Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining
buyrugʻi
Havo transportida yuk tashish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 19-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2552-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2013-yil 6-dekabrdagi 36-N-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2552, 2014-yil 8-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 2-son, 28-modda) bilan tasdiqlangan Havo transportida yuk tashish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor T. NAZAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-may,
4-n-son
Kelishildi:
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2026-yil 29-aprel
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 28-aprel
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 28-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2026-yil 13-maydagi 4-n-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Havo transportida yuk tashish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“aviatsiya xavfsizligi — fuqaro aviatsiyasini noqonuniy aralashish harakatlaridan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksi, shuningdek, jalb qilinadigan inson va moddiy resurslar;”;
oʻn ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kuzatib borilmaydigan bagaj — egasi hisoblangan shaxs joylashgan havo kemasida yoki boshqa havo kemasida yuk sifatida tashiladigan bagaj;”.
2. 42-banddagi “Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-iyuldagi 256-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi faoliyatiga gʻayriqonuniy aralashuvlardan himoya qilishning milliy dasturi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 152-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining noqonuniy aralashish harakatlaridan aviatsiya xavfsizligini taʼminlash milliy dasturi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.05.2026-y., 10/26/2552-1/0506-son)