovini amalga oshirish tartibiga
1-ILOVA

‎‎_________________________________________________

‎‎‎‎(parlament so‘rovi yuborilayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organining mansabdor shaxsi ko‘rsatiladi)


‎‎PARLAMENT SO‘ROVI


‎‎‎_____________________________________________

‎‎(parlament so‘rovining nomi ko‘rsatiladi)

‎‎
‎Hurmatli _________________________!


‎‎‎__________________________________________________________________

‎‎(parlament so‘rovining mazmuni, uni yuborishga sabab bo‘lgan asoslar bayon etiladi va

‎‎__________________________________________________________________

‎‎so‘rov yuzasidan axborot taqdim etishning aniq muddati ko‘rsatiladi)

‎‎__________________________________________________________________
Parlament so‘rovini amalga oshirish tartibiga
2-ILOVA

‎‎O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

‎‎Qonunchilik palatasining

‎‎QARORI


‎‎‎O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining

‎‎________________________________________________________________ga

‎‎(parlament so‘rovi yuborilayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organining mansabdor shaxsi ko‘rsatiladi)

‎‎__________________________________________________________________

‎‎(parlament so‘rovining nomi ko‘rsatiladi)

‎‎haqidagi parlament so‘rovi to‘g‘risida

‎‎
‎“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi QAROR QILADI:


‎‎‎1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining

‎‎________________________________________________________________ga

‎‎(parlament so‘rovi yuborilayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organining mansabdor shaxsi ko‘rsatiladi)

‎‎__________________________________________________________________

‎‎(parlament so‘rovining nomi ko‘rsatiladi)

‎‎to‘g‘risidagi parlament so‘rovi qabul qilinsin.
‎‎
‎2. Ushbu Qaror va ko‘rsatilgan parlament so‘rovi ________________________
‎‎________________________________________________________________ga

‎‎(parlament so‘rovi yuborilayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organining mansabdor shaxsi ko‘rsatiladi)

‎‎yuborilsin.
‎‎
‎3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
‎‎
‎O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri


‎‎‎_______________

(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 2-son, 44-modda)