Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNChILIK PALATASINING REGLAMENTI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016-yil 29-yanvardagi 368-III-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan yangi tahriri tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti qabul qilinsin (ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yil 15-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Muvaqqat reglamenti toʻgʻrisida”gi 30–I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, №; 3-4, 101-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-iyul,
102–I-son
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
2005-yil 28-iyulda qabul qilingan
102–I-sonli Qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
REGLAMENTI
I BOʻLIM.
UMUMIY QOIDALAR
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti (bundan buyon matnda Reglament deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) majlislarini oʻtkazish, deputatlar birlashmalarini tuzish, qonunchilik palatasi organlarini shakllantirish va ularning faoliyatini tashkil etish, qonunchilik tartib-taomillarini amalga oshirish tartibini belgilaydi va Qonunchilik palatasining faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq ichki tartib-qoidalariga doir boshqa masalalarni tartibga soladi.
2-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining quyi palatasidir va u bir yuz yigirma deputatdan iborat.
3-modda.
Qonunchilik palatasining ishi Qonunchilik palatasi barcha deputatlarining (bundan buyon matnda deputatlar deb yuritiladi) professional, doimiy faoliyat koʻrsatishiga asoslanadi.
4-modda.
Deputatlar oʻz vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
5-modda.
Qonunchilik palatasining faoliyati masalalarni birgalikda va erkin muhokama qilishga, oshkoralikka, jamoatchilik fikrini hisobga olishga asoslanadi.
6-modda.
Deputatning vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
7-modda.
Deputat oʻz vakolatlarining butun muddati mobaynida daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Qonunchilik palatasining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas.
8-modda.
Deputatga uning deputatlik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasi uchinchi qismi.
9-modda.
Deputatning huquqlari va majburiyatlarini moneliksiz va samarali amalga oshirish kafolatlari “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, boshqa qonunlar va ushbu Reglament bilan belgilanadi.
10-modda.
Qonunchilik palatasi oʻz matbuot organlariga ega boʻladi.
II BOʻLIM.
QONUNChILIK PALATASINING BIRINChI MAJLISI
11-modda.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisi Qonunchilik palatasiga saylovdan soʻng ikki oydan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Qonunchilik palatasining Spikeri saylangunga qadar unda raislik qiladi.
12-modda.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisi ishini tashkil etish uchun majlisning muvaqqat kotibiyati va sanoq komissiyasi saylanadi.
Qonunchilik palatasi muvaqqat kotibiyat va sanoq komissiyasi saylangani toʻgʻrisida deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qaror qabul qiladi.
Sanoq komissiyasi oʻz tarkibidan komissiya raisini va kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarorlari komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
13-modda.
Qonunchilik palatasi birinchi majlisni, qoida tariqasida, quyidagi kun tartibi bilan oʻtkazadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining Qonunchilik palatasiga saylov yakunlari toʻgʻrisidagi axboroti;
2) elektron tizimdan foydalanish ustidan muvaqqat nazorat guruhini saylash;
3) Oqsoqollar kengashini saylash;
4) Qonunchilik palatasi Spikerini saylash;
5) Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlarini saylash;
6) siyosiy partiyalarning fraksiyalari (bundan buyon matnda fraksiyalar deb yuritiladi) va deputatlar guruhlarini roʻyxatga olish;
7) Qonunchilik palatasining qoʻmitalarini (bundan buyon matnda qoʻmitalar deb yuritiladi) tuzish.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisida Qonunchilik palatasi faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar ham koʻrib chiqilishi mumkin, bu haqda tegishli qaror qabul qilinadi.
14-modda.
Qonunchilik palatasi birinchi majlisining muvaqqat kotibiyati:
1) soʻzga chiquvchilarning roʻyxatini yozib boradi;
2) deputatlardan tushadigan savollar, maʼlumotnomalar, xabarlar, arizalar, takliflar va boshqa materiallarni roʻyxatga oladi;
3) soʻzga chiqish uchun yozilganlarning roʻyxati va Qonunchilik palatasi birinchi majlisining muvaqqat kotibiyatiga tushgan materiallar haqida raislik qiluvchiga axborot beradi;
4) Qonunchilik palatasining birinchi majlisini taʼminlashga doir boshqa vazifalarni bajaradi.
III BOʻLIM.
QONUNChILIK PALATASINING MANSABDOR ShAXSLARINI SAYLASh
VA ORGANLARINI ShAKLLANTIRISh
1-bob. Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari
15-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerini va uning oʻrinbosarlarini saylash uchun deputatlar orasidan koʻpi bilan oʻn besh kishidan iborat Oqsoqollar kengashi tuziladi, mazkur kengash vakolatlari Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari saylangach tugaydi.
Oqsoqollar kengashining tarkibi toʻgʻrisidagi taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi kiritadi.
Oqsoqollar kengashining tarkibiga: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi; deputatlik faoliyatida katta tajribaga ega boʻlgan, yoshi eng ulugʻ deputatlar; nomzodlari siyosiy partiyalardan koʻrsatilib, Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning vakillari; Qonunchilik palatasiga saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlarning vakillari kiritiladi.
Oqsoqollar kengashining tarkibi toʻgʻrisidagi qaror deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Oqsoqollar kengashi Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari lavozimiga nomzodlarni, qoida tariqasida, eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyalar yoki saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar orasidan koʻrsatadi.
16-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi yoki Oqsoqollar kengashining vakili tomonidan taqdim etiladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod deputatlarning savollariga javob berishi uchun 30 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Qonunchilik palatasi majlisida nomzodni muhokama qilish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzodni muhokama qilish ajratilgan vaqt tugagach yoki deputatlarning taklifiga binoan Qonunchilik palatasining Qarori bilan toʻxtatiladi.
17-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga koʻrsatilgan nomzod yashirin ovoz berish roʻyxatiga kiritiladi. Oʻz nomzodini rad etish ovoz berish oʻtkazilmasdan qabul qilinadi.
Qonunchilik palatasining Spikeri yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Qonunchilik palatasi Spikerini saylash paytidagi yashirin ovoz berish usulini Qonunchilik palatasi belgilaydi.
18-modda.
Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi ovoz berish boshlanganligini eʼlon qilgandan keyin hech kim ovoz berishni boʻlib qoʻyishi mumkin emas. Ovoz berish boshlangandan to uning natijalari eʼlon qilingunga qadar hech kimga soʻz berilmaydi.
Agar ovoz berishni oʻtkazish vaqtida ovoz berish tartib-taomili buzilgan yoki uni oʻtkazish chogʻida toʻsiqlar yuzaga kelgan boʻlsa, muhokama qilmasdan darhol takroriy ovoz berish oʻtkaziladi.
19-modda.
Ovoz berish yashirin ovoz berish byulletenlaridan foydalangan holda oʻtkazilgan taqdirda yashirin ovoz berish vaqti va joyi, uni oʻtkazish tartibi sanoq komissiyasining tavsiyasiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu Reglamentga muvofiq belgilanadi va sanoq komissiyasi raisi tomonidan eʼlon qilinadi.
20-modda.
Nomzod, agar u yashirin ovoz berish natijasida deputatlar umumiy sonining yarmidan koʻp ovozini olgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining Spikeri etib saylangan hisoblanadi.
21-modda.
Agar Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod deputatlar ovozlarining zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga takroriy saylov oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga takroriy saylov ushbu Reglamentning 15—20-moddalariga muvofiq oʻtkaziladi.
22-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri saylanganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, uni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
Qonunchilik palatasi Spikeri saylangandan keyin Qonunchilik palatasining bundan buyongi majlisini Qonunchilik palatasining Spikeri olib boradi.
23-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri:
1) Qonunchilik palatasining va Qonunchilik palatasi Kengashining (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlarni maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) yuboradi;
4) Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va komissiyalarining (bundan buyon matnda komissiyalar deb yuritiladi) faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
6) Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
7) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
8) Qonunchilik palatasi matbuot organlarining ustavlarini va tahrir hayʼatlari tarkibini hamda ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
9) Kengash bilan kelishilgan holda Qonunchilik palatasi matbuot organlarining bosh muharrirlarini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi;
10) Qonunchilik palatasi matbuot organlarining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
11) Senat, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish koʻradi;
12) Qonunchilik palatasi va Kengash qarorlarini imzolaydi;
13) Qonunchilik palatasi devoni faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi, deputatlar va Qonunchilik palatasi devoni ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
14) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va ushbu Reglamentda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻzining vakolatiga taalluqli masalalarni Kengash muhokamasiga kiritishga haqli.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
24-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi Qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikerini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat deputatlar guruhining taklifiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi Spikerini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilayotganda Qonunchilik palatasi majlisida Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlaridan biri raislik qiladi.
Qonunchilik palatasi Spikerini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, qarorni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
25-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining boʻsh lavozimiga nomzod koʻrsatish va uni saylash ushbu Reglamentning 15—20-moddalarida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
26-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari lavozimlari deputatlarning qaysi partiyaga mansubligini inobatga olgan holda yaxlit (umumiy) qaror bilan belgilanadi. Bunda Qonunchilik palatasida tuzilgan fraksiya oʻz vakili Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimlaridan birini egallashida kafolatli huquqqa ega ekanligi inobatga olinadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarini saylash uchun fraksiya, qoida tariqasida, oʻz fraksiyasi rahbarining nomzodini kiritadi.
27-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari lavozimlariga koʻrsatilgan nomzodlar yashirin ovoz berish roʻyxatiga kiritiladi, uni Qonunchilik palatasi Spikeri oʻqib eshittiradi. Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari lavozimlariga koʻrsatilgan nomzodlar boʻyicha muhokama oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari lavozimlariga koʻrsatilgan nomzodlarga ovoz berish roʻyxat boʻyicha oʻtkaziladi.
28-modda.
Nomzodlar, agar ular yashirin ovoz berish natijasida deputatlar umumiy soni yarmidan koʻprogʻining ovozini olsalar, Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari etib saylangan hisoblanadilar. Ovoz berish natijalari Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi, uni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
29-modda.
Agar Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari lavozimlariga koʻrsatilgan nomzodlar saylanish uchun talab qilinadigan ovozlar miqdorini ololmasalar, Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlarining lavozimlariga saylov tartib-taomili nomzodlar koʻrsatishdan boshlab takrorlanadi. Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlar koʻrsatish va ularni saylash mazkur Reglamentning 26—28-moddalari va ushbu moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(26—29-moddalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
30-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari Qonunchilik palatasi Spikerining topshirigʻiga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi va Qonunchilik palatasi Spikeri yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda uning vazifasini bajarib turadi.
31-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat deputatlar guruhining taklifiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan ham kiritilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, qarorni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(31-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori bilan chiqarilgan — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
32-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻz vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyaga aʼzolikni toʻxtatib turadi hamda fraksiya va deputatlar guruhi tarkibiga kirishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi Spikeri qoʻmitalar tarkibiga saylanishi mumkin emas.
(32-modda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
2-bob. Kengash
33-modda.
Qonunchilik palatasi faoliyatini samarali tashkil etish, qoʻmitalar ishini muvofiqlashtirib borish, qonun loyihalarini tayyorlash ishini rejalashtirish masalasini dastlabki tarzda koʻrib chiqishni tashkil etish maqsadida Kengash tuziladi.
Kengash tarkibiga Qonunchilik palatasi Spikeri, uning oʻrinbosarlari, fraksiyalar va deputatlar guruhlarining rahbarlari, qoʻmitalarning raislari kiradi.
Kengashga Qonunchilik palatasi Spikeri rahbarlik qiladi, u Kengashning majlislarini olib boradi va uning qarorlarini imzolaydi.
34-modda.
Kengash Qonunchilik palatasi majlislari oraligʻida zaruratga qarab toʻplanadi.
Kengash majlislarini Qonunchilik palatasi Spikeri, u yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda esa uning oʻrinbosarlaridan biri chaqiradi va olib boradi.
35-modda.
Kengash majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat Raisi, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi raislari, Bosh prokurori ishtirok etishlari mumkin. Kengash majlislarida deputatlar ham ishtirok etishga haqli boʻlib, ular Kengash majlisida koʻrib chiqiladigan masalalar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirishlari mumkin.
Kengash majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
36-modda.
Kengash:
1) Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini ishlab chiqishga doir ish rejasi loyihasini shakllantiradi;
2) Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasini tuzadi;
3) qoʻmitalar ishini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
4) agar qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritishning qonunda va ushbu Reglamentda belgilangan tartibi talablarini bajarmagan boʻlsa, qonun loyihasini masʼul qoʻmitaning xulosasiga binoan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
5) Qonunchilik palatasi Spikerining taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi matbuot organlarining bosh muharrirlarini lavozimiga tayinlash va ularni lavozimidan ozod qilishga rozilik berish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi;
6) Qonunchilik palatasining sessiyalari oraligʻidagi davrda deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi;
7) ushbu Reglamentga muvofiq Qonunchilik palatasi ishini tashkil etishning boshqa masalalarini hal qiladi.
Kengash oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan oʻz aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
37-modda.
Kengash qarorlarining loyihalari va uning majlisida koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan boshqa hujjatlar Kengashga, qoida tariqasida, uning majlisi boshlanishidan kamida uch kun oldin kiritiladi.
Kengash tarkibiga kiruvchi shaxslarga, shuningdek uning majlislarida ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga majlisda koʻrib chiqish moʻljallanayotgan masalalar haqida oldindan xabar qilinadi va zarur materiallar taqdim etiladi.
Kengash majlislari stenogrammasi yozib boriladi va bayonnomasi tuziladi. Bayonnoma majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Kengash tomonidan koʻrib chiqilgan masalalar va u qabul qilgan qarorlar haqida deputatlarga maʼlum qilinadi.
3-bob. Qoʻmitalar
38-modda.
Qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda palata tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan rais, uning oʻrinbosari va aʼzolardan iborat tarkibda qoʻmitalar saylanadi.
39-modda.
Qonunchilik palatasida, qoida tariqasida: reglament; budjet, banklar va moliya masalalari; iqtisodiy masalalar va tadbirkorlik; qonunchilik va sud-huquq masalalari; mehnat va ijtimoiy masalalar; mudofaa va xavfsizlik masalalari; xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitalari tuziladi. Qonunchilik palatasida boshqa qoʻmitalar ham tuzilishi mumkin.
Qoʻmitalarning umumiy soni, qoida tariqasida, oʻntadan oshmasligi kerak.
40-modda.
Qoʻmita raisi, uning oʻrinbosari va qoʻmita aʼzolari lavozimlari deputatlarning qaysi partiyaga yoki guruhga mansubligini hamda saylovda saylovchilarning qancha ovozini olganligini inobatga olgan holda yaxlit (umumiy) qaror bilan belgilanadi. Qoʻmita raisi, uning oʻrinbosari va qoʻmita aʼzolari lavozimlariga nomzodlar koʻrsatish yuzasidan takliflarni deputatlar birlashmalarining rahbarlari oʻzaro kelishgan holda kiritadilar.
Qoʻmita raisi, uning oʻrinbosari va qoʻmita aʼzolari palata majlisida deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan saylanadi.
Qoʻmita raisi, uning oʻrinbosari, shuningdek qoʻmita aʼzolari saylangani toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi qarorlar qabul qiladi.
Qoʻmitalarning barcha aʼzolari teng huquqlardan foydalanadilar.
Qoʻmita tarkibiga saylanmagan deputat uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishga haqli.
41-modda.
Qoʻmita raisi:
1) qoʻmita ish rejasi loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va qoʻmitaning tasdiqlangan ish rejasi bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
2) zarur materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, qoʻmita majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
3) qoʻmita aʼzolariga topshiriqlar beradi, ularga qoʻmita faoliyati bilan bogʻliq materiallar va hujjatlarni yuboradi;
4) kiritilgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlarining ishida qatnashish, shuningdek qoʻmitaning boshqa topshiriqlarini bajarish uchun qoʻmita aʼzolarini belgilaydi;
5) davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillarini qoʻmita ishida qatnashishga taklif etadi;
6) qonunchilik palatasi, Kengash majlislarida, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan boʻladigan munosabatlarda qoʻmita nomidan ish koʻradi;
7) qoʻmita qarorlarining bajarilishiga doir ishlarni tashkil etadi;
8) qonunchilik palatasiga, Kengashga va Qonunchilik palatasi Spikeriga ularning topshiriqlari bajarilishi yuzasidan axborot beradi;
9) qoʻmitaning qarorlari bajarilganligi va uning tavsiyalari koʻrib chiqilganligi haqida qoʻmita aʼzolariga axborot beradi;
10) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
42-modda.
Qoʻmita raisining oʻrinbosari qoʻmita raisining topshirigʻiga koʻra uning ayrim vazifalarini bajaradi hamda rais yoʻqligida yoki u oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda qoʻmita raisi vazifasini bajarib turadi.
43-modda.
Qoʻmitalar ishni oʻz rejalariga, shuningdek Qonunchilik palatasi, uning Spikeri va Kengash topshiriqlari hamda tavsiyalariga muvofiq tashkil etadi.
Qoʻmitalar Qonunchilik palatasi oldida masʼul va unga hisobdordir.
44-modda.
Qoʻmitalar:
1) oʻz tashabbusi bilan yoki Qonunchilik palatasining topshirigʻiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining hamda oʻzining vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi;
2) qonun loyihalarining dastlabki tarzda koʻrib chiqilishini va ularni Qonunchilik palatasida koʻrib chiqishga tayyorlashni amalga oshiradi;
3) qonunlarning loyihalari yuzasidan xulosalar beradi, qonun loyihasini Qonunchilik palatasining majlisi kun tartibiga kiritish, uning ustida ishlashni davom ettirish yoki asoslantirilgan holda ularni rad etish toʻgʻrisida Kengashga takliflar kiritadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi (bundan buyon matnda Davlat budjeti loyihasi deb yuritiladi) yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
5) Qonunchilik palatasining topshirigʻiga yoki Kengashning tavsiyasiga binoan muayyan qonun loyihasi yoki Qonunchilik palatasi vakolatlariga kiradigan boshqa masala yuzasidan masʼul boʻladi;
6) kiritilgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillarini jalb etadi;
7) qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari vakillarining ular tomonidan kiritilgan qonun loyihasiga taalluqli masalalar yuzasidan fikrlarini eshitadi;
8) kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Qonunchilik palatasi qarorlari loyihalari matniga oʻzgartish yoki qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
9) davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalari, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlarni talab qilib oladi;
10) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa qonun hujjatlari, qoʻmitalarning qarorlari ular tomonidan qanday bajarilayotgani haqidagi axborotlarini eshitadi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
45-modda.
Qoʻmitalarning majlislari Qonunchilik palatasi majlislari oraligʻida zaruratga qarab oʻtkaziladi.
Qoʻmita majlisini uning raisi oʻz tashabbusi bilan yoki qoʻmita aʼzolari umumiy sonidan kamida yarmining tashabbusi bilan chaqiradi.
Qoʻmita majlisi haqida uning raisi, qoida tariqasida, kamida ikki kun oldin qoʻmita aʼzolariga xabar beradi, shuningdek majlisning boshqa qatnashchilarini oldindan xabardor qiladi.
Qoʻmitalarning majlislari, agar ularda qoʻmita aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Qoʻmita majlisini qoʻmita raisi olib boradi.
Qoʻmitalarning majlislari ochiq oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganida qoʻmitalar yopiq majlislar oʻtkazish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishi mumkin.
46-modda.
Deputat oʻzi aʼzo boʻlgan qoʻmita majlislarida hozir boʻlishi shart.
Qoʻmita majlisida hozir boʻlish imkoniyati boʻlmagan taqdirda deputat qoʻmita raisini oldindan xabardor qiladi.
Qoʻmitalarning majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning, matbuot organlarining, televideniye, radio hamda boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
47-modda.
Qoʻmitalar koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qoʻmita jami aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Qoʻmita qarorini uning majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
4-bob. Komissiyalar
48-modda.
Qonunchilik palatasi muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin.
Komissiya Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar orasidan komissiya raisi va aʼzolaridan, zarurat boʻlganida esa, shuningdek komissiya raisining oʻrinbosaridan iborat tarkibda tuziladi.
Komissiya tuzilgani toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi.
Qonunchilik palatasining komissiya tuzilgani toʻgʻrisidagi qarorida komissiyaning nomi, maqsadi va vazifalari, uning miqdoriy va shaxsiy tarkibi, komissiyaning raisi, komissiyaning faoliyat koʻrsatish muddati (oldindan belgilangan muddatga yoki muayyan vazifalarni bajarish muddatiga), komissiyaning vakolatlari, komissiya ishini taʼminlash boʻyicha tadbirlar belgilangan boʻlishi kerak.
49-modda.
Ayrim masalalarni tayyorlash uchun komissiya davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillari orasidan ishchi guruhlari tuzishga haqlidir.
50-modda.
Komissiyaning majlislari Qonunchilik palatasi majlislari oraligʻida zaruratga qarab oʻtkaziladi.
Komissiya majlislarini uning raisi yoki rais oʻrinbosari chaqiradi.
Komissiya majlisi haqida uning raisi yoki rais oʻrinbosari, qoida tariqasida, kamida ikki kun oldin komissiya aʼzolariga xabar beradi, shuningdek majlisning boshqa ishtirokchilarini oldindan xabardor qiladi.
Komissiya majlislari, agar ularda komissiya tarkibining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatlidir.
Komissiya majlisini komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari olib boradi.
Komissiya majlislari ochiq oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganida komissiya yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
51-modda.
Deputat oʻzi aʼzo boʻlgan komissiya majlislarida hozir boʻlishi shart.
Komissiya majlisida hozir boʻlish imkoniyati boʻlmagan taqdirda deputat komissiya raisini oldindan xabardor qiladi.
Komissiya majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
52-modda.
Komissiya koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan komissiya jami aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Komissiya qarorini uning majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
53-modda.
Komissiya Qonunchilik palatasi belgilagan muddatda bajarilgan ish toʻgʻrisida Qonunchilik palatasiga hisobot taqdim etadi.
Komissiya oʻz faoliyatini zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilganidan keyin, oʻzi qaysi muddatga tuzilgan boʻlsa, shu muddat oʻtgandan keyin yoki Qonunchilik palatasining qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatadi.
5-bob. Deputatlar birlashmalari
54-modda.
Deputatlar siyosiy, professional va boshqa asosda fraksiyalar va deputatlar guruhlari shaklida deputatlar birlashmalarini tuzishi mumkin.
Fraksiya siyosiy partiyadan koʻrsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan deputatlar birlashmasidir.
Deputatlar guruhlarini Qonunchilik palatasi tarkibiga saylangan, siyosiy partiyadan koʻrsatilmagan deputatlar tuzishga haqli.
Deputat faqat bir fraksiya yoki deputatlar guruhining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyadan koʻrsatilgan va Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat shu partiya fraksiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
(54-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
Deputatning fraksiyaga yoki deputatlar guruhiga kirishi toʻgʻrisidagi qaror ularning majlislarida qabul qilinadi.
55-modda.
Kamida toʻqqiz nafar deputat fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish huquqiga ega.
Fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish uchun:
fraksiya yoki deputatlar guruhining taʼsis yigʻilishini oʻtkazish;
fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish toʻgʻrisidagi taʼsis bayonnomasini qabul qilish;
fraksiya yoki deputatlar guruhi rahbarini saylash zarur boʻladi.
Fraksiya yoki deputatlar guruhining rahbari fraksiya yoki deputatlar guruhi tuzilgani toʻgʻrisidagi taʼsis bayonnomasini Qonunchilik palatasiga taqdim etadi va tegishincha fraksiya yoki deputatlar guruhi tuzilgani haqida Qonunchilik palatasiga axborot beradi, bu Qonunchilik palatasi majlisining bayonnomasida qayd etiladi.
Fraksiyalar va deputatlar guruhlari hisobga olish roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Belgilanmagan tartibda tuzilgan deputatlar birlashmalari fraksiya yoki deputatlar guruhi huquqlaridan foydalanmaydi.
Fraksiya va deputatlar guruhi tuzilgani toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, uni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
56-modda.
Fraksiyalar Qonunchilik palatasida oʻz umumiy manfaatlarini ifodalash va faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida fraksiyalar blokiga birlashishlari mumkin.
Fraksiyalarning blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
57-modda.
Qonunchilik palatasida koʻpchilik oʻrinni egallagan fraksiya parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi.
Oʻz dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta fraksiyalar va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar ham parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etishi mumkin.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan fraksiyalar, shuningdek saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
Fraksiyalarning blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
(57-modda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
58-modda.
Fraksiya va deputatlar guruhi:
1) Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi va mohiyati yuzasidan takliflar hamda fikr-mulohazalar kiritadi;
2) Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan har bir masala yuzasidan munozaralarda fraksiya, deputatlar guruhi vakiliga kafolatlangan tarzda soʻz berilishi huquqidan foydalanadi;
3) kelishuv komissiyasi va boshqa komissiyalar tuzish toʻgʻrisida masala qoʻyadi;
4) Qonunchilik palatasi majlisida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga ularning tasarrufiga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan murojaat etadi;
5) Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan fraksiyaning, deputatlar guruhining fikrini deputatlar oʻrtasida tarqatadi;
6) Kengashning, qoʻmitalar va komissiyalarning ishida ishtirok etadi;
7) Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalari va qarorlarning loyihalari yuzasidan oʻz takliflarini kiritadi;
8) Qonunchilik palatasi majlisida hukumat aʼzolarini ularning faoliyati masalalari yuzasidan eshitish toʻgʻrisida masala qoʻyadi;
9) fraksiyaning, deputatlar guruhining faoliyati uchun zarur materiallar va hujjatlarni davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslaridan talab qilib oladi;
10) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
59-modda.
Deputatlar birlashmalarining ichki faoliyati ular tomonidan mustaqil ravishda tashkil etiladi.
Deputatlar birlashmalari faoliyatining tashkiliy shakli ularning majlislaridir.
Deputatlar birlashmalari oʻz majlislarini ochiq va oshkora oʻtkazadi. Deputatlar birlashmasining qaroriga binoan yopiq majlis oʻtkazilishi mumkin.
Fraksiyalar va deputatlar guruhlarining ishini muvofiqlashtirib borish, Qonunchilik palatasi majlisiga kiritilayotgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqilishini tashkil etish, fraksiyalar va deputatlar guruhlari nuqtai nazarini kelishib olish maqsadida deputatlar birlashmalari rahbarlarining qoʻshma majlislari oʻtkazilishi mumkin. Deputatlar birlashmalari rahbarlarining qoʻshma majlislari zaruratga qarab fraksiyalar yoki deputatlar guruhlarining tashabbusi bilan oʻtkaziladi.
Deputatlar birlashmalari oʻzlari qabul qilgan qarorlar, shuningdek deputatlar birlashmalari rahbarlarining qoʻshma majlislarida qabul qilingan qarorlar haqida Qonunchilik palatasi Spikeriga va Kengashga axborot beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
60-modda.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiya qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining tegishli masala boʻyicha maʼruzasi bilan bir vaqtda qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish;
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha kelishuv komissiyasida oʻz vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi koʻpchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas.
(60-modda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
61-modda.
Fraksiya va deputatlar guruhi faoliyati quyidagi hollarda tugatiladi:
fraksiya yoki deputatlar guruhining oʻz tashabbusiga binoan;
Qonunchilik palatasining vakolatlari muddati tugaganda;
fraksiya yoki deputatlar guruhi tarkibiga kiruvchi deputatlar soni ularni tuzish uchun zarur boʻlgan meʼyordan kamayib ketganda;
tegishli siyosiy partiyaning faoliyati tugatilganda.
Fraksiyalar yoki deputatlar guruhlari faoliyatining Qonunchilik palatasining vakolatlari muddati tugashidan oldin tugatilishi Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
IV BOʻLIM.
QONUNChILIK PALATASI IShINING UMUMIY TARTIBI
6-bob. Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarini oʻtkazish tartibi
62-modda.
Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning Qonunchilik palatasi sessiyalari davrida, qoida tariqasida, haftasiga uch marta oʻtkaziladigan majlislaridir.
Qonunchilik palatasining navbatdagi sessiyalari, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab, kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi majlislarini Qonunchilik palatasi Spikeri chaqiradi va ularda raislik qiladi. Qonunchilik palatasi majlislariga rahbarlikni amalga oshirishda raislik qiluvchi bilan birgalikda, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasi Spikerining ikki nafar oʻrinbosari (ishchi Rayosati) Kengash tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq navbatma-navbat ishtirok etadi. Qonunchilik palatasi Spikeri majlisda hozir boʻlmaganda uning oʻrinbosarlaridan biri majlisda raislik qiladi.
(62-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlislari uning sessiyalari oraligʻida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri taklifiga yoki deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislari, qoida tariqasida, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari oʻtkaziladi.
Kengash va deputatlar birlashmalarining majlislari, qoida tariqasida, dushanba kunlari oʻtkaziladi.
Qoʻmitalar, qoida tariqasida, juma kunlari majlis oʻtkazadi.
Noyabr, fevral va may oylarining oxirgi toʻliq haftasi deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan ishlashi uchun moʻljallanadi.
Qonunchilik palatasining majlislari vaqtida qoʻmitalar, komissiyalar, deputatlar birlashmalarining majlislari oʻtkazilmaydi, shuningdek deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan olib boradigan ishlari toʻxtatib turiladi.
63-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan masalalar majlisning kun tartibi loyihasiga ularni koʻrib chiqish navbati, har bir masalani koʻrib chiqishga tayyorlash uchun masʼul qoʻmitalar (bundan buyon matnda masʼul qoʻmita deb yuritiladi), maʼruzachilar (qoʻshimcha maʼruzachilar), shuningdek boshqa maʼlumotlar koʻrsatilgan holda kiritiladi.
Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasi Kengash tomonidan tuziladi.
Qonunchilik palatasi majlislarida koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan masalalar majlislarning kun tartiblari loyihalariga, qoida tariqasida, ularning tushishi va tayyorligi ketma-ketligiga qarab kiritiladi.
Masʼul qoʻmita Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritish uchun oʻzi tayyorlagan masalalar va takliflar toʻgʻrisida oʻz xulosalarini Kengashga taqdim etadi.
64-modda.
Quyidagilar birinchi navbatda kun tartibiga kiritiladi va Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasi, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi, konstitutsiyaviy qonunlarning loyihalari, shuningdek konstitutsiyaviy qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlarning loyihalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kechiktirib boʻlmaydigan deb topilgan qonun loyihalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tasdiqlash uchun taqdim etilgan farmonlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunlar;
Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish va uni oʻtkazish sanasini tayinlash toʻgʻrisidagi qaror;
Davlat budjeti loyihasi, shuningdek ushbu Reglamentning 156-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan holda Davlat budjetiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish va amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qonunlarning loyihalari;
Qonunchilik palatasining Spikerini, uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalar raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash, shuningdek mansabdor shaxslarni saylash, tayinlash va tasdiqlash toʻgʻrisidagi boshqa masalalar;
Reglament loyihasi hamda Qonunchilik palatasining Reglamentga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarorlarining loyihalari.
Qonunchilik palatasining majlislarida Senat tomonidan rad etilgan qonunlar ham birinchi navbatda koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasining majlisida boshqa masalalar ham faqat Qonunchilik palatasining deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan qaroriga binoan birinchi navbatda koʻrib chiqilishi mumkin.
Qonun yoki ushbu Reglamentda Qonunchilik palatasining majlislarida koʻrib chiqish muddatlari belgilangan masalalar ana shu muddatlarga rioya etilgan holda koʻrib chiqilishi lozim.
Qonunchilik palatasi majlisining KUN tartibi deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadigan Qonunchilik palatasi qarori bilan tasdiqlanadi.
65-modda.
Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga qonun loyihalari quyidagi ketma-ketlikda kiritiladi:
uchinchi oʻqishda koʻrib chiqiladigan qonun loyihalari;
ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqiladigan qonun loyihalari;
birinchi oʻqishda koʻrib chiqiladigan qonun loyihalari.
66-modda.
Qonunchilik palatasi majlisining tasdiqlangan kun tartibidagi masalalar unda nazarda tutilganidan boshqacha ketma-ketlikda koʻrib chiqilishi, keyinga qoldirilishi, oʻzgartirilishi yoki muhokamadan chiqarib tashlanishi mumkin. Bunda shunday taklif tashabbuskorining asoslantirilgan fikri va mazkur Reglamentga muvofiq bajarilgan tayyorgarlik ishi, masalaning koʻrib chiqish uchun tayyorligi darajasi, tegishli materiallar va hujjatlarni deputatlarga tarqatish muddati haqidagi axboroti, shuningdek ushbu masala boʻyicha tegishli qoʻmita raisining soʻzi eshitiladi.
Qonunchilik palatasining masalalarni koʻrib chiqish tartibini oʻzgartirish yoki ularni tasdiqlangan kun tartibidan chiqarib tashlash toʻgʻrisidagi qarori deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
67-modda.
Deputatlar Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga kiritilgan masalalar toʻgʻrisida oldindan xabardor qilinadilar. Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari loyihalari, Qonunchilik palatasining qarorlari loyihalari va boshqa zarur materiallar, agar Qonunchilik palatasi boshqacha tartibni nazarda tutmasa, Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilguniga qadar kamida uch kun oldin deputatlarga taqdim etiladi.
68-modda.
Qonunchilik palatasining majlislari ochiq, oshkora oʻtkaziladi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi.
Qonunchilik palatasining majlislarida bayonnomalar va stenogrammalar yuritiladi. Bayonnoma majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Qonunchilik palatasining qaroriga binoan uning majlisiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar taklif etilishi mumkin. Matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari belgilangan tartibda Qonunchilik palatasida akkreditatsiya qilingan taqdirda, ochiq majlislarda qatnashishlari mumkin.
Taklif qilinganlar Qonunchilik palatasining faoliyatiga aralashish huquqiga ega emaslar, ular uning ishini maʼqullash yoki maʼqullamaslikdan oʻzlarini tiyishlari, belgilangan tartibga rioya etishlari va Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunishlari shart.
69-modda.
Zarurat boʻlganda, Qonunchilik palatasi yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Bunday qaror, agar bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qonunchilik palatasi Spikeri, Kengash, qoʻmita yoki deputatlar birlashmasi tomonidan taklif kiritilgan boʻlsa, qabul qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasining yopiq majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
70-modda.
Qonunchilik palatasining yopiq majlisida muhokama etiladigan davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar oshkor etilmasligi kerak.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi majlisning boshlanishida deputatlar va taklif etilgan shaxslarni yopiq majlis oʻtkazishning asosiy qoidalari toʻgʻrisida, unda muhokama etilayotgan maʼlumotlarning maxfiylik darajasi haqida xabardor qiladi hamda davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi.
71-modda.
Ommaviy axborot vositalarining vakillari Qonunchilik palatasining yopiq majlislariga kiritilmaydilar.
Qonunchilik palatasining yopiq majlisiga foto-, kino- va video texnika, telefon aloqasi va radio aloqasi vositalari, shuningdek ovoz yozish va axborot ustida ishlash vositalarini olib kirish hamda yopiq majlis davomida ulardan foydalanish taqiqlanadi.
72-modda.
Qonunchilik palatasining yopiq majlislarida bayonnomalar va stenogrammalar yuritiladi. Bayonnoma majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Qonunchilik palatasining yopiq majlisi stenogrammasi, shuningdek mazkur majlisda koʻrib chiqilayotgan masalalarga taalluqli hujjatlar, deputatlarni roʻyxatga olish elektron tizimining hisobga olish maʼlumotlari va ovoz berish, shu jumladan, nomma-nom ovoz berish natijalari Qonunchilik palatasining devoniga maxfiy hujjat rejimida saqlash uchun topshiriladi. Deputatlarni Qonunchilik palatasining yopiq majlisi stenogrammasi va unga qoʻshimcha qilingan materiallar bilan tanishtirish bevosita Qonunchilik palatasining devonida tanishuvchilarning imzosi olingan holda amalga oshiriladi.
73-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat Raisi, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi raislari, Bosh prokurori Qonunchilik palatasining ochiq majlisida ham, yopiq majlisida ham, shuningdek Qonunchilik palatasi organlarining majlislarida ishtirok etishga haqlidir. Boshqa shaxslar Qonunchilik palatasining yopiq majlislarida Qonunchilik palatasining qaroriga binoan qatnashishlari mumkin.
74-modda.
Qonunchilik palatasining majlislar zalida har bir deputatning qaysi deputatlar birlashmasiga mansubligini hisobga olgan holda, deputatga uning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilgan lavhacha oʻrnatilgan, elektron va texnika vositalaridan foydalanish uchun zarur boʻlgan jihozlar bilan taʼminlangan doimiy joy ajratiladi.
75-modda.
Qonunchilik palatasining majlislari unda qatnashayotgan deputatlarni roʻyxatdan oʻtkazishdan boshlanadi, bu ishni raislik qiluvchi amalga oshiradi.
Qonunchilik palatasining majlislari, agar ularning ishida deputatlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Deputat Qonunchilik palatasining majlislarida qatnashishi shart.
Qonunchilik palatasi majlisida qatnashish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, deputat bu haqda Qonunchilik palatasi Spikerini oldindan xabardor qiladi.
Deputatlarni roʻyxatdan oʻtkazish Qonunchilik palatasi majlisining har bir tanaffusidan keyin amalga oshiriladi. Qoʻshimcha ravishda roʻyxatdan oʻtkazish deputatning talabiga binoan amalga oshirilishi mumkin.
76-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi:
1) majlisning umumiy borishiga rahbarlik qiladi, ushbu Reglamentga rioya etilishini taʼminlaydi;
2) soʻz soʻralib, roʻyxatga olingan talabnomalarning tushish tartibiga koʻra, majlisning kun tartibiga, ushbu Reglamentning talablariga muvofiq yoki Qonunchilik palatasining qarori bilan belgilangan tartibda maʼruza uchun soʻz beradi;
3) Qonunchilik palatasi majlislarini olib borish masalalari boʻyicha Qonunchilik palatasi qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi;
4) deputatlarning har bir taklifini ularning tushish tartibiga koʻra ovozga qoʻyadi;
5) ovoz berishni oʻtkazadi va uning natijalarini eʼlon qiladi;
6) kelishmovchiliklarga barham berish va boshqa masalalarni hal etish maqsadida fraksiyalar hamda deputatlar guruhlarining rahbarlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishni tashkil etadi;
7) Qonunchilik palatasi devonining Qonunchilik palatasi majlislarining bayonnomalari va stenogrammalarini yuritish boʻyicha ishini nazorat qiladi, mazkur bayonnomalarni oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi:
deputat ushbu Reglament qoidalarini buzgan taqdirda, uni ogohlantirishga, takroran buzgan taqdirda uni kun boʻyi majlisda soʻzlashdan mahrum qilishga;
Qonunchilik palatasining ishiga xalaqit berayotgan taklif etilgan shaxslarni majlis zalidan chiqarib yuborishga haqli.
77-modda.
Qonunchilik palatasi majlislarida ish davlat tilida olib boriladi va zaruratga qarab, Qonunchilik palatasi yoki Kengash qaroriga asosan boshqa tillarga sinxron tarjima taʼminlanadi.
78-modda.
Deputatlar Qonunchilik palatasining majlislarida munozaralarda ishtirok etishga, muhokama etilayotgan masalalarning mohiyati yuzasidan takliflar va mulohazalar kiritishga, Qonunchilik palatasi tomonidan saylanadigan, tayinlanadigan, tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari boʻyicha oʻz fikrini bildirishga, savollar berishga, maʼlumotlar berishga, Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan masalalar boʻyicha materiallarni koʻpaytirishga va deputatlar oʻrtasida tarqatishga, shuningdek ushbu Reglamentda belgilangan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
79-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida soʻzga chiquvchi oʻz nutqida deputatlar va boshqa shaxslarning shaʼni hamda qadr-qimmatiga ziyon yetkazuvchi qoʻpol, kamsituvchi iboralar ishlatishga, kimnidir asossiz ravishda ayblashga, bila turib soxta axborotdan foydalanishga, noqonuniy xatti-harakatlarga daʼvat qilishga haqli emas. Soʻzga chiquvchi ushbu talablarni buzgan taqdirda, Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi uni ogohlantiradi, talablar takroran buzilganda esa soʻzlashdan mahrum qiladi.
Agar Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi soʻzga chiquvchiga murojaat qilsa, u darhol oʻz nutqini toʻxtatishi kerak.
Agar soʻzga chiquvchining nutqi unga nisbatan taʼsir oʻtkazish chorasini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlmagan holda toʻxtatilgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi uning soʻzlash vaqtini nutq qancha vaqtga toʻxtatib qoʻyilgan boʻlsa, shuncha muddatga uzaytiradi.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi soʻzga chiquvchini unga ajratilgan vaqt davomida soʻzlashdan mahrum etishi mumkin emas, nutq mavzusidan chetga chiqish va ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni buzish hollari bundan mustasno.
80-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchining ruxsatisiz hech kim soʻzlashga haqli emas. Bu qoidani buzgan shaxs raislik qiluvchi tomonidan ogohlantirishsiz soʻzlashdan mahrum etiladi.
Qonunchilik palatasining majlisi vaqtida hech kim nutqni bayon etishga yoki eshitishga toʻsqinlik qiluvchi xatti-harakatlari (baqiriqlar, qarsaklar, oʻrnidan turish va shu kabilar) bilan soʻzga chiquvchiga va tinglovchilarga xalaqit bermasligi kerak.
Munozaralar toʻxtatilganligi munosabati bilan soʻzga chiqa olmagan deputatlar oʻz nutqlarining imzolangan matnlarini Qonunchilik palatasi majlisining stenogrammasiga qoʻshib qoʻyishga haqlidirlar.
81-modda.
Agar deputat oʻz soʻzlari yoki xatti-harakatlari Qonunchilik palatasining majlisida soʻzga chiquvchi yoki raislik qiluvchi tomonidan notoʻgʻri talqin qilinmoqda deb hisoblasa, u tushuntirish berish yoki mulohaza bildirish uchun soʻz berishni iltimos qilib, majlisda raislik qiluvchiga murojaat etishi mumkin. Majlisda raislik qiluvchi bunday murojaatlar boʻyicha deputatga darhol yoki muhokama oxirida, ammo ovoz berilgunga qadar soʻz beradi.
82-modda.
Muhokama etilayotgan masala boʻyicha munozaralar Qonunchilik palatasi tomonidan belgilangan vaqt oʻtishi bilan yoki deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadigan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan toʻxtatilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi munozaralarni toʻxtatish toʻgʻrisidagi taklifni olgach, deputatlarga soʻzga chiqish uchun yozilganlar va soʻz olganlar soni toʻgʻrisida maʼlum qiladi, soʻzlovchilar roʻyxatiga yozilgan, ammo soʻzga chiqmagan deputatlardan qaysi biri soʻzga chiqishni talab qilishini aniqlaydi va deputatlarning maʼqullashi bilan ularga soʻz beradi.
83-modda.
Maʼruzalar, qoʻshimcha maʼruzalar va yakunlovchi soʻz davomiyligi Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi tomonidan maʼruzachilar va qoʻshimcha maʼruzachilar bilan kelishuvga koʻra, qoida tariqasida, maʼruza uchun — 30 daqiqagacha, qoʻshimcha maʼruza uchun — 20 daqiqagacha va yakunlovchi soʻz uchun 15 daqiqagacha boʻlgan vaqt doirasida belgilanadi.
Munozaralarda soʻzga chiquvchi deputatlarga 10 daqiqagacha vaqt beriladi. Munozaralarda takroriy soʻzga chiqish uchun, shuningdek majlisni olib borish tartibi, ovoz berish asoslari, nomzodlar boʻyicha soʻzga chiqish, bayonotlar, savollar, takliflar, xabarlar, maʼlumotlar uchun — 3 daqiqagacha vaqt beriladi.
Qonunchilik palatasi majlisida hozir boʻlgan deputatlar koʻpchiligining roziligi bilan raislik qiluvchi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalani muhokama qilishning umumiy davomiyligini, savollar va javoblar uchun ajratiladigan vaqtni belgilab qoʻyishi, soʻzlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislarida deputat ayni bitta masala boʻyicha munozaralarda koʻpi bilan ikki marta soʻzga chiqishi mumkin.
Munozaralarni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin maʼruzachi va qoʻshimcha maʼruzachi yakunlovchi soʻz olish huquqiga ega.
Agar soʻzga chiquvchi soʻzlash uchun ajratilgan vaqtdan oʻtib ketsa yoki muhokama etilayotgan masala yuzasidan fikr bildirmayotgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi uni avval ogohlantirib, keyin soʻzlashdan mahrum qiladi.
84-modda.
Qonunchilik palatasining majlislari ish kunlarida:
ertalabki majlislar — soat 11 dan 13 gacha;
kechki majlislar — soat 15 dan 17 gacha oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasining qaroriga binoan Qonunchilik palatasi majlislarining boshlanishi, tugashi va tanaffus uchun boshqa vaqt belgilanishi mumkin.
7-bob. Qonunchilik palatasi va Senatning qoʻshma majlislarini oʻtkazish tartibi
85-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Qonunchilik palatasi va Senatning qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qoʻshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʻtkazilishi mumkin.
86-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisining taklifiga yoki tegishincha deputatlar yoxud senatorlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisini chaqirish masalasi yuzasidan Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi oʻrtasida maslahatlashuvlar oʻtkazilib, bunda qoʻshma majlisni oʻtkazish sanasi belgilanadi va kun tartibi boʻyicha takliflar muhokama qilinadi.
87-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisi, agar unda tegishincha deputatlar va senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
88-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlislarida, agar qoʻshma majlisda boshqacha qoida belgilanmasa, Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi navbatma-navbat raislik qiladi.
89-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisida eshitilgan masalalar muhokamasi natijalari yuzasidan palatalarning qoʻshma qarori qabul qilinishi mumkin. Bunda ovoz berish, qoida tariqasida, alohida-alohida oʻtkaziladi.
90-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisi ochiq va oshkora oʻtkaziladi.
8-bob. Ovoz berish va qarorlar qabul qilish tartibi
91-modda.
Qonunchilik palatasining qarorlari uning majlislarida ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ochiq ovoz berish nomma-nom boʻlishi mumkin.
Ovoz berish shakli va usuli toʻgʻrisidagi qaror Qonunchilik palatasi tomonidan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi, u yoki bu masala yuzasidan ovoz berish shakli va usuli Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Qonunchilik palatasi majlislarida ovoz berish elektron tizimdan yoki yashirin ovoz berish byulletenlaridan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi majlislarida ovozlarni hisoblashda elektron tizimdan foydalanish ustidan nazoratni elektron tizimdan foydalanishni nazorat qiluvchi guruh amalga oshiradi.
Tartib-taomil masalalari boʻyicha ochiq nomma-nom, shuningdek yashirin ovoz berish oʻtkazilmaydi.
Tartib-taomil masalalariga:
Qonunchilik palatasi majlisining tanaffusi yoki majlisni boshqa vaqtga koʻchirish toʻgʻrisidagi;
soʻzlash uchun qoʻshimcha vaqt berish toʻgʻrisidagi;
qonun loyihasining mohiyati boʻyicha deputatlardan tushgan savollarga javob qaytarish uchun ajratiladigan vaqtning davomiyligi toʻgʻrisidagi;
majlisga taklif qilinganlarga soʻz berish toʻgʻrisidagi;
muhokama etilayotgan masala boʻyicha munozaralarni boshqa vaqtga koʻchirish yoki toʻxtatish toʻgʻrisidagi;
muayyan masalani tayyorlash uchun tegishli qoʻmita yoki komissiyaga topshirish toʻgʻrisidagi;
muhokamasiz ovoz berish toʻgʻrisidagi;
qonunchilik palatasining yopiq majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi;
ovoz berishni oʻtkazishning usulini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi;
soʻzga chiqish navbatini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi;
qoʻshimcha ravishda roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi;
ovozlarni qayta sanab chiqish toʻgʻrisidagi masalalar kiradi.
92-modda.
Deputatlarga elektron tizimdan foydalangan holda ovoz berish uchun kartochka beriladi.
Deputat ovoz berish kartochkasi lozim darajada saqlanishini va undan foydalanilishini taʼminlashi shart.
93-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi ovoz berish boshlanishidan oldin:
ovozga qoʻyilayotgan takliflarning sonini maʼlum qiladi;
takliflarning taʼrifini va ularni ovozga qoʻyish ketma-ketligini aniqlaydi;
zarurat boʻlganda qaror qancha ovoz bilan qabul qilinishi kerakligini eslatadi.
Elektron tizimdan foydalangan holda ochiq ovoz berish oʻtkazilganida deputat nomma-nom ovoz berish natijalarining roʻyxati bilan tanishishga haqli.
94-modda.
Barcha masalalar boʻyicha ovoz berish natijalari Qonunchilik palatasining bayonnomasi va stenogrammasiga kiritiladi.
95-modda.
Agar ovoz berish natijalari aniqlanganidan keyin deputatdan elektron tizimda qayd etilgan oʻz xohish-irodasi notoʻgʻri ekanligi toʻgʻrisida yozma ariza tushsa, elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh mazkur deputat ishtirokida uning abonentlik qurilmasi ishining sozligini tekshirishi shart. Buning uchun Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchining taklifiga binoan deputatga elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh ishtirokida navbatma-navbat tugmachalarni (“tarafdor”, “qarshi”, “betaraf) bosish va natijalarni majlislar zalidagi elektron tabloda namoyish etish taklif qilinadi. Tekshirish natijalari bayonnoma va stenogrammada qayd etiladi.
96-modda.
Qonunchilik palatasining qarorlari, agar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
97-modda.
Har bir masala boʻyicha ovoz berishda deputat bitta ovozga ega boʻladi va qaror qabul qilinishini “yoqlab” yoki unga “qarshi” yoxud qaror qabul qilinishiga betaraflik bildirib ovoz beradi.
Deputat oʻzining ovoz berish huquqini shaxsan amalga oshiradi.
Ovoz berish vaqtida hozir boʻlmagan deputat ovoz berish uchun ajratilgan vaqt oʻtganidan keyin ovoz berishga haqli emas.
98-modda.
Elektron tizimdan foydalanmagan holda ochiq ovoz berish yoki byulletenlardan foydalangan holda yashirin ovoz berishni oʻtkazish uchun ovozlarni sanab chiqish va ovoz berish natijalarini aniqlash deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan saylanadigan sanoq komissiyasiga topshiriladi. Saylanayotgan organ tarkibiga yoki mansabdor shaxslar lavozimlariga nomzodlari koʻrsatilgan deputatlar sanoq komissiyasi tarkibiga kirishi mumkin emas. Qonunchilik palatasi sanoq komissiyasi saylanganligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Sanoq komissiyasi oʻz tarkibidan komissiya raisi va kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarori komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
99-modda.
Zarur axborotga ega boʻlgan yashirin ovoz berish byulletenlari sanoq komissiyasining nazorati ostida, u taklif etgan hamda Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlangan shaklda deputatlarning soniga mos miqdorda tayyorlanadi.
Yashirin ovoz berish byulletenlarini tarqatish yakunlanganidan keyin sanoq komissiyasida qolgan byulletenlar komissiya aʼzolarining ishtirokida sanoq komissiyasi raisi tomonidan yoʻq qilinadi, bu haqda bayonnoma tuziladi.
Yashirin ovoz berish vaqti va joyi, uni oʻtkazish tartibi sanoq komissiyasining tavsiyasiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu Reglamentga muvofiq belgilanadi va sanoq komissiyasining raisi tomonidan eʼlon qilinadi.
100-modda.
Yashirin ovoz berish byulletenlarini tarqatish bevosita ovoz berish boshlanishidan oldin amalga oshiriladi. Ovoz berishning boshlanish va tugash vaqti Qonunchilik palatasi tomonidan belgilanadi.
Har bir deputatga saylanayotgan organ yoki mansabdor shaxs saylovi boʻyicha yoxud Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilayotgan qaror loyihasi boʻyicha yashirin ovoz berish uchun bitta byulleten beriladi.
Yashirin ovoz berish byulletenlari deputatlarga sanoq komissiyasi tomonidan deputatlarning roʻyxatiga muvofiq, ular deputatlik guvohnomasini koʻrsatganidan keyin beriladi. Byulletenni olish vaqtida deputat roʻyxatda koʻrsatilgan oʻz familiyasi roʻparasiga imzo qoʻyadi.
Byulletenni toʻldirish deputat tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga belgi-krestik qoʻyish, qaror loyihasiga oid byulletenda esa, agar u tegishli qarorni (qaror variantini) yoqlab ovoz berayotgan boʻlsa, “qarshiman” degan soʻzni oʻchirish, taklif etilayotgan qarorga qarshi ovoz berayotgan boʻlsa, “yoqlayman” degan soʻzni oʻchirish orqali amalga oshiriladi.
Yashirin ovoz berish byulleteni sanoq komissiyasi tomonidan muhrlangan maxsus qutiga tashlanadi.
101-modda.
Sanoq komissiyasi yashirin ovoz berishni amalga oshirishlari uchun deputatlarga sharoit yaratishi shart.
Belgilanmagan nusxadagi byulletenlar, shuningdek deputatlarning xohish-irodasini aniqlashning iloji boʻlmagan byulletenlar ovozlarni hisoblab chiqish vaqtida haqiqiy emas deb hisoblanadi. Byulletenga kiritilgan qoʻshimchalar ovozlarni hisoblab chiqish chogʻida eʼtiborga olinmaydi.
102-modda.
Ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisida sanoq komissiyasi bayonnoma tuzadi, bayonnomani komissiyaning barcha aʼzolari imzolaydi. Sanoq komissiyasining ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisidagi maʼruzasini Qonunchilik palatasi maʼlumot uchun qabul qiladi.
Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi sanoq komissiyasining Qonunchilik palatasi tomonidan maʼlumot uchun qabul qilingan ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari toʻgʻrisidagi maʼruzasi asosida qabul qilingan qarorni eʼlon qiladi, saylovlar oʻtkazilganida esa saylangan nomzodlarni nomma-nom koʻrsatadi. Ovoz berish natijalari Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
9-bob. Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat
103-modda.
Qonunchilik palatasida:
deputatlarni roʻyxatdan oʻtkazish;
deputatlarni soʻzga chiqish uchun yozish;
ovozlarni hisoblab chiqish va ovoz berish natijalarini aniqlash;
zarurat boʻlganda, sinxron tarjimani taʼminlash;
majlislarning borishi toʻgʻrisida maʼlumot va statistik axborot toʻplash hamda ularni tezkor tayyorlab berish;
roʻyxatlar va majlislarning boshqa hujjatlarini shakllantirish hamda chop etish;
Qonunchilik palatasi majlislarini axborot bilan taʼminlash uchun elektron tizimdan foydalanish mumkin.
104-modda.
Qonunchilik palatasining majlislarida deputatlar orasidan elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh tuziladi.
105-modda.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruhga kirgan deputatlar tizim ustidan nazorat qilish uchun zarur boʻlgan barcha axborotdan moneliksiz foydalanish huquqiga egadirlar. Ushbu guruhning oʻz tasarrufiga kiritilgan masalalar boʻyicha qarorlari Qonunchilik palatasi devonining barcha xodimlari, shu jumladan, Qonunchilik palatasi elektron tizimiga xizmat koʻrsatuvchi mutaxassislar uchun majburiy hisoblanadi.
106-modda.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh yashirin ovoz berish boshlanguniga qadar elektron tizimning qay darajada sozligini tekshirishi shart, bu haqda maxsus bayonnoma tuziladi.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh deputatlarning nomma-nom ovoz berish, soʻzga chiqish uchun yozuvlar natijalaridagi noaniqliklar va elektron tizim ishidagi boshqa xatoliklar toʻgʻrisidagi arzlarini koʻrib chiqadi hamda ularning qay darajada asosli ekanligini tekshiradi.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh oʻz ishiga ekspertlar va mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
107-modda.
Deputatlarni roʻyxatdan oʻtkazish natijalari, ularni soʻzga chiqishga yozish natijalari, ovoz berish natijalari va Qonunchilik palatasi majlisining borishi toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar, yopiq majlisning borishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni istisno etganda, deputatlarga raqamli maʼlumotlar, roʻyxatlar, boshqa materiallar tarzida taqdim etiladi hamda ular Qonunchilik palatasi majlisining stenografik hisobotiga kiritilishi lozim.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh rahbari deputatning yozma soʻroviga binoan unga Qonunchilik palatasining majlisi toʻgʻrisidagi mavjud maʼlumotlarni berishi shart, Qonunchilik palatasining yopiq majlisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bundan istisno.
10-bob. Qonunchilik palatasidagi tadbirlar
108-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining, qoʻmitaning, komissiyaning, deputatlar birlashmasining tashabbusiga binoan Qonunchilik palatasi binosi xonalarida Qonunchilik palatasining faoliyati bilan bogʻliq konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar va boshqa tadbirlar oʻtkazilishi mumkin.
109-modda.
Qonunchilik palatasida tadbir oʻtkazish uchun bildirishnoma, qoida tariqasida, tadbir oʻtkazilishi boshlanguniga qadar uch kun qolganida Qonunchilik palatasi devoni rahbariga beriladi.
110-modda.
Qonunchilik palatasida oʻtkaziladigan tadbirlar Qonunchilik palatasi va uning organlari ishi bir meʼyorda borishini buzmasligi kerak.
V BOʻLIM.
QONUNChILIK TARTIB-TAOMILLARI
11-bob. Qonun loyihalarini qonunchilik palatasiga kiritish va dastlabki tarzda koʻrib chiqish tartibi
111-modda.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan kiritiladi.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, oʻz davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokurori egadirlar.
112-modda.
Qonunchilik tashabbusi huquqi Qonunchilik palatasiga:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari va qonunlari loyihalarini;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari hamda qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihalarini yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi qonun loyihalarini kiritish shaklida amalga oshiriladi.
Qonunlar bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlardan tashqari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatiga kiritilgan quyidagi masalalar ham qonunlar bilan tartibga solinadi va Qonunchilik palatasiga qonun loyihalari shaklida kiritiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining tizimini hamda vakolatlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʻli bilan tartibga solish;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni joriy qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, chegaralarini oʻzgartirish;
Davlat budjetini qabul qilish;
davlat mukofotlari va unvonlarini taʼsis etish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya va denonsatsiya qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish.
113-modda.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritishda quyidagilar taqdim etilishi kerak:
1) qonun loyihasining konsepsiyasi bayon qilingan tushuntirish xati;
2) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi, shuningdek qonun loyihasi kiritilishi bilan bogʻliq qonunlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi;
3) oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim boʻlgan qonun osti hujjatlarining roʻyxati;
4) moddiy xarajatlarni talab qiladigan qonun loyihalari uchun moliyaviy-iqtisodiy asoslar;
5) davlat daromadlarini kamaytirish yoki davlat xarajatlarini koʻpaytirish, shuningdek Davlat budjeti moddalari boʻyicha oʻzgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunlar loyihalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi boʻlmagan taqdirda, qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytariladi.
Qonun loyihasi Qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti — kollegial organ tomonidan kiritilganida tegishli kollegial organning Qonunchilik palatasidagi ushbu qonun loyihasi boʻyicha qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakili koʻrsatilgan qarori taqdim etilishi kerak.
Qonun loyihasi va ushbu moddaning birinchi hamda ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan materiallar matnlarining nusxalari magnit nusxada taqdim etilishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2005-yil 27-iyunda 73-I-son Qarori bilan tasdiqlangan Qonun loyihalarini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish boʻyicha uslubiy tavsiyalar.
114-modda.
Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasining matniga quyidagi qoidalar kiritilishi mumkin:
qonun yoki uning ayrim qoidalarining kuchga kirish muddati va tartibi haqidagi;
ushbu Qonun qabul qilinishi munosabati bilan avval qabul qilingan qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini yoki ularning ayrim qoidalarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqidagi.
115-modda.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasining devonida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran Qonunchilik palatasiga kiritilgan hisoblanadi. Ayni vaqtda qonun loyihasiga roʻyxatga olish raqami uni koʻrib chiqish va oʻtishining butun davri uchun beriladi.
Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan masʼul qoʻmitaga topshiriladi.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari talablariga muvofiqligi hamda qonun loyihasini kiritishning qonunda va ushbu Reglamentda belgilangan tartibiga qay darajada rioya etilganligini aniqlaydi.
Masʼul qoʻmitaning qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi yoki uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish zarurligi toʻgʻrisidagi xulosasi, qoida tariqasida, oʻn toʻrt kun ichida Kengash muhokamasiga taqdim etiladi.
116-modda.
Kengash masʼul qoʻmitaning xulosasi asosida qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish toʻgʻrisida yoki u belgilangan talablarga nomuvofiq boʻlsa, uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish haqida qaror qabul qiladi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin qonun loyihasi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun yangidan kiritilishi mumkin.
Agar tegishli masala boʻyicha qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilingan boʻlsa, ayni shu masala boʻyicha boshqa qonun loyihasi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilinmaydi.
Qonun loyihasi koʻrib chiqish uchun qabul qilinganda Kengash qonun loyihasini Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash muddatini belgilaydi.
Koʻrib chiqish uchun qabul qilingan qonun loyihasi tegishli materiallar bilan qoʻmitalarga yuboriladi.
117-modda.
Qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilish va uni Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda koʻrib chiqishga tayyorlash masʼul qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
118-modda.
Qonun loyihasi ustida ishlash uchun masʼul qoʻmita oʻz aʼzolari orasidan ishchi guruhi tuzishi mumkin. Ishchi guruhi tarkibiga masʼul qoʻmitaning aʼzolari boʻlmagan deputatlar, qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillari, boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar vakillari, shuningdek ekspertlar, mutaxassislar va olimlar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning vakillari ham kiritilishi mumkin.
Masʼul qoʻmitaning qaroriga binoan qonun loyihasi qoʻmita raisi imzolagan ilova xat bilan birga xulosalar, fikrlar, takliflar va mulohazalar tayyorlash uchun, shuningdek ilmiy ekspertiza oʻtkazish uchun davlat organlariga, boshqa tashkilotlarga, mutaxassislar va olimlarga yuborilishi mumkin.
Qonun loyihasi boʻyicha tushgan xulosalar, fikrlar, takliflar va mulohazalar masʼul qoʻmita majlisida koʻrib chiqiladi.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasi yuzasidan oʻz tarkibidan maʼruzachini tayinlaydi.
119-modda.
Qonunchilik palatasi devonining yuridik boʻlimi Kengashning yoki masʼul qoʻmitaning topshirigʻiga binoan ular belgilagan muddat ichida Qonun loyihasining huquqiy ekspertizasini tashkil etadi.
Qonunchilik palatasi devonining yuridik boʻlimi Qonun loyihasining huquqiy ekspertizasi natijalari asosida xulosa tayyorlaydi, xulosada quyidagi savollarga javoblar berilishi kerak:
qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqmi yoki nomuvofiqmi? Agar xulosada qonun loyihasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga nomuvofiqligi aniqlangan boʻlsa, qonun loyihasining qaysi qonun hujjatiga nomuvofiqligi va bu nomuvofiqlik nimada aks etishi koʻrsatilishi kerak;
Qonun loyihasining ichki mantiqi buzilmaganmi, qonun loyihasining boʻlimlari, boblari, moddalari, shuningdek qismlari, bandlari, kichik bandlari va moddalarining xatboshilari oʻrtasida qarama-qarshiliklar yoʻqmi? Agar bunday qarama-qarshiliklar mavjud boʻlsa, ular aniq koʻrsatilishi, shuningdek ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berilishi kerak;
yangi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi, oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim boʻlgan qonun hujjatlarining toʻliq roʻyxati berilganmi?
Qonunchilik palatasi devoni yuridik boʻlimining xulosasi boʻlim rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan uning familiyasi va imzolash sanasi koʻrsatilgan holda imzolanishi kerak. Belgilangan muddatda xulosa berishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda bu muddat Qonunchilik palatasi devoni yuridik boʻlimining asoslantirilgan taklifiga binoan Kengash yoki masʼul qoʻmita tomonidan uzaytirilishi mumkin.
120-modda.
Qonun loyihasini qoʻmitalarda muhokama qilish ochiq, qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining vakili taklif etilgan holda oʻtkaziladi va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi mumkin.
Qoʻmitalarning majlislarida xulosalar, fikrlar, takliflar va mulohazalar bildirish uchun qonun loyihasi yuborilgan davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar taklifga binoan qatnashishlari mumkin.
121-modda.
Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlangan qonun loyihasi va unga doir materiallar Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish uchun masʼul qoʻmita tomonidan Kengashga yuboriladi.
Agar Kengash tomonidan boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, masʼul qoʻmita qonun loyihasini olgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida:
qonun loyihasini Qonunchilik palatasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqishi uchun kiritish toʻgʻrisidagi Kengash qarorining loyihasini;
masʼul qoʻmitaning mazkur qonun loyihasini qabul qilish yoki rad etish zarurligi asoslantirilgan xulosasini ilova qilgan holda Kengash muhokamasiga taqdim etadi.
Kengash masʼul qoʻmita tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
122-modda.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilinguniga qadar qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti loyiha matnini oʻzgartirish yoki oʻzi kiritgan qonun loyihasini chaqirib olish huquqiga ega.
12-bob. Qonun loyihalarini qonunchilik palatasida koʻrib chiqish tartibi
123-modda.
Qonunchilik palatasi qonun loyihasini, qoida tariqasida, uch oʻqishda koʻrib chiqadi.
124-modda.
Birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlangan qonun loyihasi va unga doir materiallar masʼul qoʻmitaning taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi devoni tomonidan deputatlarga yetkaziladi.
125-modda.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlislarida birinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida mazkur qonun loyihasini qabul qilish zarurati, qonun loyihasining konsepsiyasi, uning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiqligi, shuningdek qonunni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar va moliyalash manbalari toʻgʻrisidagi masala muhokama qilinadi.
Muhokama, qoida tariqasida, masʼul qoʻmita vakilining yoki qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining yoxud uning vakilining maʼruzasi bilan boshlanadi.
Qonun loyihasi koʻrib chiqilayotganida deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan deputatlarning qonun loyihasi mohiyati boʻyicha savollariga javob qaytarish uchun vaqt ajratilishi mumkin, shundan keyin deputatlar birlashmalari, deputatlar, muhokamada ishtirok etish uchun taklif etilgan boshqa shaxslarning takliflari va mulohazalari eshitiladi.
126-modda.
Qonunchilik palatasi muhokama natijalari boʻyicha qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi oʻqishda koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga kiritish muddatini belgilagan holda uni birinchi oʻqishda qabul qilish yoki qonun loyihasini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qonun loyihasining muhokamasi tugaganidan keyin qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi taklif ovozga qoʻyiladi. Agar ovoz berish yakunlariga binoan qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi taklif zarur ovozlar sonini toʻplamasa, qonun loyihasi qoʻshimcha ovoz berish oʻtkazmagan holda rad etilgan hisoblanadi. Bu toʻxtam Qonunchilik palatasining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi. Rad etilgan qonun loyihasi keyinchalik koʻrib chiqilmaydi va u qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytariladi.
127-modda.
Muqobil qonun loyihalari kiritilganida Qonunchilik palatasi har bir qonun loyihasi boʻyicha alohida-alohida ovoz berish orqali ularni bir vaqtda koʻrib chiqadi. Agar alohida-alohida ovoz berish yakunlariga koʻra qonun loyihalarining bir nechtasi ularni qabul qilish uchun yetarli ovozlar sonini toʻplasa, eng koʻp ovozlar sonini olgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilingan hisoblanadi. Agar alohida-alohida ovoz berish yakunlariga koʻra qonun loyihalaridan birortasi ham qabul qilish uchun yetarli darajada ovozlar sonini toʻplamasa, eng koʻp ovozlar sonini toʻplagan qonun loyihasi uzil-kesil ovozga qoʻyiladi. Agar uzil-kesil ovozga qoʻyish vaqtida deputatlar umumiy sonining yarmidan koʻpi uni yoqlab ovoz bersa, mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilingan hisoblanadi. Ovoz berish natijasi Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinmagan muqobil qonun loyihalari rad etilgan hisoblanadi. Toʻxtam qoʻshimcha ovoz berish oʻtkazilmagan holda Qonunchilik palatasining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi. Qonunchilik palatasi qarorlarining nusxalari rad etilgan qonun loyihalari bilan birgalikda qonun loyihalarini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlariga yuboriladi.
128-modda.
Qonunchilik palatasining qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi qarorida qonun loyihasiga doir tuzatishlarni taqdim etish muddati belgilanadi, bu muddat, qoida tariqasida, oʻn besh kundan kam boʻlmasligi kerak. Agar deputatlarda qonun loyihasiga oid tuzatishlar berishning Qonunchilik palatasi qarori loyihasida belgilanganidan boshqacha muddatni belgilash toʻgʻrisida takliflar mavjud boʻlsa, qonun loyihasiga oid tuzatishlar berish muddati deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadigan qaror bilan belgilanadi.
Qonunchilik palatasi birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori besh kun ichida qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuboriladi.
Qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilingan taqdirda Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi, ikkinchi va uchinchi oʻqish tartib-taomillarini istisno qilgan holda, masʼul qoʻmitaning qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifini ovozga qoʻyishi mumkin. Agar ushbu taklifga deputatlarda eʼtiroz boʻlsa, raislik qiluvchi ularning har biriga oʻz yondashuvlarini asoslash uchun 3 daqiqagacha vaqt beradi. Masʼul qoʻmita vakili har bir eʼtiroz boʻyicha masʼul qoʻmitaning fikrini bayon etishga yoki qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni qaytarib olishga haqli. Agar masʼul qoʻmita qonunni qabul qilish taklifini qaytarib olmasa, raislik qiluvchi, muhokama tugaganidan keyin ikkinchi va uchinchi oʻqish tartib-taomillarini istisno qilgan holda, masʼul qoʻmitaning qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifini ovozga qoʻyadi. Agar deputatlar umumiy sonining koʻpchiligi qonun qabul qilinishini yoqlab ovoz bergan boʻlsa, u qabul qilingan hisoblanadi. Agar qaror qabul qilinmasa, qonun loyihasi ustidagi ish ushbu Reglamentda belgilangan tartibda davom ettiriladi.
129-modda.
Birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasiga doir takliflar va mulohazalar moddalarning tahririni oʻzgartirish tarzida yoki qonun loyihasini aniq moddalar bilan toʻldirish tarzida yoxud qonun loyihasining muayyan soʻzlari, xatboshilari, kichik bandlari, bandlarini, moddalarining qismlarini yoki yaxlit moddalarini chiqarib tashlash toʻgʻrisidagi takliflar tarzida masʼul qoʻmitaga kiritiladi.
130-modda.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash vaqtida tushgan takliflar hamda mulohazalarni oʻrganadi va umumlashtiradi, zarurat boʻlganda, qonun loyihasi boʻyicha tushgan takliflar va mulohazalarning mustaqil ekspertizasini tashkil etadi. Masʼul qoʻmita asosli deb topgan takliflar va mulohazalar qonun loyihasining matniga kiritiladi.
Agar masʼul qoʻmita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi oʻqish uchun tayyorlash jarayonida loyihaning nomi oʻzgarsa, u qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun yangi nomda kiritiladi, uning dastlabki nomi esa yangi nomining ostida qavslar ichida keltiriladi.
Qonun loyihasi boʻyicha takliflar va mulohazalar masʼul qoʻmita majlisida koʻrib chiqiladi, majlis oʻtkaziladigan vaqt toʻgʻrisida qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti, shuningdek koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasiga doir takliflar va mulohazalar kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari xabardor qilinadilar.
Masʼul qoʻmita qonun loyihasiga oid takliflar va mulohazalarni koʻrib chiqib, ularni Qonunchilik palatasi qabul qilishi uchun masʼul qoʻmita tomonidan tavsiya etilayotgan takliflar va mulohazalar guruhiga, Qonunchilik palatasi tomonidan rad etish uchun tavsiya etilayotgan takliflar va mulohazalar guruhiga hamda qaror qabul qilinmagan takliflar va mulohazalar guruhiga ajratadi.
131-modda.
Masʼul qoʻmita keyinchalik Qonunchilik palatasi muhokamasiga taqdim etish uchun Kengashga quyidagilarni yuboradi:
qonun loyihasi boʻyicha Qonunchilik palatasi qarorining loyihasi;
Qonunchilik palatasining qabul qilishi uchun tavsiya etilayotgan takliflar va mulohazalar hisobga olingan holdagi (birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasi matnidagi oʻzgarishlarni ajratib koʻrsatgan holda) qonun loyihasi matni.
Kengash ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlangan qonun loyihasini Qonunchilik palatasining qonun loyihalariga doir ish rejasiga kiritish va qonun loyihasini deputatlarga yetkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qonun loyihasi unga doir materiallar bilan birgalikda, qoida tariqasida, uni ikkinchi oʻqishda Qonunchilik palatasida koʻrib chiqishga kamida oʻn kun qolganda deputatlarga tarqatiladi.
132-modda.
Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganida masʼul qoʻmitaning vakili maʼruza bilan soʻzga chiqadi.
Maʼruzachi qonun loyihasini masʼul qoʻmitada koʻrib chiqish yakunlari toʻgʻrisida, kelib tushgan takliflar va ularni koʻrib chiqish natijalari haqida maʼlum qiladi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida masʼul qoʻmita maʼqullagan takliflar ham, maʼqullamagan takliflar ham muhokama qilinadi. Qonun loyihasi boʻyicha ovoz berish moddama-modda oʻtkaziladi.
Moddama-modda ovoz berish natijalari boʻyicha Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi oʻqishda Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish muddatini belgilagan holda uni ikkinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyadi. Agar ovoz berish yakunlariga koʻra bunday taklif ovozlarning zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, qonun loyihasi maromiga yetkazish uchun masʼul qoʻmitaga qaytariladi. Maromiga yetkazilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qayta koʻrib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi loyihani ikkinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyadi. Agar ovoz berish yakunlariga koʻra bunday taklif ovozlarning zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, qonun loyihasi rad etilgan hisoblanadi va bundan buyon koʻrib chiqilmaydi. Qonunchilik palatasining mazkur masala yuzasidan qabul qilgan qarorining nusxasi qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuboriladi.
133-modda.
Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilingan taqdirda, masʼul qoʻmitaning taklifiga binoan uchinchi oʻqish tartib-taomillarini istisno etgan holda qonunni qabul qilish toʻgʻrisidagi masala ovozga qoʻyilishi mumkin.
134-modda.
Ikkinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihasi moddalarning oʻzaro bogʻliqligini aniqlash va ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish vaqtida loyiha matniga kiritilgan oʻzgartishlar bilan bogʻliq zarur tahririy tuzatishlar kiritish uchun masʼul qoʻmitaga yuboriladi. Ushbu ish tugallanganidan keyin qonun loyihasi Qonunchilik palatasining qonun loyihalariga doir ish rejasi loyihasiga kiritish uchun masʼul qoʻmita tomonidan Kengashga taqdim etiladi.
135-modda.
Kengash qonun loyihasini qonun sifatida qabul qilish maqsadida ovoz berish uchun loyihaning uchinchi oʻqishini tayinlaydi. Agar qonun loyihasini ikkinchi oʻqish jarayonida unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan boʻlsa, Kengash qonun loyihasi matnini deputatlarga yetkazishni tashkil etadi,
Uchinchi oʻqishda qonun loyihasi uni muhokama qilmay toʻlaligicha ovozga qoʻyiladi.
Qonun loyihasi uchinchi oʻqishda koʻrib chiqilayotganida unga tuzatishlar kiritilishiga hamda qonun loyihasini toʻlaligicha yoki uning ayrim boʻlimlari, boblari, moddalarini muhokama qilish uchun qaytishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilinmasa, u rad etilgan hisoblanadi. Qonun loyihasi boʻyicha toʻxtam qoʻshimcha ovoz berish oʻtkazilmagan holda Qonunchilik palatasining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi. Qonunchilik palatasining mazkur masala yuzasidan qabul qilgan qarorining nusxasi qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuboriladi.
Ayrim hollarda deputatlar birlashmalarining talabiga binoan Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi qonun loyihasini ikkinchi oʻqish tartib-taomiliga qaytarish toʻgʻrisidagi masalani ovozga qoʻyishi shart.
136-modda.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga yoki konstitutsiyaviy qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun, agar unga deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchiligi ovoz bergan boʻlsa, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar Qonunchilik palatasining tegishli qarorlari va boshqa zarur materiallar, shu jumladan qonunga doir qiyosiy jadval bilan birgalikda masʼul qoʻmita tomonidan rasmiylashtiriladi hamda Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan Senatga koʻrib chiqish uchun oʻn kun ichida yuboriladi. Qiyosiy jadvalda qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan kiritilgan qonun loyihasining matni, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunning matni, qonun loyihasiga kiritilgan oʻzgartishlarga doir asoslar, shuningdek ushbu oʻzgartishlar qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili bilan kelishib olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltiriladi.
(136-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2006-yil 19-apreldagi 265–I-son Qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 4-son, 174-modda)
13-bob. Senat tomonidan rad etilgan qonunlarni qayta koʻrib chiqish
137-modda.
Senat tomonidan rad etilgan va Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan xulosa tayyorlash uchun masʼul qoʻmitaga topshiriladi.
Qonunni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha masʼul qoʻmita Qonunchilik palatasiga:
yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun kelishuv komissiyasi tuzishni;
qonunni Qonunchilik palatasi qabul qilgan avvalgi tahrirda qabul qilishni;
qonunni Qonunchilik palatasida qayta koʻrib chiqmaslikni tavsiya etishi mumkin.
138-modda.
Senat tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi va Senat deputatlar va senatorlar orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasi tuzishlari mumkin.
Qonunchilik palatasida kelishuv komissiyasi tuzish toʻgʻrisidagi tashabbus Qonunchilik palatasi Spikeridan, masʼul qoʻmitadan, shuningdek deputatlar birlashmalaridan chiqishi mumkin.
Kelishuv komissiyasi tarkibiga nomzodlar yuzasidan Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi tomonidan oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
Kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan saylangan tarkibi Qonunchilik palatasining majlisida tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yil 8-noyabrdagi 152-I-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 3-dekabrdagi 112-I-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining kelishuv komissiyasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish Tartibi.
139-modda.
Kelishuv komissiyasi tuzish toʻgʻrisidagi va uning tarkibiga deputatlarni saylash haqidagi toʻxtam Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi, ushbu qaror loyihasi masʼul qoʻmita tomonidan masalani Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish uchun Kengashga kiritiladi. Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasini tuzish va uning tarkibiga deputatlar saylash toʻgʻrisidagi qarori Senatga yuboriladi.
Qonunchilik palatasidan saylangan kelishuv komissiyasi aʼzolari oʻz tarkibidan koʻpchilik ovoz bilan komissiya hamraisini saylaydilar.
Kelishuv komissiyasi tarkibiga saylangan deputat uning majlislarida qatnashishi shart. Deputatning kelishuv komissiyasi majlisida ishtirok etish imkoniyati boʻlmasa, bu haqda u Qonunchilik palatasidan saylangan kelishuv komissiyasi hamraisini oldindan xabardor qiladi.
Kelishuv komissiyasining ishini tashkiliy, axborot, hujjatlashtirish va boshqacha tarzda taʼminlash kelishuv komissiyasi qayerda ishlashiga qarab, tegishincha Qonunchilik palatasi devoni yoki Senat devoni tomonidan amalga oshiriladi.
140-modda.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir eʼtirozini alohida-alohida koʻrib chiqadi. Agar muayyan oʻzgartish Senatning kelishuv komissiyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan taklifi asosida ishlab chiqilgan qonun moddasining yangi tahriri bilan asoslangan boʻlsa, kelishuv komissiyasi qonunning Senat tomonidan eʼtiroz bildirilmagan ayrim moddalari tahririni oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Kelishuv komissiyasining qarorlari kelishuv komissiyasi tarkibiga kirgan deputatlar va senatorlarning alohida-alohida ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Agar komissiyaning har bir palatadan saylangan aʼzolarining koʻpchiligi qarorni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qaror qabul qilingan hisoblanadi. Agar kelishuv komissiyasi tomonidan boshqacha tartib belgilanmasa, qaror ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Kelishuv komissiyasining majlisida bayonnoma yuritiladi. Zarurat boʻlganda, kelishuv komissiyasining qaroriga binoan uning majlisi stenogramma qilinadi.
Kelishuv komissiyasi oʻz ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa qabul qiladi. Kelishuv komissiyasining xulosasi komissiya hamraislari tomonidan imzolanadi. Xulosaga qonunga doir oʻzgartish va qoʻshimchalar loyihasining matni ilova qilinadi.
Kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan saylangan hamraisi qonunni qayta koʻrib chiqish sanasini belgilash uchun quyidagi hujjatlarni Kengash muhokamasiga kiritadi:
kelishuv komissiyasining xulosasi;
kelishuv komissiyasi majlisining bayonnomasi va qiyosiy jadval;
qonunga doir oʻzgartish va qoʻshimchalar loyihasi;
qonunning kelishuv komissiyasi taqdim etayotgan, kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan saylangan hamraisi tomonidan tasdiqlangan tahriri.
141-modda.
Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasining xulosasi taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida uning takliflarini koʻrib chiqishi va qaror qabul qilishi kerak.
Kelishuv komissiyasining takliflari qabul qilingan taqdirda qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi kerak. Qonunni qayta koʻrib chiqishda kelishuv komissiyasi majlisining bayonnomasida mavjud boʻlgan takliflargina muhokama qilinadi. Bunday holda qonun odatdagi tartibda qabul qilinadi.
142-modda.
Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasining takliflari boʻyicha deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qaror qabul qiladi.
Kelishuv komissiyasining loaqal bitta taklifi rad etilgan taqdirda Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasiga yangi takliflarni taqdim etish uchun Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullangan tuzatishlarni inobatga olgan holda ishni davom ettirishni taklif qilishi mumkin.
143-modda.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan kelishuv komissiyasining tahririda qabul qilingan taqdirda, u Senatga maʼqullash uchun zarur materiallar ilova qilingan holda besh kun ichida yuboriladi.
Agar kelishuv komissiyasining ish yakunlariga koʻra qonun boʻyicha kelishuvga erishilmasa, Qonun Senat tomonidan rad etilgan qonun sifatida Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi kerak.
144-modda.
Agar Senat tomonidan rad etilgan qonunni qayta koʻrib chiqish vaqtida Qonunchilik palatasi uni kelishuv komissiyasining tahririda qabul qilmasa va Senatning qonunni rad etish toʻgʻrisidagi qaroriga rozi emasligini bayon etsa, qonun avval qabul qilingan tahrirda ovozga qoʻyiladi.
Agar Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qonunni takroran maʼqullasa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga imzolash hamda eʼlon qilish uchun Qonunchilik palatasi tomonidan oʻn kun ichida yuboriladi.
Agar Qonunchilik palatasida Senat tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha avval qabul qilingan tahrirda ovoz berish vaqtida ushbu Qonun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismining ovozini toʻplamasa, koʻrib chiqilayotgan qonun qabul qilinmagan hisoblanadi.
14-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunlarni qayta koʻrib chiqish
145-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oʻz eʼtirozlari bilan Qonunchilik palatasiga qaytarishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonun bir oy muddat ichida Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi lozim.
146-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan va Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan masʼul qoʻmitaga topshiriladi.
Kengash masʼul qoʻmitaning xulosasini olgach, Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi masalani navbatdan tashqari tartibda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni Qonunchilik palatasining majlisida qayta koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarini, ushbu takliflar va mulohazalar boʻyicha masʼul qoʻmitaning xulosasini bayon etishdan boshlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni qayta koʻrib chiqishda Qonunchilik palatasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
qonunni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarini inobatga olgan holda qabul qilish;
qonunni bundan buyon koʻrib chiqmaslik;
qonunni avvalgi qabul qilingan tahririda maʼqullash.
147-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarining, shuningdek masʼul qoʻmitaning ushbu takliflar va mulohazalar boʻyicha xulosasining muhokamasi tugaganidan keyin ana shu takliflar va mulohazalarni hisobga olgan holda qonunni qabul qilish yoki bundan buyon qayta koʻrib chiqmaslik toʻgʻrisidagi taklif ovozga qoʻyiladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalari qonun loyihasini yanada maromiga yetkazishni taqozo etsa, Qonunchilik palatasi qonun loyihasining birinchi oʻqish tartib-taomilidan boshlab mazkur qonun ustidagi ishni davom ettirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Agar deputatlar umumiy sonining koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarini eʼtiborga olgan holda qabul qilingan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti takliflari va mulohazalarining muayyan qismi maʼqullangan taqdirda, qonunni qabul qilish keyinga qoldiriladi. Masʼul qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullangan takliflari va mulohazalarini hisobga olgan holda qonun matnini tayyorlash va qonunni Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun taqdim etish topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining loaqal bitta taklifi yoki mulohazasi rad etilgan taqdirda qonunni qabul qilish uchun deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab qilinadi.
Masʼul qoʻmitaning taklifiga binoan qonunni Qonunchilik palatasi avval qabul qilgan tahririda maʼqullash toʻgʻrisidagi masala Qonunchilik palatasida ovozga qoʻyilishi mumkin. Bunday holda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi va maʼqullash uchun Senatga yuboriladi.
Agar Qonunchilik palatasi qonunni bundan buyon koʻrib chiqmaslik toʻgʻrisida toʻxtamga kelsa, palata qaror qabul qiladi, ushbu qaror maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Senatga yuboriladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qayta koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmasdan Senatga yuboriladi.
15-bob. Ayrim qonun loyihalarini koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari
1-§. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasini hamda unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish
148-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasini hamda unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu paragrafda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda ushbu Reglamentning 11—14-boblari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
149-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, konstitutsiyaviy qonunning, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlarning loyihalarini qabul qilish uchun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab qilinadi.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini tegishli taklif kiritilganidan keyin olti oy ichida uning keng muhokamasini inobatga olgan holda koʻrib chiqishi mumkin.
150-modda.
Agar Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qilmasa, uni koʻrib chiqish kamida bir yildan keyin qayta boshlanishi mumkin.
2-§. Davlat budjetining loyihasini koʻrib chiqish
151-modda.
Navbatdagi moliya yili uchun Davlat budjeti loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Davlat budjeti loyihasini koʻrib chiqish Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu paragrafda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda ushbu Reglament 1114-boblarining talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
152-modda.
Davlat budjeti loyihasi masʼul qoʻmita tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqiladi, masʼul qoʻmita boshqa qoʻmitalar, deputatlar birlashmalari va deputatlarning mazkur loyiha boʻyicha takliflari hamda mulohazalarini oʻn kun ichida umumlashtiradi.
Masʼul qoʻmita majlislarining kuni va vaqti toʻgʻrisida boshqa qoʻmitalarga rasmiy ravishda xabar qilinadi.
Masʼul qoʻmitaning majlisida Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning Davlat budjetining loyihasi toʻgʻrisidagi axboroti eshitiladi.
Davlat budjetining loyihasiga doir materiallar mazkur loyiha Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilguniga qadar oldindan deputatlarga yetkaziladi.
153-modda.
Davlat budjeti loyihasini Qonunchilik palatasining majlisida birinchi oʻqishda muhokama qilish Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning maʼruzasi bilan boshlanadi, keyin masʼul qoʻmita vakilining qoʻshimcha maʼruzasi eshitiladi. Maʼruzalar boʻyicha muhokama oʻtkaziladi.
Davlat budjeti loyihasi boʻyicha Qonunchilik palatasining takliflari va mulohazalari uch kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.
154-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn toʻrt kun ichida Qonunchilik palatasining takliflari va mulohazalarini inobatga olgan holda Davlat budjeti loyihasini maromiga yetkazadi hamda Davlat budjetining maromiga yetkazilgan loyihasini Qonunchilik palatasiga ikkinchi oʻqish uchun yuboradi.
Davlat budjeti loyihasining ikkinchi oʻqishi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning maʼruzasi bilan boshlanadi, keyin masʼul qoʻmita vakilining qoʻshimcha maʼruzasi eshitiladi.
Davlat budjetining loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 15-noyabridan kechiktirmay koʻrib chiqilishi kerak.
155-modda.
Davlat budjeti loyihasining muhokamasi natijalari boʻyicha Qonunchilik palatasi kuyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Davlat budjetini qabul qilish toʻgʻrisida;
Davlat budjeti loyihasini rad etish haqida.
Davlat budjeti loyihasi rad etilgan taqdirda xarajatlar va daromadlarning aniq moddalari koʻrsatilgan holda Davlat budjeti loyihasi qabul qilinmaganligining sabablari toʻliq asoslab beriladi. Qonunchilik palatasi tomonidan rad etilgan Davlat budjeti loyihasi maromiga yetkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qaytariladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun mazkur budjet qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida Senatga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
156-modda.
Davlat budjetiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan belgilangan tartibda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Davlat budjetiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi masala, agar bu hol budjetni tartibga solishda qiyinchilik keltirib chiqarishi mumkin boʻlsa, Qonunchilik palatasining majlisida birinchi navbatda koʻrib chiqilishi kerak.
Davlat budjetiga oʻzgartish va qoʻshimchalar uni qabul qilish uchun belgilangan tartibda kiritiladi.
3-§. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish va ularning amal qilishini toʻxtatib turish
157-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu paragrafda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda mazkur Reglamentning 11—14-boblari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
158-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu shartnoma rasmiy matnining tasdiqlangan nusxasi va uni ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini toʻxtatib turishning maqsadga muvofiqligi asoslarini oʻz ichiga olgan hujjatlar bilan birgalikda kiritiladi.
159-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi masala masʼul qoʻmita tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqiladi. Masʼul qoʻmita mazkur masala yuzasidan xulosa qabul qiladi.
160-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senatga yuboriladi.
161-modda.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi deputatlar umumiy sonining zarur ovozlari miqdorini toʻplamagan boʻlsa va shu majlis jarayonida mazkur qonun loyihasini Qonunchilik palatasining qayta koʻrib chiqishi uchun kiritish zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini toʻxtatib turish tartib-taomilidan oʻtmagan hisoblanadi.
VI BOʻLIM.
QONUNChILIK PALATASINING QARORLARINI KOʻRIB ChIQISh VA QABUL QILISh
16-bob. Qonunchilik palatasining qarorlarini koʻrib chiqish va qabul qilishning umumiy tartibi
162-modda.
Qonunchilik palatasi qonunlar qabul qilinishi talab etilmaydigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
163-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oʻzining Senat bilan birgalikdagi vakolatlariga kiritilgan quyidagi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida;
2) Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili va uning oʻrinbosarini saylash;
7) Oʻzbekiston Respublikasi hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
10) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʻzgartirish.
Ushbu modda birinchi qismining 1, 4, 5, 6, 7 va 10-bandlarida nazarda tutilgan masalalar oldin Qonunchilik palatasida, keyin Senatda koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bir vaqtning oʻzida Qonunchilik palatasiga va Senatga kiritilgan farmonlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalalar (ushbu moddaning birinchi qismi 3, 8 va 9-bandlari) Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu masalalar boʻyicha qabul qilingan qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Ushbu modda birinchi qismining 2-bandida nazarda tugilgan masalalar, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasi va Senatning qoʻshma majlislarida ushbu Reglamentda nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasining umumiy siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa masalalar boʻyicha bayonotlari hamda murojaatlari ushbu Reglament talablariga rioya etilgan holda qabul qilinadigan qarorlar bilan rasmiylashtiriladi.
164-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bilan oʻzining mutlaq vakolatlariga kiritilgan quyidagi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi:
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal qilish;
oʻz faoliyatini tashkil etish va Qonunchilik palatasining ichki tartib-qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan;
siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan.
Qonunchilik palatasi oʻzining nazorat qilish vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq ayrim masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
165-modda.
Qonunchilik palatasining qarori loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilayotganida unga qisqacha tushuntirish xati va boshqa zarur materiallar ilova qilinadi.
Qonunchilik palatasining qarori loyihasi Qonunchilik palatasi devonida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran Qonunchilik palatasiga kiritilgan hisoblanadi.
166-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri Qonunchilik palatasining qarori loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun masʼul qoʻmitani va muddatni belgilaydi.
Kengash masʼul qoʻmita vakilining axborotini eshitib, Qonunchilik palatasining qarori loyihasida koʻrsatilgan masalani Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va maʼruzachini belgilaydi.
167-modda.
Qonunchilik palatasi majlisida masʼul qoʻmita vakilining axboroti eshitiladi va Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muhokamasi natijalari yuzasidan deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining qarori qabul qilinadi.
Agar ovoz berish yakunlariga koʻra Qonunchilik palatasining qarori loyihasini qabul qilish toʻgʻrisidagi taklif zarur miqdorda ovoz toʻplamagan boʻlsa, taklif rad etilgan hisoblanadi. Bunday holda Qonunchilik palatasining qarori loyihasida koʻrsatilgan masalani rad etish toʻgʻrisida Qonunchilik palatasining qarori qabul qilinadi.
Senat bilan birgalikdagi vakolatlariga kiritilgan masala yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori, agar ushbu Reglamentning 17-bobida boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida Senatga yuboriladi.
17-bob. Senat bilan birgalikdagi vakolatlarga kiritilgan masalalar yuzasidan ayrim qarorlar loyihalarini qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari
1-§. Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish va referendum oʻtkazish sanasini tayinlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish
168-modda.
Qonunchilik palatasi, agar Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala qonunda belgilangan tartibda uning koʻrib chiqishi uchun kiritilgan boʻlsa, mazkur masalani koʻrib chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqish toʻgʻrisida kelib tushgan materiallar Qonunchilik palatasi tomonidan ikki hafta ichida koʻrib chiqilishi lozim.
169-modda.
Qonunchilik palatasi oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani va masʼul qoʻmitaning xulosasini koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
referendum tayinlash va uni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida;
referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusni rad etish haqida;
referendum oʻtkazmasdan turib, referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusda taklif qilingan qonunni yoki boshqa qarorni qabul qilish haqida.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasining referendumi masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Senatga, shuningdek referendum oʻtkazish tashabbuskorlariga yuboriladi.
170-modda.
Agar Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusni rad etish haqida qaror qabul qilsa, ayni shu mazmun yoki maʼnodagi taʼrif bilan referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala kamida bir yildan keyin Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun takroran kiritilishi mumkin.
2-§. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish va tasdiqlash
171-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash toʻgʻrisidagi taqdimnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
172-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran yetti kun ichida koʻrib chiqadi.
173-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasining majlisida deputatlarning savollariga Qonunchilik palatasi belgilagan vaqt mobaynida, lekin koʻpi bilan 30 daqiqa ichida javob beradi.
Deputatlarning savollariga javoblar tugagandan keyin fraksiyalar va deputatlar guruhlarining vakillari Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimiga taqdim etilgan nomzod yuzasidan oʻz fikrlarini bayon etishlari mumkin.
174-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash Qonunchilik palatasi tomonidan yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Ovoz berish usuli toʻgʻrisidagi qaror deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
175-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod, agar taklif etilgan nomzod uchun deputatlar umumiy sonining koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlangan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
3-§. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash
176-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlari tasdiqlash uchun Qonunchilik palatasiga va Senatga bir vaqtda kiritiladi.
177-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi oʻzining tasdigʻiga kiritilgan farmonlari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
178-modda.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash masalasi yuzasidan qarorlari mazkur qarorlar qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Senatga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
4-§. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash
179-modda.
Qonunchilik palatasi oʻzining koʻrib chiqishi uchun kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini ushbu farmon kelib tushgan paytdan eʼtiboran 48 soatdan kechiktirmay koʻrib chiqadi.
180-modda.
Xizmat safarida, mehnat taʼtilida, saylovchilar bilan uchrashuvlarda boʻlishi munosabati bilan va boshqa sabablarga koʻra Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlisi oʻtkazilishi haqida xabarnoma olmagan deputatlar Qonunchilik palatasining majlisi oʻtkaziladigan joyga maxsus chaqiruvsiz imkon qadar qisqa muddatda yetib kelishlari shart.
181-modda.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida harbiy harakatlar olib borilishi yoki boshqa bartaraf etib boʻlmaydigan qiyinchiliklar mavjudligi natijasida yoki agar Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlisini Qonunchilik palatasining binosida oʻtkazish mumkin boʻlmay qolsa, Qonunchilik palatasi Spikeri Oʻzbekiston Respublikasining hududi doirasida boshqa binoni belgilaydi, bu haqda deputatlarga ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqa usulda xabar qilinadi.
182-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash haqidagi masala Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinmasdan koʻrib chiqiladi.
183-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlashi yoki tasdiqlamasligi mumkin, bu haqda tegishli qaror qabul qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash masalasi yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori, agar deputatlar umumiy sonining yarmidan koʻpi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qaror darhol Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, shuningdek Senatga maʼlumot uchun yuboriladi.
5-§. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish toʻgʻrisidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash
184-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish toʻgʻrisidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini ular kelib tushgan paytdan eʼtiboran 72 soatdan kechiktirmay koʻrib chiqadi.
185-modda.
Xizmat safarida, mehnat taʼtilida, saylovchilar bilan uchrashuvlarda boʻlishi munosabati bilan va boshqa sabablarga koʻra Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlisi oʻtkazilishi haqida xabarnoma olmagan deputatlar Qonunchilik palatasining majlisi oʻtkaziladigan joyga maxsus chaqiruvsiz imkon qadar qisqa muddatda yetib kelishlari shart.
186-modda.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida yoxud butun hududida favqulodda holat joriy etilishi yoxud boshqa bartaraf etib boʻlmaydigan qiyinchiliklar mavjudligi natijasida yoki agar Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlisini Qonunchilik palatasining binosida oʻtkazish mumkin boʻlmay qolsa, Qonunchilik palatasi Spikeri Oʻzbekiston Respublikasining hududi doirasida boshqa binoni belgilaydi, bu haqda deputatlarga ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqa usulda xabar qilinadi.
187-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish toʻgʻrisidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash haqidagi masala Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinmasdan koʻrib chiqiladi.
188-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish toʻgʻrisidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlashi yoki ularni tasdiqlamasligi mumkin, bu haqda tegishli qaror qabul qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish toʻgʻrisidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash haqidagi qaror, agar deputatlar umumiy sonining yarmidan koʻpi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qaror darhol Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, shuningdek Senatga maʼlumot uchun yuboriladi.
6-§. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish
189-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunga muvofiq kamida oʻn besh nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar toʻgʻrisidagi takliflar Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan kiritiladi.
190-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga koʻrsatilgan nomzodlarning muhokamasi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida shu nomzodlar ishtirokida oʻtkaziladi. Deputatlar muhokama etilayotgan nomzodlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishga haqlidirlar. Soʻzga chiqish uchun deputatlar birlashmalarining vakillari ustun huquqqa egadirlar.
191-modda.
Ovoz berish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga koʻrsatilgan har bir nomzod boʻyicha alohida-alohida, ushbu Reglamentda nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladi.
Agar oʻtkazilgan ovoz berishlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga koʻrsatilgan nomzodlardan bittasi yoki bir nechtasi ovozlarning zarur miqdorini toʻplamasa, saylash tartib-taomili yangi nomzodlarni koʻrsatishdan boshlanadi. Ushbu tartib-taomil Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga saylangan bir yoki bir nechta nomzod Senat tomonidan rad etilgan taqdirda ham oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzolarini saylash masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Senatga yuboriladi.
192-modda.
Qonunchilik palatasi qonunda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlarini tugatish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlarini tugatish masalasi yuzasidan Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Senatga yuboriladi.
7-§. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini va uning oʻrinbosarini saylash
193-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili oʻrinbosarining lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili tomonidan kiritiladi.
194-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili va uning oʻrinbosari lavozimiga koʻrsatilgan nomzodlar muhokamasi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida shu nomzodlar ishtirokida oʻtkaziladi. Deputatlar muhokama etilayotgan nomzodlar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishga haqlidirlar.
195-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili va uning oʻrinbosarini saylash masalasi yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori qabul qilinadi, mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Qonunchilik palatasi tomonidan Senatga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili toʻgʻrisidagi qaror esa, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentiga yuboriladi.
196-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini yoki uning oʻrinbosarini qonunda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishi mumkin. Ushbu masala yuzasidan qabul qilingan Qonunchilik palatasining qarori Senatga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
197-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilini jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga rozilik berish toʻgʻrisidagi masala ushbu Reglamentning 202—205-moddalarida nazarda tutilgan muddatlarda va tartibda Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Mazkur masala yuzasidan qabul qilingan qaror darhol Senatga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga maʼlumot uchun yuboriladi.
8-§. Tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish
198-modda.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining belgilangan tartibda kiritilgan taklifiga binoan tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi.
199-modda.
Qonunchilik palatasi tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
200-modda.
Tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qarorlar Senatga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.
201-modda.
Tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala Qonunchilik palatasi tomonidan rad etilgan taqdirda, u Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kamida bir yildan keyin qayta kiritilishi mumkin.
18-bob. Qonunchilik palatasining uning mutlaq vakolatlariga kiritilgan masalalar boʻyicha ayrim qarorlar loyihalarini koʻrib chiqishining oʻziga xos xususiyatlari
1-§. Qonunchilik palatasi tomonidan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish
202-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining deputatni jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralarini koʻllashga rozilik olish toʻgʻrisidagi taqdimnomalari kiritilgan kunidan eʼtiboran yetti kun ichida Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi, Qonunchilik palatasining sessiyalari oraligʻidagi davrda esa kiritilgan kunidan eʼtiboran yetti kun ichida Kengash tomonidan koʻrib chiqilib, keyinchalik Kengashning ushbu masala yuzasidan qarori Qonunchilik palatasining sessiyasida tasdiqlanadi.
203-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi dastlabki tarzda masʼul qoʻmitada koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi, Kengash kiritilgan taqdimnoma yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroridan qoʻshimcha materiallar talab qilib olishi mumkin.
204-modda.
Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masala Qonunchilik palatasi yoki Kengash majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va oʻziga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi kiritilgan deputat ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Masʼul qoʻmitaning raisi yoki uning topshirigʻiga binoan qoʻmita aʼzolaridan biri Qonunchilik palatasining yoki Kengashning majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasini oʻqib eshittiradi va masʼul qoʻmitaning ushbu taqdimnoma yuzasidan xulosasi haqida maʼlumot beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga soʻzga chiqishi va deputatlarning savollariga javob berishi uchun soʻz navbati beriladi.
Oʻziga nisbatan daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi kiritilgan deputat ana shu masala Qonunchilik palatasi yoki Kengash majlisida koʻrib chiqilayotganda tushuntirishlar berishga haqlidir.
205-modda.
Qonunchilik palatasining yoki Kengashning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etishga rozilik berish toʻgʻrisidagi qarori yashirin ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Qonunchilik palatasining yoki Kengashning deputatni jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga rozilik berish masalasi yuzasidan qarori darhol Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yuboriladi.
206-modda.
Qonunchilik palatasiga jinoyat ishining tugatilgani haqida yoki maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan ish yuritish tugatilgani, shuningdek daxlsizlik huquqidan mahrum etilishiga rozilik berilgan deputatga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilgani haqida xabar tushgan taqdirda Qonunchilik palatasi oʻzining eng yaqin majlisida rozilik berish toʻgʻrisida ilgari qabul qilingan qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror darhol Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga, shuningdek zarurat boʻlganda, tegishli sudga yuboriladi.
2-§. Reglamentni qabul qilish hamda unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
207-modda.
Reglament, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish Qonunchilik palatasining qarori bilan qabul qilinadi.
208-modda.
Reglamentga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar qoʻmitalar, deputatlar birlashmalari, deputatlar tomonidan kiritilishi mumkin va Kengash tomonidan Qonunchilik palatasi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritiladi. Bu takliflar Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi navbatda koʻrib chiqiladi.
209-modda.
Qonunchilik palatasining ushbu Reglamentda nazarda tutilmagan majlislarini oʻtkazish, Qonunchilik palatasining faoliyatiga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqish tartib-taomillari Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi, bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi va qabul qilingan kundan eʼtiboran amal qiladi.
VII BOʻLIM.
QONUNChILIK PALATASI TOMONIDAN NAZORAT QILISh
SOHASIDAGI VAKOLATLARNING AMALGA OShIRILIShI
19-bob. Davlat budjeti ijrosining borishi haqidagi masalalarni koʻrib chiqish
210-modda.
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Qonunchilik palatasiga hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay taqdim etadi, shuningdek har chorakda Davlat budjeti ijrosining borishi toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi.
211-modda.
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining yil yakunlari boʻyicha va har chorakdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqadi. Hisobotni koʻrib chiqish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maʼruzasi, masʼul qoʻmitaning xulosasi eshitiladi, muhokama etiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
20-bob. Parlament soʻrovi
212-modda.
Qonunchilik palatasi, shuningdek deputat davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan parlament soʻrovi yuborishga haqli.
Parlament soʻroviga javobni davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay Qonunchilik palatasining majlisida beradilar.
213-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oliy xoʻjalik sudining raisi, Bosh prokurori, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlari nomiga yoʻllangan parlament soʻrovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga taalluqli boʻlishi mumkin emas.
114-modda.
Parlament soʻrovlari boʻyicha axborot Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinishi mumkin. Qonunchilik palatasi muhokama yakunlari boʻyicha qaror qabul qiladi.
21-bob. Qonunchilik palatasi tomonidan nazorat qilish sohasidagi boshqa vakolatlarning amalga oshirilishi
215-modda.
Qonunchilik palatasi har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay, oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni muhokama qilish natijalariga koʻra Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, mazkur qaror oʻn kun ichida Senatga yuboriladi.
216-modda.
Qonunchilik palatasi har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay, oʻz majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini eshitadi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini muhokama qilish natijalariga koʻra Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, mazkur qaror oʻn kun ichida Senatga yuboriladi.
217-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi yoki u vakolat bergan organ har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-martidan kechiktirmay oʻz majlisida siyosiy partiyalarning oʻz faoliyatlarini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi.
(217-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2009-yil 11-martdagi 979-I-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 3-son, 68-modda)
Siyosiy partiyaning oʻz faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotiga uning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini va ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun hisobot yilida partiyaning hisobvaragʻiga kelib tushgan hamda sarflangan davlat mablagʻlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining xulosasi ilova qilinadi.
Siyosiy partiyaning oʻz faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisoboti Qonunchilik palatasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va manfaatdor tashkilotlarning vakillari taklif etilgan holda koʻrib chiqiladi.
Siyosiy partiyaning oʻz faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotini muhokama qilish natijalariga koʻra Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi.
218-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida hukumat aʼzolarining faoliyati masalalari yuzasidan ularning axborotini eshitish deputatlar birlashmalarining tashabbusiga koʻra amalga oshiriladi hamda Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga muvofiq oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi majlisiga taklif etilgan hukumat aʼzosiga soʻzga chiqish uchun, qoida tariqasida, 20 daqiqagacha, deputatlarning savollariga javob berish uchun esa koʻpi bilan 30 daqiqa ajratiladi.
219-modda.
Qoʻmitalar, shuningdek deputatlar davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspert xulosalari, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlarni talab qilib olishlari mumkin.
Qoʻmitalar yoki deputatlar talab qilib oladigan axborotni tegishli davlat organi, boshqa tashkilot, mansabdor shaxs murojaat olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay taqdim etishi kerak.
Qoʻmitalarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga qanday rioya etilayotgani, qoʻmitalarning qarorlari qanday bajarilayotgani toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitishi qoʻmitalarning ish rejalariga muvofiq oʻtkaziladi.
VIII BOʻLIM.
YAKUNLOVChI QOIDALAR
220-modda.
Qonunchilik palatasi boshqa davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan parlamentlararo hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzishi, rasmiy parlament delegatsiyalari bilan almashinishi, shuningdek xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlar oʻtkazishi mumkin.
221-modda.
Boshqa davlatlarning parlamentlari rahbarlariga, davlatlar va hukumatlar boshliqlariga, parlament delegatsiyalarining rahbarlariga ularning iltimosiga binoan Qonunchilik palatasi majlisida soʻzga chiqish imkoniyati berilishi mumkin.
222-modda.
Qonunchilik palatasi, uning organlari va deputatlar faoliyatining tashkiliy, axborot, moddiy-texnika taʼminoti Qonunchilik palatasining devoni tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunchilik palatasining devoni yuridik shaxs hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi devonining faoliyati, uning xodimlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan tasdiqlanadigan Qonunchilik palatasi devoni toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.
Qonunchilik palatasi devoni toʻgʻrisidagi nizom deputatlar eʼtiboriga yetkaziladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-y., 7-son, 242-modda; 2006-y., 4-son, 174-modda; 2007-y., 7-son, 328-modda; 2009-y., 3-son, 68-modda)