|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.03.2015
|
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN ISh BILAN TA’MINLAShGA KO‘MAKLAShISh DAVLAT JAMG‘ARMASI MABLAG‘LARI HISOBIDAN ShAXSIY YoRDAMChI VA DEHQON XO‘JALIKLARIGA ChORVAChILIKNI RIVOJLANTIRISh UChUN IMTIYOZLI MAQSADLI MIKROKREDITLAR BERISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 2-mayda 1567-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2015-yil 17-martdagi 334-V, 24, 8-q/q-sonli “Tijorat banklari tomonidan ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga o‘zgartirishlar va qo‘shimchani o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 1567-2, 20.03.2015-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarini ko‘paytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-308-sonli qarori 3-bandining ijrosini ta’minlash maqsadida qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan “Tijorat banklari tomonidan Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi to‘g‘risida nizom” tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-aprel,
275-V-son
Moliya vaziri R.S. AZIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-aprel,
41-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri O. OBIDOV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-aprel,
113-son
Markaziy banki Boshqaruvi,
Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy
muhofaza qilish vazirligining
2006-yil 14-apreldagi 275-V, 41,
113-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Tijorat banklari tomonidan Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarini ko‘paytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-308-sonli qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 12-13-son, 104-modda) muvofiq tijorat banklari tomonidan Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalarning shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli maqsadli mikrokreditlar berish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
shaxsiy yordamchi xo‘jalik — shaharcha, qishloq, ovullarda yashovchi fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida uy-joy qurish uchun berilgan uchastkalarning bir qismi — tomorqada oila a’zolarining shaxsiy mehnati asosida oila ehtiyojlari uchun dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda oila ehtiyojidan ortiqchasini dehqon bozorlarida sotish bilan shug‘ullanadigan oilaviy xo‘jalik;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
dehqon xo‘jaligi — oila a’zolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshlig‘iga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiradigan va realizatsiya qiladigan, yuridik shaxsni tashkil etgan va tashkil etmagan holda faoliyat yuritadigan oilaviy mayda tovar xo‘jaligi.
2. Mazkur Nizom asosida tijorat banklari tomonidan Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Bandlik jamg‘armasi) mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan oilalarning shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun mikrokreditlar ajratish qaytarishlik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi.
3. Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga Bandlik jamg‘armasi kredit liniyasi hisobidan chorvachilikni rivojlantirish uchun beriladigan imtiyozli maqsadli mikrokreditlar (keyingi o‘rinlarda — mikrokreditlar) miqdori eng kam oylik ish haqining 80 baravarigachani tashkil etadi.
4. Mazkur Nizom asosida mikrokreditlar faqat kam ta’minlangan oilalarga beriladi. Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarini kam ta’minlangan oilalar sifatida e’tirof etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Chorvachilikni rivojlantirish uchun kam ta’minlangan oilalarga mikrokreditlar ajratishga mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yig‘ini Kengashlari tavsiyanomalari asos bo‘lib xizmat qiladi.
5. Ushbu mikrokreditlar shartnoma asosida 3 yilgacha bo‘lgan muddatga, qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz beriladi.
6. Ushbu mikrokreditlar chorvachilikni rivojlantirish uchun qarz oluvchining xohishiga ko‘ra pul o‘tkazib berish yo‘li bilan yoki naqd pul shaklida beriladi.
7. Mikrokreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori bank marjasini qo‘shib hisoblaganda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 1/4 qismi darajasida belgilanadi. Bunda belgilangan foiz stavkasining 50 foizini bank marjasi tashkil etadi
II. Bandlik jamg‘armasi tomonidan tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish tartibi
8. Kredit liniyasini ochish uchun Bandlik jamg‘armasi va Bosh bank o‘rtasida Bosh kelishuv tuziladi. Bosh kelishuvda Bandlik jamg‘armasi va Bosh bank o‘rtasida ochiladigan kredit liniyasiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tomonlarning o‘zaro huquq va majburiyatlari, kreditlash muddatlari, imtiyozli foiz stavkasi, bank marjasi, banklarning viloyat va tuman bo‘limlari tomonidan kreditlar berish borasida o‘rnatiladigan limit (chegara) lar va boshqa shartlar belgilab olinadi.
9. Bandlik jamg‘armasi va Bosh bank o‘rtasida Bosh kelishuv imzolanganidan keyin, ular o‘rtasida kredit liniyasi ochish to‘g‘risida kredit shartnomasi tuziladi. Shuningdek, kredit liniyalari ochish uchun kredit shartnomalari tijorat banklarining viloyat bo‘limlari, agar ularga Bosh bank tomonidan ushbu vakolat berilgan bo‘lsa, va Bandlik jamg‘armasining viloyat bo‘linmalari o‘rtasida ham tuzilishi mumkin.
10. Bosh bank bilan tuziladigan kredit liniyasi ochish to‘g‘risidagi kredit shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilgan bo‘lishi lozim:
bir yillik kredit liniyasining choraklar va viloyatlar bo‘yicha taqsimlangan holdagi miqdori;
bank marjasi chegirilgan imtiyozli foiz stavkasi;
kredit liniyasi mablag‘lari yo‘naltiriladigan maqsad;
berilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi.
11. Bandlik jamg‘armasi va Bosh bank o‘rtasida tuziladigan kredit liniyasi ochish to‘g‘risidagi kredit shartnomasida ushbu mablag‘lar bank tomonidan faqat kam ta’minlangan oilalarning shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish maqsadlariga mikrokredit berishda kredit resurslari sifatida ishlatilishi alohida qayd etiladi.
12. Kredit shartnomasi imzolanganidan keyin Bandlik jamg‘armasi har oyning 15-sanasidan kechiktirmay kredit liniyasi summasini tijorat bankining vakillik hisobvarag‘iga o‘tkazadi.
13. Bandlik jamg‘armasi kredit liniyalari hisobidan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga chorvachilikni rivojlantirish uchun berilgan mablag‘lar 22005 “Budjetdan tashqari jamg‘armalardan olingan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvarag‘ida hisobga olinadi.
14. Banklar ochilgan kredit liniyasi summasiga Bosh kelishuvda belgilab qo‘yilgan bank marjasi chegirilgan holdagi imtiyozli foiz stavkasi miqdorida foizlar hisoblaydi. Mazkur hisoblangan foizlar alohida hisobvaraqda jamlanadi va kredit shartnomasida kelishib olingan muddatlarda Bandlik jamg‘armasining bank hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
15. Navbatdagi kredit liniyalarini ochish uchun Bandlik jamg‘armasi va Bosh bank o‘rtasida kredit shartnomasiga yangi kredit liniyalari summasi ko‘rsatilgan qo‘shimcha kelishuv imzolanadi.
16. Berilgan mikrokreditning kredit shartnomasida belgilangan qaytarish muddati tugaganidan keyin qarz oluvchi tomonidan mikrokredit bankka qaytarilganidan qat’i nazar, Bosh bank Bandlik jamg‘armasining mablag‘larini, ularga tegishli davr uchun hisoblangan va bank marjasi chegirib qoldirilgan foizlarni qo‘shgan holda budjetdan tashqari jamg‘armaning bank hisobvarag‘iga qaytarishi shart.
III. Mikrokreditlarni rasmiylashtirish tartibi
17. Kam ta’minlangan oilalarning shaxsiy yordamchi xo‘jalik yurituvchi jismoniy shaxslar va dehqon xo‘jaliklari boshliqlari chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Bandlik jamg‘armasi kredit liniyasi hisobidan mikrokredit olish uchun, qoida taraqasida, o‘zlari yashab turgan tumanda joylashgan tijorat banklari filiallaridan biriga mikrokredit berishni so‘rab ariza bilan murojaat etishlari lozim.
18. Mikrokreditlar olish uchun shaxsiy yordamchi xo‘jaligi yurituvchi jismoniy shaxs yoki dehqon xo‘jaligi boshlig‘i tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
1) Bandlik jamg‘armasi kredit liniyasi hisobidan chorvachilikni rivojlantirish uchun maqsadli mikrokredit berishni so‘rab yozilgan ariza;
2) mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yig‘ini Kengashlarining ushbu mikrokredit oluvchi jismoniy shaxsga chorvachilikni rivojlantirish uchun bank tomonidan mikrokredit berilishiga tavsiyanomasi;
3) mikrokreditning qaytarilish ta’minoti haqidagi qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat.
Bundan tashqari, jismoniy shaxs yoki dehqon xo‘jaligi boshlig‘i o‘z pasportini shaxsan ko‘rsatadi va pasport nusxasi kredit yig‘majildiga tikib qo‘yiladi. Dehqon xo‘jaligini davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi ro‘yxatga oluvchi organ tomonidan berilgan guvohnomaning nusxasi ham kredit yig‘majildiga tikib qo‘yilishi talab etiladi.
19. Mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yig‘inining Kengashlari tomonidan chorvachilikni rivojlantirish uchun bank tomonidan kredit berilishi to‘g‘risidagi tavsiyanomada shaxsiy yordamchi xo‘jaligi yoki dehqon xo‘jaligida qoramol boqish uchun sharoit mavjudligi, ushbu oila kam ta’minlangan oila ekanligi, uning tarkibida doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan oila a’zolari mavjudligi alohida ta’kidlanishi lozim. Tavsiyanoma mahalla, qishloq, ovul fuqarolar yig‘ini Kengashining raisi tomonidan imzolanib, gerbli muhr qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
20. Qarz oluvchilar mikrokreditlarni qaytarilishini ta’minoti sifatida bankka quyidagi ta’minot turlaridan birini taqdim etishlari mumkin:
mol-mulk garovi;
bank yoki sug‘urta kompaniyasi kafolati;
uchinchi shaxs kafilligi;
qarz oluvchi tomonidan olingan kreditni qaytarilmaslik xatarining bank-benefitsiar foydasiga sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi.
Mikrokredit hisobiga sotib olingan qoramol mazkur kredit bo‘yicha garov predmeti bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Sotib olingan qoramol kreditni qaytarish ta’minoti sifatida garovga olinganda, ushbu qoramolning o‘lib qolishi, o‘g‘irlanishi, tabiiy ofatlar natijasida nobud bo‘lish hollaridan bank (benefitsiar) foydasiga sug‘urta qilinadi.
21. Kafillik bank foydasiga kafil va qarz oluvchi o‘rtasida tuziladigan yozma shakldagi 3 (uch) nusxada kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu shartnomaning oxirgi betida kafil va qarzdor imzolaridan keyin, bank tomonidan mazkur kafillik qabul qilinganligi to‘g‘risida bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan va dumaloq muhr qo‘yilgan yozuv kiritiladi.
22. Mikrokredit so‘rab, mazkur Nizomning 18 bandida ko‘rsatilgan barcha zarur hujjatlarni ilova qilingan holda, berilgan arizaning bankka kelib tushgan kundan boshlab, ushbu ariza bo‘yicha bank filiali kredit qo‘mitasi tomonidan xulosa berish muddati 3 bank kunidan oshmasligi lozim.
(22-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
Mikrokredit berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, bank arizachiga bu haqda yozma shaklda ma’lum qilishi shart.
23. Tijorat banki filiali kredit qo‘mitasining qarori Bandlik jamg‘armasi kredit liniyasi hisobidan mikrokreditlar berish yoki bermaslik uchun asos hisoblanadi.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
24. Bandlik jamg‘armasi tomonidan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarini ularga murojaat qilishini talab qilishi, shuningdek, tijorat banklaridan mazkur kreditlarni ajratishga doir qarorlar va shu masala bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni talab qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
25. Tijorat banki filiali kredit qo‘mitasi tomonidan qarz oluvchining arizasi bo‘yicha ijobiy xulosa berilganidan keyin Bandlik jamg‘armasining kredit liniyasida mablag‘ mavjud bo‘lmasa, bank filiali shu kunning o‘zida Bosh bankka yoki ushbu bankning viloyat bo‘limiga mazkur kredit liniyasi bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘lar ajratish haqidagi buyurtmani yo‘llaydi.
Bank bo‘limining buyurtmasi asosida Bosh bank yoki uning viloyat bo‘limi buyurtma olingan kunning ertasidan kechiktirmay Bandlik jamg‘armasi kredit liniyasi hisobidan talab qilinayotgan summani ajratadi.
Agar Bandlik jamg‘armasining Bosh tijorat bankida ochilgan kredit liniyasida mablag‘lar mavjud bo‘lmasa, Bosh bank shu kunning o‘zidayoq bu haqda bank filialiga xabar beradi va bir vaqtning o‘zida, Bandlik jamg‘armasiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish haqidagi talabnomani jo‘natadi.
26. Tijorat banki filiali Bandlik jamg‘armasining kredit liniyasida mablag‘lar vaqtinchalik mavjud emasligi haqidagi xabarni olganidan keyin, ushbu xabar olingan kunning ertasidan kechiktirmay, qarz oluvchini bu haqda xabardor qiladi. Ayni vaqtda, bank filialining kredit qo‘mitasi tomonidan arizalari ma’qullangan barcha qarz oluvchilarning ismi va sharifi (agar ular dehqon xo‘jaligi bo‘lsalar — ularning nomi), ularning kredit arizalari bank filiali kredit qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan sanadan kelib chiqqan holda, kalendar navbat asosida ro‘yxat tuzadi.
Bank filiali tomonidan kredit olish uchun navbatda turganlar ro‘yxati operatsiyalar zali (front ofis)ning ko‘rinadigan joyiga barchaning tanishishi uchun osib qo‘yiladi. Ushbu ro‘yxatning bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan nusxalari tijorat bankining viloyat bo‘limiga va Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasiga nazorat olib borish uchun taqdim etiladi.
Bandlik jamg‘armasining kredit liniyasiga mablag‘ kelib tushganidan keyin mikrokreditlar berish qat’iy ravishda tuzilgan ro‘yxat asosida kalendar navbati bilan amalga oshiriladi.
27. Mikrokredit shartnomasi tuzilgan kunning ertasidan kechiktirmagan holda bank tomonidan qarz oluvchiga ssuda hisobvarag‘i ochiladi.
IV. Kreditlash va kreditni qaytarish tartibi
28. Mikrokreditlarni berish ssuda hisobvarag‘idan qarz oluvchining to‘lov topshiriqnomasiga ko‘ra chorvachilikni rivojlantirish uchun pul o‘tkazib berish yoki naqd pul berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
29. Shaxsiy yordamchi xo‘jaligi yurituvchi jismoniy shaxs tomonidan mikrokreditlar va ularga hisoblangan foizlar bank kassasiga naqd pul topshirish yoki qarz oluvchining omonat hisobvarag‘idan pul o‘tkazib berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
30. Dehqon xo‘jaligi mikrokreditning naqd pulda olingan qismi va unga hisoblangan foizlar to‘lovini bank kassasiga naqd pul topshirish yo‘li bilan amalga oshiradi.
31. Jismoniy shaxslarga berilgan mikrokreditlar hisobi 14900-sonli “Jismoniy shaxslarga berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaraqlarida va dehqon xo‘jaliklariga berilgan mikrokreditlarning hisobi 15000-sonli “Yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaraqlarida yuritiladi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
32. Tijorat banklari tomonidan kreditdan foydalanishning butun muddati davomida fuqarolar yig‘inining mahalla, qishloq, ovul Kengashi mas’ul xodimi ishtirokida mikrokreditdan samarali hamda maqsadli foydalanilanayotganligini aniqlash bo‘yicha bevosita joyiga chiqib doimiy monitoring amalga oshiriladi.
33. Olingan mikrokreditdan boshqa maqsadda foydalanganlik holati aniqlanganda, bank kredit shartnomasida belgilangan tartibda, kreditning maqsadga nomuvofiq ishlatilgan qismini qarz oluvchidan muddatidan oldin undirib olish huquqiga ega.
34. Mikrokredit bo‘yicha qarzdorlikni undirishda birinchi navbatda mikrokreditdan foydalanganlik uchun foizlar undiriladi.
Mikrokreditni qaytarish ta’minoti sifatida uchinchi shaxs kafilligi qabul qilingan bo‘lib, qarz oluvchi mikrokreditni va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatda qaytarmagan taqdirda, bank, kafildan mikrokredit va unga hisoblangan foizlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirib oladi.
35. Mikrokredit belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda bank undiruvni garov predmetiga yoki mikrokreditning qaytarilish ta’minoti sifatida taqdim etilgan ta’minotning boshqa shakllariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaratadi.
V. Yakuniy qoida
36. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(V-bo‘lim O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2012-yil 28-apreldagi 13/3, 41, 20-K-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 1567-1, 21.05.2012-y.) asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2012-y., 21-son, 235-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 18-son, 156-modda; 2012-y., 21-son, 235-modda)