JIZZAX VILOYATI ARNASOY TUMANI HOKIMINING
QARORI
Arnasoy tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-, 211-moddalari, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi Nizomning 39-bandiga asosan tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2026-yil 21-apreldagi 01-01/1-274-sonli xati qanoatlantirilsin.
2. Tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman hokimi oʻrinbosari Sh.Kenjaboyev, tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (G.Turlibekova) hamda tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish xolati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
4. Belgilansinki, tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi (N.Isanov)ga mahalla fuqarolar yigʻinlarida maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasalariga jalb etish jarayonida tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim muassasalarga amaliy yordam berish tavsiya etilsin.
6. Tuman hokimligi axborot xizmati (S.Djuraqulov)ga mazkur qarorning mazmun mohiyatini ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish va tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirish tavsiya qilinsin.
7. Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2025-yil 25-sentabrdagi 225-3-43-Q/25-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosari Sh.Kenjaboyev zimmasiga yuklatilsin.
Arnasoy tumani hokimi O. MUSANOV
Jizzax viloyati, Arnasoy tumani,
2026-yil 18-may,
146-3-43-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.