Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
ShNQ 2.06.16-22 “Sunʼiy suv havzalari uchun polietilen plyonkadan filtratsiyaga qarshi moslamalarni loyihalash va qurish boʻyicha qoʻllanma” shaharsozlik normalari va qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2026-yil 21-sentabrda hisobga olindi, hisob raqami 414]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. ShNQ 2.06.16-22 “Sunʼiy suv havzalari uchun polietilen plyonkadan filtratsiyaga qarshi moslamalarni loyihalash va qurish boʻyicha qoʻllanma” shaharsozlik normalari va qoidalariga (hisob raqami 117, 2022-yil 9-noyabr) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir SH. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-sentabr,
01/2-35-son
Kelishildi:
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisning birinchi oʻrinbosari O. QUDRATOV
2026-yil 27-avgust
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 21-avgust
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari S. ESHQUVVATOV
2026-yil 19-avgust
Suv xoʻjaligi vaziri SH. XAMRAYEV
2026-yil 19-avgust
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2026-yil 18-avgust
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2026-yil 18-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2026-yil 10-sentabrdagi 01/2-35-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
ShNQ 2.06.16-22 “Sunʼiy suv havzalari uchun polietilen plyonkadan filtratsiyaga qarshi moslamalarni loyihalash va qurish boʻyicha qoʻllanma” shaharsozlik normalari va qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur ShNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:”;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“SHNQ 2.06.05-21 Grunt materiallaridan toʻgʻonlar;”.
2. 2-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“membranali suv hovuzi — tubi va qiyaliklari toʻliq yoki qisman polietilen plyonka yoki geomembrana bilan qoplangan, suvni toʻplash va saqlash uchun moʻljallangan sunʼiy suv havzasi.”.
3. 3-bandda:
“QMQ 2.06.05” degan soʻzlar “ShNQ 2.06.05-21” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Membranali suv hovuzlarining loyiha hujjatlarida odamlarning suv havzasiga tasodifan tushib ketishi va choʻkishining oldini olish maqsadida muhandislik-texnik xavfsizlik choralari nazarda tutilishi lozim.”.
4. 5-bandning beshinchi xatboshisi, 19-band, 20-bandning birinchi xatboshisi, 31-band, 37-bandning birinchi xatboshisi, 46 hamda 71-bandlardagi “QMQ 2.06.05” degan soʻzlar “ShNQ 2.06.05-21” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
5. Quyidagi mazmundagi 12-bob bilan toʻldirilsin:
“12-bob. Sunʼiy suv havzalarida fuqarolar va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar xavfsizligini taʼminlash
139. Sunʼiy suv havzalarini loyihalashda choʻkish xavfini baholash uchun havzaning chuqurligi, suv sathining oʻzgarishi, qiyaliklarning tikligi va sirpanuvchanligi, geomembrana qoplamasining xususiyatlari, aholi punktlari, turar joylar, taʼlim tashkilotlari, avtomobil va piyoda yoʻllariga yaqinligi, voyaga yetmaganlar hamda begona shaxslarning hududga kirish ehtimoli, suv olish va suv tashlash qurilmalari, transport harakati, tungi koʻrinish, shuningdek qutqaruv xizmatlarining kirib kelish imkoniyati hisobga olinishi lozim.
140. Sunʼiy suv havzalari, shu jumladan hovuz-tindirgichlar butun perimetri boʻylab yer sathidan balandligi kamida 1,3 m boʻlgan va tirmashib chiqib boʻlmaydigan uzluksiz himoya toʻsigʻi bilan oʻralishi kerak.
Himoya toʻsigʻi iqlim va ekspluatatsiya taʼsirlariga bardoshli (metall, temir-beton yoki boshqa mos konstruksiyalardan) boʻlishi zarur.
141. Sunʼiy suv havzasi hududiga piyodalar kirishi uchun moʻljallangan darvozalar oʻz-oʻzidan yopiladigan, yopilganda avtomatik mahkamlanadigan va qulflash moslamasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
142. Sunʼiy suv havzasining kirish joylarida hamda perimetri boʻylab koʻrinadigan joylarda “Choʻmilish taqiqlanadi”, “Choʻkish xavfi” va “Begona shaxslarning kirishi taqiqlanadi” mazmunidagi ogohlantiruvchi belgilar oʻrnatilishi lozim.
Bunda belgilar yorugʻlik qaytaruvchi xususiyatga ega boʻlishi, shuningdek ularda sunʼiy suv havzasining chuqurligi hamda “112” yagona dispetcherlik xizmati raqami koʻrsatilishi kerak.
143. Har bir filtratsiyaga qarshi plyonkali moslama qoʻllanilgan sunʼiy suv havzasida suvga tushib ketgan shaxsning mustaqil ravishda chiqishini taʼminlaydigan chiqish joylari nazarda tutilishi lozim.
Chiqish joylari teksturali geomembrana yoki unga mustahkam mahkamlangan sirpanishga qarshi qoplama bilan jihozlanishi, zinapoya (arqonli narvon) yoki qiya yoʻlak hamda tutqichlarga ega boʻlishi kerak.
Chiqish joylari suv sathining hisobiy eng past va eng yuqori qiymatlari oraligʻida foydalanish imkonini taʼminlashi, xavfsiz maydongacha uzluksiz davom etishi hamda kontrast rangli, yorugʻlik qaytaruvchi belgilar bilan belgilanishi lozim.
Chiqish joylari orasidagi masofa sunʼiy suv havzasi perimetri boʻylab 50 m dan oshmasligi, ular sunʼiy suv havzasining kamida ikki turli tomonida joylashtirilishi kerak.
144. Suv olish quvurlari, nasoslarning soʻrish qismlari, suv tashlash qurilmalari va drenaj kirish qismlari odamning tortib ketishi, tiqilib qolishi yoki soʻrilishining oldini oladigan himoya panjaralari, toʻrlar yoki boshqa toʻsiqlar bilan jihozlanishi lozim.
Bunday toʻsiqlarni oʻrnatish texnik jihatdan imkonsiz boʻlganda, tiqilish aniqlanganda nasosni avtomatik oʻchiradigan tizim qoʻllanilishi kerak.
145. Xizmat koʻrsatish maydonchalari, koʻprikchalar, yoʻlaklar, zinapoyalar, shuningdek nasos va suv olish qurilmalariga olib boruvchi yoʻllar sirpanishga qarshi qoplamaga ega boʻlishi lozim.
Quvurlar, kabellar va boshqa muhandislik kommunikatsiyalari harakatlanish yoʻlaklariga toʻsqinlik qilmasligi zarur.
Mazkur joylardan qorongʻi vaqtda foydalanish nazarda tutilganda ishchi yoritish taʼminlanishi kerak.
146. Sunʼiy suv havzasi perimetri boʻylab qirgʻoqqa mahkamlangan qutqaruv halqalari kamida ikkita joyda oʻrnatilishi lozim.
Qutqaruv halqalari sunʼiy suv havzasining eng katta rejaviy oʻlchamidan kam boʻlmagan uzunlikdagi arqon bilan jihozlanishi kerak.
Qutqaruv halqalarining kamida bittasi suv sathida, bevosita foydalanish mumkin boʻlgan joyda joylashtirilishi lozim.”.