BUXORO VILOYATI QOROVULBOZOR TUMANI HOKIMINING
QARORI
Tumandagi maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish va umumtaʼlim muassasalariga hududlar (mikrohudud) belgilash toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 25-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 27, 47-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomning 39, 41-bandlariga asosan, tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida, umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida hamda tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2026-yil 13-apreldagi 01-609-sonli xatini inobatga olib qaror qilaman:
1. Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2026-yil 13-apreldagi 01-609-sonli xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish maqsadida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Hududlar (mikrohudud) doirasida maktab yoshidagi bolalarni taʼlimga jalb qilish holati umumtaʼlim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) roʻyxatga olish orqali amalga oshirilsin.
4. Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (O. Aslonov)ga:
maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga toʻliq qamrab olinishini taʼminlash;
taʼlim muassasalari maʼsullariga maktab yoshidagi bolalarni roʻyxatga olish ishlariga uslubiy yordam koʻrsatish, taʼlim muassasalari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni nazorat qilish, sifatli amalga oshirilishi yuzasidan tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimida tajribali mutaxassislardan iborat ekspert guruh tuzish;
mazkur qarorni 2 kun muddatda barcha umumtaʼlim muassasalariga yetkazish va ijrosini taʼminlash vazifalari topshirilsin.
5. Tumandagi barcha umumtaʼlim maktablari direktorlariga:
biriktirilgan hudud (mikrohudud)laridagi 0 — 16 yoshdagi bolalarni sonini doimiy nazoratga olish;
maktab yoshidagi 7 — 16 yoshli bolalarni roʻyxatga olish ishlarini oʻz muddatlarida (yanvar-may oylarida) sifatli amalga oshirilishini taʼminlash;
belgilangan muddatlarda hudud (mikrohudud)dagi 0 — 16 yoshli bolalarni aniq soni va roʻyxatini tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga taqdim etib borish vazifalari topshirilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun umumtaʼlim maktabi rahbarlari shaxsan javobgar shaxs etib tayinlansin.
7. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan, tuman hokimining 2026-yil 15-apreldagi 101-2-38-Q/26-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash va nazorat qilish tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlari boʻyicha oʻrinbosari D. Tursunova zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi Oʻ. HAMROYEV
Buxoro viloyati, Qoravulbozor tumani,
2026-yil 1-may,
137-2-38-Q/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.