Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.05.2008
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
Qarori
2006—2008 YILLARDA MAHALLIY XOM AShYo NEGIZIDA TAYYoR MAHSULOT, BUTLOVChI BUYuMLAR VA MATERIALLAR IShLAB ChIQARIShNI MAHALLIYLAShTIRISh DASTURI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-maydagi PQ-879-sonli “2008—2010-yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iqtisodiyotning jadal va barqaror rivojlanishini ta’minlash, uning tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi, samarali texnologiyalarni tatbiq qilishni jadallashtirish, mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan keng foydalanish, shuning asosida zamonaviy raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, valyuta mablag‘laridan tejamli va oqilona foydalanish, shuningdek yangi ish joylarini yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan respublika kompaniyalari, uyushmalari va korxonalari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2006—2008-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi (keyingi o‘rinlarda — Mahalliylashtirish dasturi deb yuritiladi) ma’qullansin. Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
2006—2008-yillarda sanoat mahsuloti asosiy turlarini ishlab chiqarish hajmi va mahalliylashtirish darajasining maqsadli parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
butlovchi qism va detallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari ro‘yxati 2-ilovaga* muvofiq;
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
tayyor mahsulot turlari, materiallar va xomashyo ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari ro‘yxati 3-ilovaga* muvofiq;
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
sport anjomlari va o‘quv uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari ro‘yxati 4-ilovaga* muvofiq.
* 4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha Maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda — Maxsus komissiya deb yuritiladi) tarkibi 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin hamda uning zimmasiga loyihalar amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borish va Dastur parametrlarini so‘zsiz bajarish vazifalari yuklansin.
* 5-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. 2 va 3-ilovalarga kiritilgan korxonalar 2009-yilning 1-yanvarigacha:
chetdan olib kelinadigan texnologiya uskunalari va ularning ehtiyot qismlari, shuningdek respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, mahalliylashtirilayotgan mahsulotni ishlab chiqarishdagi texnologiya jarayonida foydalaniladigan komponentlar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno);
mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotdan olingan daromad (foyda) solig‘i, yagona soliq to‘lovi (soddalashtirilgan soliq tizimi qo‘llaniladigan subyektlar uchun) to‘lashdan;
mahalliylashtiriladigan mahsulot ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan asosiy ishlab chiqarish fondlari bo‘yicha mulk solig‘i to‘lashdan ozod qilinsin.
4-ilovaga kiritilgan korxonalar davlat budjeti, davlat maqsadli fondlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi kafolati bilan xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan beriladigan xorijiy grantlar va kreditlar hisobiga moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar bo‘yicha tender (tanlov) savdolarining g‘oliblari sifatida aniqlangan taqdirda ularga mazkur qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilsin. Tender (tanlov) savdolari g‘oliblari belgilangan tartibda mahalliylashtirish Dasturiga kiritilish huquqiga ega.
3. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar berish hisobiga bo‘shaydigan mablag‘lar texnologiya uskunalarini Modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, mahalliylashtirish Dasturini amalga oshirishga jalb etilgan korxonalarning muhandis-texnik xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlangan mahalliylashtirish Dasturi parametrlariga o‘zgartirishlar, shu jumladan Maxsus komissiyaning xulosalari asosida yangi loyihalarni kiritish va loyihalarni chiqarib tashlash bilan bog‘liq tuzatishlar kiritish huquqi berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda mahalliylashtirish Dasturiga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har oy axborot berib borsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliylashtirish Dasturida ishtirok etayotgan korxonalarga berilayotgan imtiyozlarni qo‘llash tartibi, shuningdek mazkur korxonalarning Mahalliylashtirish Dasturini amalga oshirish doirasidagi majburiyatlarining ijrosini ta’minlash tartibini qayta ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. “O‘zstandart” agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshiruvchi korxonalarda jahon standartlariga muvofiq sifatni boshqarish tizimini tatbiq etish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek korxona xodimlarini standartlashtirish va sifatni boshqarish tizimini tatbiq etish masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qitishni tashkil etsin.
8. Mahalliylashtirish dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 12-iyundagi PQ–375-sonli qarori bilan tasdiqlangan, amalga oshirilishi doimiy monitoring qilib boriladigan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishning eng muhim maqsadli dasturlari Ro‘yxatiga kiritilsin.
9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan mahalliy xomashyoni qayta ishlashga asoslangan mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlarni keng yoritish, jumladan xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni;
mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarni mahalliylashtirish Dasturining afzalliklari hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish mahalliy xomashyo negizida maqsadga muvofiq bo‘lgan tayyor va butlovchi buyumlar ro‘yxati to‘g‘risida axborot berishni ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 6-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 22-iyun,
PQ-386-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2006-yil 22-iyundagi PQ–386-son qaroriga
6-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan qarorlari ro‘yxati
1. Vazirlar Mahkamasining “2005-yilgacha bo‘lgan davrda mahalliy xomashyo negizida buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida” 2000-yil 5-sentabrdagi 342-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “2005-yilgacha bo‘lgan davrda mahalliy xomashyo negizida buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilayotgan loyihalar ro‘yxatini aniqlashtirish to‘g‘risida” 2001-yil 22-noyabrdagi 456-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 2-son, 19-modda) ilovaning 31 va 58-bandlari.
4. Vazirlar Mahkamasining “2004-2005-yillar davrida mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2004-yil 14-yanvardagi 18-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2004-yil 17-yanvardagi 28-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 1-son, 5-modda) ilovaning 17-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risida” 2004-yil 24-sentabrdagi 447-son qarori.
7. Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risida” 2004-yil 30-dekabrdagi 620-son qarorining 1—3-bandlari (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 12-son, 112-modda) hamda qarorga 3-ilovaning 1-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mikrofirmalar va kichik korxonalarni rivojlantirishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2005-yil 20-iyundagi PF–3620-son Farmoni)” 2005-yil 15-avgustdagi 198-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 8-son, 45-modda) ilovaning 5-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish va ba’zilarini kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 9-10-sonlar, 48-modda) ilovaning 53-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “Ayrim respublika komissiyalari va kengashlari tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2005-yil 7-noyabrdagi 244-son qaroriga 1-ilovaning 4-bandi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 25-26-son, 230-modda; 2007-y., 9–10-son, 87-moddas)