Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
Buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AUDITORLIK FAOLIYATINING MILLIY STANDARTI (12-SON AFMS) “AUDITORLIK TEKShIRUVLARI JARAYoNIDA BUXGALTERIYA HISOBI VA IChKI NAZORAT TIZIMINI BAHOLASh”NI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 12-aprelda 1673-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 1-iyundagi 61-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1673-1, 22.06.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 562-modda)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (12-son AFMS) “Auditorlik tekshiruvlari jarayonida buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini baholash” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 29-dekabr,
108-son
Moliya vazirining
2006-yil 29-dekabrdagi 108-son buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi auditorlik faoliyatining milliy standarti (12-son AFMS) “Auditorlik tekshiruvlari jarayonida buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini baholash”
Mazkur Auditorlik faoliyatining milliy standarti (12-son AFMS) (keyingi oʻrinlarda — Standart), Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 149-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida” 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 9-son, 62-modda) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini meʼyoriy tartibga solish tizimining elementi hisoblanadi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartning maqsadi auditorlik tashkilotining xoʻjalik yurituvchi subyektda auditorlik tekshiruvlari jarayonida buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini baholash boʻyicha amallarini aniqlashdan iborat.
2. Ushbu Standartning vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
a) xoʻjalik yurituvchi subyektda auditorlik tekshiruvlari jarayonida auditor (auditorlar) tomonidan buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini baholashga qoʻyiladigan asosiy talablarni ishlab chiqish;
b) xoʻjalik yurituvchi subyektda auditorlik tekshiruvlari jarayonida buxgalteriya hisobi tizimini baholash tartibini bayon qilish;
v) xoʻjalik yurituvchi subyektda auditorlik tekshiruvlari jarayonida ichki nazorat tizimini baholash tartibini bayon qilish.
3. Mazkur Standartning talablari rasmiy auditorlik xulosasini tayyorlashni nazarda tutuvchi auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishda barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
4. Mazkur standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
buxgalteriya hisobi tizimi — barcha xoʻjalik operatsiyalarini yaxlit, uzluksiz, hujjatlar asosida hisobga olish yoʻli bilan buxgalteriya axborotini yigʻish, qayd etish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimi, shuningdek uning asosida moliyaviy va boshqa hisobotni tuzish;
ichki nazorat tizimi — buxgalteriya hisobini yuritishda, moliyaviy va boshqa hisobotlarni tuzishda xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishning qonuniyligini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini, aktivlarning but saqlanishini taʼminlash, talon-toroj qilish hollari va xatoliklarning oldini olish hamda aniqlash maqsadida buxgalteriya hisobi subyektining rahbari tomonidan qabul qilingan hisob siyosati asosida tashkil etilgan chora-tadbirlar tizimi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 1-iyundagi 61-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1673-1, 22.06.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 562-modda)
II. Auditorlik tekshiruvlari jarayonida buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini baholashga qoʻyiladigan asosiy talablar
5. Auditorlik tekshiruvi jarayonida auditor(lar) tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektda qoʻllanilayotgan buxgalteriya hisobi tizimini tekshirish (lar)i shart va bunda rejalashtirilayotgan auditorlik amallarining mohiyati, hajmi va vaqtinchalik xarajatlarini aniqlashga asos boʻladigan nazorat vositalarini oʻrganish(lar)i va baholash(lar)i lozim.
6. Ichki nazorat tizimi xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatining hajmi va xususiyatlariga muvofiq boʻlishi lozim. Auditor auditorlik tekshiruvi jarayonida buxgalteriya hisobi tizimi tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning xoʻjalik faoliyatini haqqoniy aks ettirishi toʻgʻrisida yetarli darajada ishonchga ega boʻlishi lozim.
7. Agar auditor tegishli nazorat vositasiga tayanishi mumkinligi toʻgʻrisida ishonch hosil qilsa, bunday holda u auditorlik amallarini chuqurlashmagan tarzda oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi, aks holda u koʻproq (keng) tanlov asosida oʻtkazgan boʻlar edi, shuningdek qoʻllanilayotgan auditorlik amallari mohiyatiga va ularni amalga oshirish uchun moʻljallanayotgan vaqt sarfiga oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
8. Auditorlik tashkiloti ichki nazorat tizimining ishonchliligi va samaradorligini umumiy va alohida baholashda quyidagi darajalardan foydalanadi:
a) yuqori;
b) oʻrta;
v) past.
9. Auditorlik tashkiloti oʻzining faoliyatida ishonchlilik va samaradorlikni baholashda koʻp miqdordagi darajalarni qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
10. Buxgalteriya hisobi tizimi va ichki nazorat tizimini oʻrganish va baholash auditorlik tashkilotining ish hujjatlarida albatta (majburiy tartibda) aks ettirilishi lozim. Bunda quyidagilardan foydalanish tavsiya etiladi:
a) maxsus ishlab chiqilgan test amallaridan;
b) rahbariyat xodimlari va buxgalteriya ishchilarining fikrlarini aniqlash maqsadida namunaviy savollar roʻyxatidan;
v) tekshiruv varaqalari va maxsus blankalardan;
g) eʼtirozlar roʻyxati, bayonnoma yoki dalolatnomalardan.
11. Auditorlik tashkiloti mazkur va boshqa auditorlik faoliyatining milliy standartlari talablari asosida buxgalteriya hisobi va ichki nazorat tizimini oʻrganishning va baholashning tartibini, hamda uslubini mustaqil ishlab chiqadi, shuningdek baholash va oʻrganish natijalaridan kelib chiqib, auditorlik tekshiruvi amallarini rejalashtiradi. Xoʻjalik yurituvchi subyektning nazorat tizimini baholash natijasida alohida auditorlik amallarining toʻliqligi va hajmining kamaytirilishi va boshqa aynan shunday hollarda atroflicha asoslangan boʻlishi lozim.
12. Auditorning buxgalteriya hisobi tizimining tashkil qilinishi va ichki nazorat tizimining samaradorligi toʻgʻrisidagi fikri auditorlik amallarini oʻtkazishni rejalashtirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt buxgalteriya hisobi tizimining xususiyatlari, shuningdek ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki nazorat tizimini oʻrganish va baholash natijalarining hujjatlashtirilmaganligi yoki yetarli darajada hujjatlashtirilmaganligi auditorlik tekshiruvining lozim darajada oʻtkazilmaganligiga dalil boʻlib xizmat qilishi mumkin.
13. Auditorlik tekshiruvlari jarayonida aniqlangan buxgalteriya hisobi tizimi va ichki nazorat tizimining kamchiliklari, shuningdek ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar auditorlik hisobotida aks ettirilishi lozim.
III. Buxgalteriya hisobi tizimini baholash tartibi
14. Auditor auditorlik tekshiruvini rejalashtirish va uni bevosita oʻtkazish jarayonida tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi tizimini oʻrganishi va baholashi shart.
15. Buxgalteriya hisobi tizimini oʻrganish tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining quyidagi tomonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish va baholashni oʻz ichiga oladi:
a) buxgalteriya hisobini tashkil qilish va yuritishning asosiy qoidalari va hisob siyosatini;
b) buxgalteriya hisobi xizmati va uning tarkibiy tuzilmasini;
(15-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 1-iyundagi 61-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1673-1, 22.06.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 562-modda)
v) buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tayyorlashda ishtirok etadigan xodimlar oʻrtasida majburiyatlar va vakolatlarning taqsimlanishini;
g) xoʻjalik operatsiyalarini aks ettiruvchi hujjatlarning tayyorlanishi, aylanishi va saqlanishining tashkil etilganligini;
d) xoʻjalik operatsiyalarining buxgalteriya hisobi registrlarida aks ettirish tartibini, ushbu registrlar maʼlumotlarining umumlashtirish shakli va usullarini;
e) buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida davriy moliyaviy hisobotni tayyorlash tartibini;
j) buxgalteriya hisobini tashkil qilish va yuritishda hamda moliyaviy hisobotni tayyorlashda texnika vositalari, axborot tizimlari va axborot texnologiyalarining roli va oʻrnini;
(15-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 1-iyundagi 61-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1673-1, 22.06.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 562-modda)
z) moliyaviy hisobotning buzilishi va xatoliklarini vujudga keltirish imkoni yuqori boʻlgan buxgalteriya hisobi obyektlarini;
i) hisob tizimining alohida sohalarida koʻzda tutilgan nazorat vositalarini.
16. Auditor, auditorlik tekshiruvlari jarayonida xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi tizimining tashkil qilinishi qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirishi va natijalarini ish hujjatlarda aks ettirishi lozim. Agar xoʻjalik operatsiyalarini aks ettirishda quyidagi talablar bajarilsa, u holda xoʻjalik subyektining buxgalteriya hisobi tizimi samarali hisoblanadi:
a) xoʻjalik operatsiyalari buxgalteriya hisobida ularning amalga oshirilgan vaqtini toʻgʻri aks ettirsa;
b) xoʻjalik operatsiyalari buxgalteriya hisobida toʻgʻri summada qayd etilsa;
v) xoʻjalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining schyotlarida qonunchilik va hisob siyosati talablari asosida toʻgʻri aks ettirilgan boʻlsa;
g) buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik operatsiyalarining tafsilotlari aks ettirilgan boʻlsa.
17. Auditorlik tekshiruvlari jarayonida tekshirilayotgan xoʻjalik subyekti buxgalteriya hisobining tashkil qilinishi, yoʻlga qoʻyilishi va yuritilishiga taalluqli ichki hujjatlar bilan tanishish zarur va uning haqiqiy holati mazkur Standartning 16-bandi talablariga qanchaliq muvofiqligini aniqlash lozim. Zarur hollarda bunday solishtirish uchun hisobda alohida summalarning birlamchi hujjatlardan ularning hisobot hujjatlarida aks ettirishgacha boʻlgan harakatini kuzatish tavsiya etiladi.
IV. Ichki nazorat tizimini baholash tartibi
18. Auditor auditorlik tekshiruvlari jarayonida xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki nazorat tizimi quyidagilarni oʻz ichiga olishini inobatga olishi lozim:
a) buxgalteriya hisobi tizimini;
b) nazorat muhitini;
v) alohida nazorat vositalarini.
19. Nazorat muhiti deganda, xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatining ichki nazorat tizimini belgilash va ushlab turishga yoʻnaltirilgan amaliy harakatlari va xabardorligi tushunilib, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektni boshqarishning asosiy tamoyillarini;
b) xoʻjalik yurituvchi subyektning tashkiliy tuzilmasini;
v) ishchilarning vakolati va javobgarligining taqsimlanishini;
g) amalga oshirilayotgan xodimlar siyosatini;
d) tashqi foydalanuvchilar uchun moliyaviy hisobotlarni tayyorlash tartibini;
e) hisob siyosati, ichki hisob va hisobot tizimi ishlab chiqilishini;
(19-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 1-iyundagi 61-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1673-1, 22.06.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 562-modda)
j) xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining umuman qonunchilikka mosligini.
20. Xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbariyati ichki nazorat tizimining ishlab chiqilishi va qoʻllanishi uchun masʼul hisoblanadi. Ichki nazorat tizimining xoʻjalik yurituvchi subyektning xususiyati va koʻlami talabiga javob berishi, doimiy va samarali amal qilishi unga bogʻliq boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatini nazorat qilish uchun qonun hujjatlarida belgilangan hollarda taftish komissiyasi (taftishchi) saylanadi, ichki audit xizmati tashkil etiladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 1-iyundagi 61-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1673-1, 22.06.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 562-modda)
21. Xoʻjalik yurituvchi subyektning samarali tarkibiy tuzilishi ishchilarning vakolati va majburiyatlarining taqsimlanishini nazarda tutadi. U alohida shaxslar tomonidan nazorat talablarining buzilishining oldini olishi va oʻzaro bogʻliq boʻlmagan vazifalarning boʻlinishini taʼminlashi lozim. Ishchining funksiyalari, agarda ularning bitta shaxsda mujassamlashganligi tasodifiy yoki qasddan xatolikka yoʻl qoʻyilishiga olib kelsa, hamda shunday xato va kamchiliklarni aniqlashga qiyinchilik tugʻdirsa, u oʻzaro bogʻliq boʻlmagan hisoblanadi. Odatda quyidagi funksiyalar turli shaxslar oʻrtasida taqsimlanishi lozim:
a) xoʻjalik yurituvchi subyektning mulkiga (aktiviga) bevosita kirishga yoʻl qoʻyish;
b) xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berish;
v) xoʻjalik operatsiyalarini buxgalteriya hisobida aks ettirish.
22. Ichki nazorat tizimining samarali amal qilishi, shuningdek, tegishli faoliyatni yuritish yuklatilgan ishchilarga ham bogʻliq. Xodimlarni tanlash, yollash, lavozimini koʻtarish, oʻqitish va qayta tayyorlash tizimi tegishli xodimlarning malakasining yuqoriligini taʼminlashi lozim.
23. Auditor, ichki nazorat tizimi absolyut aniq darajada emas, balki maʼlum darajadagi ehtimol bilan tasdiqlashi mumkinligini, hamda uni tashkil qilishdan koʻzlangan maqsad ichki nazorat tizimining quyidagi cheklovlari natijasida erishganligini nazarda tutishi lozim:
a) xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyatining nazorat tadbirlarini amalga oshirish xarajatlari ana shunday tadbirlarni qoʻllash natijasida olinadigan iqtisodiy nafdan kam boʻlishini talab qilishi;
b) xoʻjalik yurituvchi subyekt xodimlarining ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektning boshqa xodimlari va uchinchi shaxslar bilan oʻzaro kelishuv natijasida nazorat tizimini qasddan buzish;
v) nazoratning maʼlum qismining amal qilishi uchun masʼul boʻlgan rahbariyat vakillari tomonidan suiisteʼmol qilinishi natijasida nazorat tizimining buzilishi;
g) moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining yoki buxgalteriya hisobini yuritish qoidalarining jiddiy oʻzgarishlari natijasida qabul qilingan nazorat amallarining samarali boʻlmay qolishi mumkinligi.
24. Auditor tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning nazorat vositalari quyidagi maqsadlarga erishayotganligiga ishonch hosil qilishi lozim:
a) xoʻjalik operatsiyalari barcha va alohida hollarda rahbariyatning roziligi bilan amalga oshirilayotganligiga;
b) buxgalteriya hisobida barcha operatsiyalar xoʻjalik yurituvchi subyektda qabul qilingan hisob siyosatiga muvofiq toʻgʻri summalarda, buxgalteriya hisobining tegishli schyotlarida, toʻgʻri vaqt davrida aks ettirilayotganligiga va ishonchli moliyaviy hisobot tayyorlash imkoniyatini taʼminlayotganligiga;
v) aktivlarga kirish faqat tegishli rahbariyatning ruxsati bilan yoʻl qoʻyilayotganligiga;
g) buxgalteriya hisobida qayd qilingan va haqiqatda mavjud boʻlgan aktivlar muvofiqligi belgilangan davrlarda vakolatli shaxslar tomonidan aniqlanayotganligiga va farqlar aniqlangan hollarda esa rahbariyat tomonidan tegishli choralar koʻrilayotganligiga.
25. Auditor u tomonidan tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektda ichki nazoratning quyidagi amallarining qoʻllanilayotganligiga ishonch hosil qilishi lozim:
a) buxgalteriya yozuvlarining toʻgʻriligini arifmetik tekshirish;
b) hisob-kitoblarni taqqoslashni oʻtkazish;
v) hujjatlar aylanishining toʻgʻriligini va rahbariyat xodimlarining rozilik yozuvlari mavjudligini tekshirish;
g) buxgalteriya hisobida maʼlumotlarning amaldagi holatiga muvofiqligini aniqlash maqsadida, tovar-moddiy qiymatliklari, qimmatli qogʻozlar, qatʼiy hisobot blankalari va kassadagi naqd pullarni belgilangan tartibga muvofiq davriy rejali va toʻsatdan inventarizatsiya qilish;
d) nazorat maqsadida xoʻjalik yurituvchi subyektdan tashqarida joylashgan manbalar maʼlumotlaridan foydalanish;
e) buxgalteriya schyotlari boʻyicha yozuvlar va hujjatlarni yuritish tizimiga, korxonaning aktivlariga vakolati boʻlmagan shaxslarni yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan cheklov tadbirlarini amalga oshirish;
j) koʻrsatkichlar dinamikasini tadqiq qilish, reja va smeta koʻrsatkichlarini haqiqatdagi holat bilan taqqoslash va salmoqli farqlarning sabablarini aniqlash.
26. Auditor xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki nazorat tizimini quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha baholaydi:
a) ichki nazorat tizimi bilan umumiy tanishish;
b) ichki nazorat tizimining ishonchliligini dastlabki baholash;
v) ichki nazorat tizimini baholashning ishonchliligini tasdiqlash.
Auditorlik tashkilotlari oʻzlarining faoliyatida ichki nazorat tizimini baholashning koʻproq sonli bosqichlarini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari mumkin.
27. Auditorlik tashkilotlari ishning boshlanishida xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatining xususiyati va koʻlami va uning buxgalteriya hisobi tizimi toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlishi lozim. Auditorlik tashkiloti dastlabki oʻrganishlar natijasi boʻyicha tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki nazorat tizimiga oʻzining ish faoliyati davomida tayanishi mumkinligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi lozim.
28. Agar auditorlik tashkiloti oʻzining ish faoliyati davomida xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki nazorat tizimiga tayana olmasligi toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, u auditorlik tekshiruvini shunday rejalashtirishi kerakki, unda auditorning fikri ushbu tizimga ishonishga asoslanmasligi lozim. Bu ichki nazorat tizimi ishonchliligi “past” deb baholansa yoki auditor ushbu tizimga ishonmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilganda amalga oshirilishi mumkin.
29. Agar auditorlik tashkiloti xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki nazorat tizimini umumiy oʻrganish natijalari boʻyicha oʻzining ish faoliyatida ichki nazorat tizimiga tayanishi mumkinligi toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, bu holda u ichki nazorat tizimining ishonchliligini dastlabki baholashni amalga oshirishi lozim.
30. Ichki nazorat tizimining ishonchliligini dastlabki baholash amallari auditorlik tashkiloti tomonidan mazkur Standart talablarini hisobga olgan holda mustaqil ishlab chiqilgan usullar va yondashuvlar asosida amalga oshiriladi.
31. Auditor ichki nazorat tizimining ishonchliligini dastlabki baholash jarayonida quyidagilarni inobatga olishi lozim:
a) xoʻjalik yurituvchi subyektning faqat tanlab olingan vaqtdagi davrini emas, balki barcha hisobot davridagi buxgalteriya hujjatlarini nazorat vositasi sifatida ishonchliligini tekshirish lozim;
b) tekshirish jarayonida faoliyat uchun xususiyatli yoki butun boshqa davrlar uchun odatiy hol boʻlgan faoliyat bilan taqqoslaganda farq qiladigan faoliyat davrlariga katta eʼtibor qaratish lozim;
v) butun ichki nazorat tizimining va (yoki) nazoratning alohida vositalarining ishonchliligining “past” baholanishi, boshqa alohida nazorat vositalarining ishonchliligini “oʻrta” yoki “yuqori” darajada baholashni inkor etmaydi.
32. Auditorlik tashkiloti ishonchlilikni dastlabki baholash jarayonlari natijasi boʻyicha butun ichki nazorat tizimini va (yoki) nazoratning alohida vositalarining ishonchliligini “oʻrta” yoki “yuqori” darajada baholashi mumkin. Bunday holda auditorlik tashkiloti auditorlik amallarini ushbu xulosadan kelib chiqib rejalashtirishi lozim, ammo mazkur tizimga mutloq ishonmasligi lozim.
33. Auditorlik tashkiloti dastlabki baholash jarayonlari natijasi boʻyicha butun ichki nazorat tizimini va (yoki) nazoratning alohida vositalarini “past” deb baholagan taqdirda, u buni qayd qilib oʻtishi va keyinchalik auditorlik amallarini shunga mos ravishda rejalashtirishi lozim.
34. Dastlabki baholash natijalari boʻyicha ichki nazorat tizimiga va (yoki) nazoratning alohida vositalariga ishonch bildirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvlari jarayonida ushbu tizimning ishonchliligini tasdiqlash amallarini bajarishi lozim.
35. Ichki nazorat tizimining ishonchliligini tasdiqlash amallari auditorlik tashkiloti tomonidan mazkur va boshqa auditorlik faoliyatining milliy standartlari talablarini hisobga olgan holda mustaqil ishlab chiqilgan usullar va yondashuvlar asosida amalga oshiriladi.
36. Agar auditorlik tashkiloti ishonchlilikni tasdiqlash jarayonida ichki nazorat tizimi umuman va (yoki) ichki nazoratning alohida bir vositasi dastlabki baholash jarayonida olingan bahodan past degan xulosaga kelsa, bunday holda u oʻtkaziladigan auditorlik tekshiruvlari natijalari boʻyicha oʻz xulosasining ishonchliligini oshirish maqsadida boshqa auditorlik amallarini amalga oshirish tartibini shunga mos ravishda tuzatishi lozim.
37. Ichki nazorat tizimini baholashning barcha bosqichlari butun tizim yoki alohida nazorat vositasi ishonchliligining bahosini koʻrsatgan holda tegishli tartibda batafsil hujjatlashtirilishi lozim.
V. Yakuniy qoidalar
38. Mazkur Standart Oʻzbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 162-modda; 2017-y., 25-son, 562-modda)