SURXONDARYO VILOYATI BANDIXON TUMANI HOKIMINING
QARORI
Tumandagi maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
Tuman hokimining 2024-yil 3-iyundagi 143-8-211-Q/24-sonli qarori bilan tumandagi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining mikrohududlari belgilangan.
Oʻtgan vaqt davomida tumanda yangidan 44 va 45-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablari tashkil etildi hamda baʼzi koʻcha va uy raqamlarida oʻzgarish boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 27, 47-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomning 39-, 41-bandlari, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish hamda oʻquvchilarni bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ning 1-bob 2-bandi hamda 2, 3-boblariga asosan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 211-moddalariga hamda tuman Adliya boʻlimining 2026-yil 18-fevraldagi 28/1-63/8-son taqdimnomasiga muvofiq, qaror qilaman:
1. Tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2026-yil 13-yanvardagi “Tumandagi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash haqida”gi 01-62-sonli xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tumandagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining yangi tahrirdagi mikrohududi roʻyxati mahalla fuqaro yigʻinlaridagi va koʻchalar boʻyicha ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman hokimining oʻrinbosari (U. Qulmamatov), tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (Q. Sariyev) va tumandagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari rahbarlarining zimmalariga:
maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga 7 yoshga toʻladigan yilda toʻliq qamrab olish;
oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan doimiy monitoring olib borish;
monitoring natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
Belgilansinki, tumandagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalar rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi (X. Toʻrayev) va mahalla fuqarolar yigʻini raislariga:
maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qamrab olish jarayonida tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga amaliy yordam berish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qaror ilovasi tumanning “Yangi Bandixon” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin hamda tuman hokimligining veb-saytiga joylashtirilsin.
6. Tuman hokimining 2024-yil 3-iyundagi 143-8-211-Q/24-son, 2026-yil 17-yanvardagi 20-8-211-Q/26-son, 2026-yil 6-apreldagi 74-8-211-Q/26-son qarorlari bekor qilinsin.
7. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari U. Qulmamatov va tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (Q. Sariyev) zimmalariga yuklansin.
Tuman hokimi A. ALLAMURADOV
Surxondaryo viloyati, Bandixon tumani,
2026-yil 29-aprel,
82-8-211-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.