Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.06.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2005 YILGAChA BOʻLGAN DAVRDA MAHALLIY XOM AShYo NEGIZIDA BUYuMLAR VA MATERIALLAR IShLAB ChIQARIShNI MAHALLIYLAShTIRISh DASTURI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 22-iyundagi PQ—386-sonli “2006 — 2008-yillarda mahalliy xomashyo negizida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mahalliy xomashyo va materiallar negizida importning oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari tomonidan Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar, konsernlar, kompaniyalar, uyushmalar va korporatsiyalar, korxonalar va birlashmalar ishtirokida ishlab chiqilgan 2005-yilgacha boʻlgan davrda mahalliy xomashyo negizida buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-noyabrdagi 456-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha yangidan boshlanayotgan investitsiya loyihalari texnik-iqtisodiy asoslashlar tasdiqlanishi va mablagʻ bilan taʼminlashning aniq manbalari aniqlashtirilishiga koʻra belgilangan tartibda tegishli yillarning investitsiya dasturlariga kiritishni nazarda tutsinlar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi Kengashi (R.S.Azimov) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, tijorat banklari bilan birgalikda kredit resurslarini, eng avvalo, kichik tadbirkorlik subyektlari uchun moʻljallangan xorijiy kredit liniyalari mablagʻlarini, birinchi navbatda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlashga va importning oʻrnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlashga yoʻnaltirsinlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Oʻzstandart” agentligi 2005-yilgacha boʻlgan davrda mahalliy xomashyo negizida buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifati va xalqaro standartlarga muvofiqligi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 14-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 1-2-son, 9-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi 2005-yilgacha boʻlgan davrda mahalliy xomashyo negizida buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturining bajarilishini tahlil qilish va uning ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash uchun tegishli har choraklik hisobotni bir oy muddatda ishlab chiqsin va 2001-yil yanvar oyidan boshlab joriy etsin.
7. 2005-yilgacha boʻlgan davrda mahalliy xomashyo negizida buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha mazkur qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik Bosh vazirning tegishli oʻrinbosarlari — Vazirlar Mahkamasi Komplekslari rahbarlariga, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar, korxonalar va birlashmalarning rahbarlariga yuklansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 5-sentabr,
342-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-sentabrdagi 342-son qaroriga
1-ILOVA
2005-yilgacha boʻlgan davrda mahalliy xomashyo negizida buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish
DASTURI
I. Dasturning maqsad va vazifalari
1.1. 2005-yilgacha boʻlgan davrda mahalliy xomashyo negizida buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning mazkur dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “1999-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va iqtisodiy islohotlarning borishini baholash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis I sessiyasidagi maʼruzasidan kelib chiqadigan birinchi navbatdagi vazifalar toʻgʻrisida” 2000-yil 11-fevraldagi majlisi bayonini bajarish yuzasidan, jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy sohalarida erkinlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha dasturiy qarorlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
1.2. Ishlab chiqarishni texnologiya jihatidan yangilash va zamonaviylashtirish, ishlab chiqarish maqsadidagi mahsulotlar importini qisqartirish, mahalliy xomashyodan jahon standartlariga javob beruvchi, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish, shuningdek davlatning valyuta sarf-xarajatlarini maqbullashtirish va yangi ish oʻrinlari tashkil etish asosida sanoatda tarkibiy qayta oʻzgartirishlar hisobiga iqtisodiyotning balansliligini taʼminlashga koʻmaklashish Dasturning asosiy maqsadlari va vazifalari hisoblanadi.
1.3. Dastur amalga oshirilayotgan tarmoq dasturlarini rivojlantirish uchun ishlab chiqilgan hamda respublika sanoatining turli tarmoqlari korxonalari oʻrtasidagi kooperativ aloqalarni kengaytirishni, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulot ishlab chiqarishda yagona texnologiya zanjiri bilan bogʻliq boʻlgan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlarning ayrim turlarini import qilish oʻrnini bosishni nazarda tutadi.
1.4. Dastur amalga oshirilishini korxonalar va xoʻjalik birlashmalarining oʻz mablagʻlari, xorijiy investitsiyalarni, shuningdek tijorat banklarining kreditlarini keng jalb etish hisobiga mablagʻ bilan taʼminlash moʻljallanmoqda.
II. Mahalliylashtirishning kompleks tarmoq dasturlarining amalga oshirilishini baholash
2.1. Investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatning qonunchilik negizini takomillashtirish, tarif bilan boshqarish chora-tadbirlarini mos ravishda qoʻllash, mavjud salohiyatni zamonaviylashtirish hamda mamlakatimiz korxonalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish mahalliy xomashyo negizida kon-metallurgiya, kimyo, mashinasozlik, yengil sanoat va sanoatning boshqa tarmoqlari korxonalari uchun texnologiya jihatdan zarur komponentlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish imkonini berdi.
2.2. Neft va don mustaqilligiga erishildi. Energiya manbalarini import qilish 8,1 baravar kamaydi.
Mahalliylashtirish va importning oʻrnini bosishning birinchi navbatdagi dasturlarini amalga oshirish natijasida qazib olish va qayta ishlash sanoati faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq anʼanaviy import jiddiy ravishda kamaydi. Bu, oʻz navbatida, keyingi ikki yilda tashqi savdo aylanmasida ijobiy saldoga erishish uchun asos yaratdi.
2.3. Kon-metallurgiya sanoati korxonalari boʻyicha materiallar, uzellar va butlovchi buyumlar importi emulsiyali va quruq portlovchi moddalar, koagulyantlar, natriy sulfidning oʻrnini bosuvchi kon maydalash uskunalariga futerlash materiali, filtrlovchi mato, rezina-texnika buyumlari, kalsiy karbidi, xlorid kislotasi, oʻtga chidamli va kislotaga chidamli gʻisht, plitkalar va boshqa materiallar ishlab chiqarishni tashkil etish hisobiga oʻrtacha yillik hisoblab chiqishda 41,8 mln AQSh dollariga qisqardi.
2.4. Kimyo sanoati korxonalarida mashinasozlik va kimyo uchun ilgari import boʻyicha olib kelinadigan 11 ta texnologiya jihatidan zarur komponentlarni ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.
2.5. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi va “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi boʻyicha mahalliylashtirish dasturlarining amalga oshirilishi tugallangan texnologik siklli mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkonini berdi.
Avtomobil sanoatida mahalliylashtirish dasturi avtomobil mahsulotlari tannarxini pasaytirish va tashqi yetkazib berishlarga bogʻliqlikni kamaytirishga asos soldi.
Avtomobilsozlikda yettita qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda, oʻrindiqlar, bampyerlar, shovqinni pasaytirgich moslamalar, yonilgʻi baklari va yirik qoliplangan detallar, ichki bezak detallari, gʻildiraklarning disklari, avtomobil emali ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Respublikaning qariyb 20 korxonasi avtomashinalar uchun 150 nomda detallar ishlab chiqarmoqda. Fargʻona vodiysining aholi zich joylashgan tumanlarida qoʻshimcha ravishda 2400 dan ortiq ishchi oʻrinlar tashkil etildi. Import butlovchi buyumlarni olib kelish yiliga 58 mln AQSh dollaridan ortiqqa qisqardi. Mahsulot tannarxi 10 foizga kamaydi, butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 42 foizgacha yetkazildi.
Ikkilamchi mahalliylashtirish, yaʼni yordamchi korxonalarning oʻzlari uchun importning oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etish jarayoni boshlandi. Masalan, “OʻzDonJu Peint” qoʻshma korxonasi avtoemallaridan foydalanilgan holda “Oʻz-Koram” qoʻshma korxonasida tayyor avtomobilning rangiga mos ravishda boʻyalgan bampyerlar ishlab chiqarish boshlandi. “OʻzSemYung” qoʻshma korxonasi “Oʻz-Koram” qoʻshma korxonasi uchun priborlar panellarini qoliplashni tashkil etdi.
2.6. “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi tomonidan qishloq xoʻjaligi mashinalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning tasdiqlangan dasturlari amalga oshirilishi natijasida paxta terish mashinalariga butlovchi buyumlar va uzellar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 2000-yilda 16 foizgacha yetkaziladi. Paxta terish mashinalarining bunkyerlari, kabinalari, shassilarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi, boʻyoq ishlab chiqarishi ishga tushirilmoqda.
Dastur “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasiga qoʻshimcha ishchi oʻrinlari yaratish, bir yilda 2,7 mln AQSh dollarilik zarur import butlovchi buyumlarni keltirishni kamaytirish imkonini berdi.
Dasturda ham “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi, ham “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzeltexsanoat” uyushmalari, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, “Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyati korxonalari – hammasi boʻlib respublikaning 11 korxonasi, shu jumladan ikkita qoʻshma korxona (“OʻzKeysmash”, “OʻzKeystraktor”) qatnashmoqda.
2.7. 1999-yilda ipak va jun gazlama importi 1995-yilga nisbatan tegishli ravishda 5,2 baravar va 1,93 baravar, poyabzal — 1,43 baravar, sovutgichlar — 2,3 baravar, televizorlar — 2 baravar qisqardi.
2.8. Kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, “KFW” banki (Germaniya) va Xalqaro moliya korporatsiyasining kredit liniyalari hisobiga mablagʻ bilan taʼminlash uchun qabul qilingan investitsiya loyihalarining qariyb 80 foizi mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlashga asoslanmoqda.
2.9. Keyingi yillarda respublikada nooziq-ovqat mahsulotlarining 100 dan ortiq turini ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Shu bilan birga qiymat jihatidan olganda import 1999-yilda 1992-yildagiga taqqoslaganda 991 mln dollarga yoki 1,47 baravar oʻsdi.
Kimyo mahsulotlari va plastmassalar (1992-yildagiga nisbatan 2,27 baravar), qora va rangli metallar (1,4 baravar), asbob-uskunalar va mashinalar (7,2 baravar) boʻyicha importning oʻsishi tendensiyasi kuzatilmoqda.
1999-yilda tovarlar importida mashina va asbob-uskunalar salmogʻi eng koʻpdir (1992-yildagi 9,7 % oʻrniga 44,8%). Bu sanoat tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlashning hajmlari salmoqli ekanligidan, iqtisodiyotdagi ilgʻor tarkibiy oʻzgarishlardan dalolat beradi.
Kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat va sanoatning boshqa tarmoqlarida importni qisqartirish va mahalliy xomashyo negizida mahalliylashtirilgan ishlab chiqarishlarni tashkil etishning koʻplab zaxiralari mavjud.
III. Dasturning asosiy qoidalari
3.1. Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmi 507,57 mln AQSh dollari boʻlgan 26 xildagi buyumlar va materiallar oʻzimizda ishlab chiqarilishini taʼminlaydigan yirik loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. (Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-sentabrdagi 342-son qaroriga 2-ilova).
Ishlab chiqarilishini oʻzlashtirish Investitsiya dasturida qamrab olinmagan mahsulot turlari boʻyicha ikkita kichik dastur ishlab chiqilgan (Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-sentabrdagi 342-son qaroriga 3,4-ilovalar).
Mahalliy xomashyo negizida materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kichik dasturi ishlab chiqarishning moʻljallanayotgan hajmi 447,66 mln AQSh dollari boʻlgan 102 nomdagi importning oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Kichik dastur respublikaning mineral xomashyo, energetika resurslarini xoʻjalik muomalasiga keng jalb etishga qodir boʻlgan tarmoqlarini qamrab oladi. Volostonit, bazalt tola, faollashtirilgan koʻmir, shisha platik materiallar, quruq sut kabi yangi tovarlarni ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.
Respublikaning mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va boshqa korxonalaridagi ishlab turgan va yangidan foydalanishga topshirilayotgan texnologiya asbob-uskunalari uchun butlovchi buyumlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kichik dasturi 130,70 mln AQSh dollari miqdorida 78 nomdagi butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni nazarda tutadi.
Amalga oshirilishi dasturning bajarilishini taʼminlaydigan loyihalarning koʻpchilik qismi Vazirlar Mahkamasining quyidagi komplekslari ulushiga toʻgʻri keladi.
3.2. Dastur doirasida ishlab chiqarish moʻljallangan mahsulotning 69,4 foizi Industriya kompleksi korxonalari ulushiga toʻgʻri keladi.
“Oʻzavtosanoat” uyushmasi tomonidan avtomobillar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ishlari davom ettiriladi. Fargʻona shahridagi zarar koʻrib ishlayotgan 2-uysozlik kombinati yangi mahsulot turi boʻlgan avtomobil oynasi ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi. Joriy yilda Jizzax akkumulyator zavodini “Eksayd” (AQSh) firmasining texnologiyasidan foydalangan holda avtomobil akkumulyatorlari ishlab chiqarish uchun rekonstruksiya qilish boshlanadi. Bu va boshqa loyihalar butlovchi buyumlarni oʻzimizda ishlab chiqarish darajasini 50 foizgacha koʻtarish imkonini beradi.
Dasturning toʻliq amalga oshirilishi avtomobillar uchun butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini 70 foizgacha oshiradi, qoʻshimcha 7000 yangi ish oʻrinlari yaratish, uzellar va butlovchi buyumlar importini yiliga 200 mln AQSh dollari hisobida qisqartirish, mahsulot tannarxini 17 foizga kamaytirish imkonini beradi.
“Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi boʻyicha 2004-yilgacha SX-100 traktorini oʻzimizda ishlab chiqarish darajasini 60 foizgacha, MX-135 traktorini oʻzimizda ishlab chiqarishni istiqbolda 60 foizgacha yetkazgan holda 22 foizgacha yetkazish prognoz qilinmoqda. Dasturni toʻliq amalga oshirish qoʻshimcha ravishda 1134 dan ortiq ish oʻrinlari barpo etish, 3,3 mln AQSh dollari miqdorida valyuta mablagʻini tejash va mahsulot tannarxini 20 foizga kamaytirish imkonini beradi.
2005-yilga borib “Keys 2022” paxta terish mashinasiga butlovchi buyumlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi 53 foizgacha, MX-135 universal – haydov traktorlari boʻyicha esa 22 foizgacha yetkaziladi. 600 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi, mahsulot tannarxi 17 foizga kamayadi.
“Oʻzkimyosanoat” uyushmasi tomonidan “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasida, xlor, xlorid kislotasi va kaustik soda ishlab chiqarish (mahsulotning yillik hajmi 14,97 mln AQSh dollarini tashkil etadi) qurilmasini qurish ishlari olib borilmoqda. Fargʻona furan birikmalari zavodida yiliga 30 ming tonna sellyuloza ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan qurilma ishga tushirilmoqda, bu sellyuloza atsetatlari va atsetat iplari ishlab chiqarish boʻyicha amaldagi quvvatlarning toʻliq ishlashiga imkon beradi.
Respublikaning kon-qazish korxonalari uchun “Navoiyazot” ishlab chiqarish birlashmasida rodanist ammoniy va rodanist natriy ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Yiliga 24 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan ishlab chiqarishni qurish moʻljallanmoqda, metanol va formalin chiqarish boʻyicha amaldagi ishlab chiqarishlar rekonstruksiya qilinmoqda. Kaprolaktam ishlab chiqarish uchun “Elektrokimyosanoat” ishlab chiqarish birlashmasida yiliga 3 ming tonna quvvatga ega boʻlgan siklogeksan ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan ishlab chiqarishni ishga tushirish moʻljallanmoqda.
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tizimida umumiy miqdori 95,96 mln AQSh dollari boʻlgan shisha plastik materiallar va shisha tolasi, mis trubkasi va boshqa buyumlar ishlab chiqarish rivojlantiriladi.
“Maxsusqotishma” respublika tashkiloti umumiy miqdori 74 mln AQSh dollari boʻlgan volostanit konsentrati, mis buyumlar, elektr lampalari uchun yarim tayyor mahsulotlar, paxta toylarini bogʻlash uchun lentalar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish moʻljallamoqda.
3.3 Yoqilgʻi va energetika kompleksining salmogʻi dasturda qariyb 10,4 foizni tashkil etadi, ishlab chiqariladigan importning oʻrnini bosuvchi mahsulotning kutilayotgan hajmi 113 mln AQSh dollarini tashkil etadi
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi qumoqlangan polietilenning turli navlarini ishlab chiqarish boʻyicha quvvatlarni qurishni tugallashni moʻljallamoqda. Buning asosida keng turdagi tovarlar chiqarish tashkil etiladi.
Energetika va elektrlashtirish vazirligi tomonidan 10 mln AQSh dollari miqdorida bazalt tolasi, kislotaga chidamli va oʻtga chidamli gʻishtlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.
“Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi yillik umumiy miqdori 11,9 mln AQSh dollari boʻlgan faollashtirilgan koʻmir va boyitilgan kaolin ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi.
3.4. Qurilish, qurilish materiallari sanoati, transport va aloqa kompleksi korxonalari 91,2 AQSh dollarilik yoki Dasturda nazarda tutilgan ishlab chiqarish umumiy hajmining 8,4 foiziga yaqin mahsulotlarni ishlab chiqaradi.
“Oʻzavtotrans” korporatsiyasi va “Toshshaharyoʻlovchitrans” uyushmasi harakatlanadigan tarkibga shu jumladan metropoliten vagonlariga ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni moʻljallamoqda.
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi 54,8 mln AQSh dollarilik elektrtermofosfor shlaklar shamotli oʻtga chidamli buyumlar, tomga yopiladigan va gidroizolatsiya materiallari, boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi.
3.5. Isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi boʻyicha mahalliy xomashyo negizida 42,84 mln AQSh dollarilik buyumlarning 34 yangi turini chiqarishni mahalliylashtirish moʻljallanmoqda. Bu Dastur parametrlarining 4 foiziga yaqinni tashkil etadi.
“Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasida 20,6 mln AQSh dollarilik mahsulot, shu jumladan koʻylaklik, kamuflyaj gazmollar, armaturalangan iplar va boshqalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
“Oʻzbekmebel” uyushmasi boʻyicha 2001-yilda Yangiyoʻl sellyuloza-qogʻoz fabrikasida 16 mln AQSh dollarilik mahsulot chiqariladigan sellyuloza ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi. Shuningdek nitrolok, yogʻoch-tola plitalar va gugurt choʻpi ishlab chiqarishni tashkil etish moʻljallanmoqda.
“Oziqovqatsanoat” uyushmasi boʻyicha 1,5 mln AQSh dollarilik pivo pishirish solodi, shuningdek alkogolsiz ichimliklar uchun konsentratlar ishlab chiqarish tashkil etiladi.
3.6. Agrosanoat kompleksi korxonalari tomonidan Dasturning amalga oshirilishi hisobiga importning oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 63,4 mln AQSh dollariga koʻpayadi (Dastur parametrlarining 5,8 foizi).
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi korxonalarida Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksi polietilenidan foydalanilgan holda polietilen gaz-suv quvurlari, elevator va gidravlik ekskavatorlarga butlovchi uzellar va agregatlar, shuningdek umumiy miqdori 140 mln AQSh dollaridan ortiq boʻlgan yogʻoch-taxta materiallar tayyorlash nazarda tutilmoqda.
IV. Dasturni amalga oshirishning asosiy natijalari
4.1. Dasturni joriy etish:
mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini samarali ravishda ish bilan taʼminlash;
import qilinadigan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar hajmini qisqartirish, import boʻyicha keltiriladigan mahsulotlarga valyuta xarajatlarini kamaytirish va maqbullashtirish;
sanoat turli tarmoqlarining qoʻshilgan qiymati yuqori darajada boʻlgan qayta ishlash mahsulotlari eksportini koʻpaytirish va, tegishli ravishda, anʼanaviy eksport salmogʻini kamaytirish;
samarali ichki va tarmoqlararo ishlab chiqarish kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektorida mamlakatimiz korxonalarining kooperatsiyasi salohiyatidan yuqori darajada foydalanish;
mahalliy xomashyoni qayta ishlashni kengaytirish, ishlab turgan korxonalarni zamonaviylashtirish va yangilarini tashkil etish hisobiga iqtisodiyot tarkibini takomillashtirish;
qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifatini va mamlakatimiz korxonalarining raqobatbardoshliligini oshirish imkonini beradi.
4.2. Umuman olganda, Dasturda nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallar importi boʻyicha yiliga 1,1 mlrd AQSh dollarilik valyuta mablagʻlarini tejashni taʼminlash imkonini beradi.
Bunda importning oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish hisobiga importni qisqartirishning prognoz hajmi Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga muvofiq 507,6 mln AQSh dollarini, mahalliy xomashyo va materiallar negizida mahsulot ishlab chiqarish hisobiga — 447,7 mln AQSh dollarini, butlovchi buyumlar ishlab chiqarish hisobiga — 130,7 mln AQSh dollarini tashkil etadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 9-modda; 4-son, 42-modda; 2004-y., 3-son, 31-modda)