XORAZM VILOYATI SHOVOT TUMANI HOKIMINING
QARORI
Shovot tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomnining 5-bob 39-bandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi 106-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida”gi farmonining 14-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 25-moddalariga asosan, tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlarni (mikrohudud) aniq belgilab olish maqsadida qaror qilaman:
1. Shovot tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Tuman hokimining oʻrinbosari (M. Kuranbayev), tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (Q. Babajanov) tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
3. Belgilansinki, tumandagi umumtaʼlim muassasalar rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududda maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
4. Tuman mahalla uyushmasi rahbari (X. Erboyev) mahalla fuqarolar yigʻini raislariga maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasalariga jalb etish jarayonida tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim muassasalarga amaliy yordam berish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qaror kuchga kirishi bilan Shovot tumani hokimining 2024-yil 4-iyuldagi 377-12-177-Q/24-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Tuman hokimining axborot xizmati, maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi (S. Yoʻldoshev) tuman hokimligi bosh yuriskonsulti (Z. Roximov) bilan hamkorlikda:
mazkur qarorni tuman hokimligining rasmiy (https://gov.uz/oz/shovot) vebsaytiga joylashtirsin;
Shovot tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish ishlarini olib borsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari M. Kuranbayev zimmasiga yuklatilsin.
Shovot tumani hokimi M. DAVLATOV
Xorazm viloyati, Shovot tumani,
2026-yil 9-iyun,
253-12-177-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.