XALQ DEPUTATLARI QIZIRIQ TUMANI KENGASHINING
qarori
Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbarining suv resurslarini boshqarish, suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini yaxshilash, shuningdek tumanda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish holati toʻgʻrisidagi hisoboti hamda sugʻorish mavsumida yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev tomonidan oxirgi besh yilda suv xoʻjaligi sohasini rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qator Farmon va qarorlari qabul qilinib, ularning natijasida yangi sugʻorish texnologiyasini joriy etgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini ragʻbatlantirish uchun davlat tomonidan subsidiyalarni ajratish mexanizimining yoʻlga qoʻyilishi, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruchilari uchun bir qator imtiyozning yaratilishi sugʻoriladigan dehqonchilik yoʻnalishining rivojlanishida tub burilish yasadi.
Viloyatimizda sugʻorishga foydalaniladigan suv resurslarining 80 foizi qoʻshni davlatlar hududida shakillanadi. Qiziriq tumaniga suv Surxondaryo havzasidagi Janubiy Surxon suv omboridan Sherobod magistral kanali va Amu-Zang kanallari orqali kirib keladi.
Tumanda 1 ta paxta toʻqimachilik klasteri, 14 ta fermer xoʻjaligi, 63 ta bogʻdorchilik va 5834 ta (0,25 ga auksion) dehqon xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmoqda. Tumanda 29554 gektar sugʻoriladigan ekin yerlari mavjud boʻlib shundan, 8345 gektar paxta, 9395 gektar gʻalla, 701 gektar bogʻdorchilik, 568 gektar uzumchilik, 222 gektar tutzor, 4434 gektar aholi tomorqalari va 6031 gektar boshqa ekin maydonlarida qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirilib kelmoqda.
Qishloq xoʻjaligiga ajratilgan yerlarni sugʻorish, ikkiga boʻlinadi, bu nosugʻorish va sugʻorish mavsumlari deb ataladi. nosugʻorish mavsumi 1-oktabrdan 31-martgacha, sugʻorish mavsumi 1-apreldan 30-sentabrgacha davom etadi. Nosugʻorish va sugʻorish mavsumlari uchun suvga boʻlgan talab oʻrganilib, isteʼmolchilar kesimida suv olish limitlari ajratiladi.
Ushbu yer maydonalarini sugʻorish uchun 2026-yilda 319,3 mln. m3 suv talab etiladi, shundan 8345 gektar paxta maydoniga (1 gektarga 5,9 ming m3) 49.8 mln. m3 suv, 9395 gektar gʻalla maydoniga (1 gektarga 4,5 ming m3) 42.2 mln. m3 suv, 701 gektar bogʻdorchilik maydoniga (1 gektarga 6.8 ming m3) 4.7 mln. m3 suv, 568 gektar uzumchilik maydoniga (1 gektarga 2,5 ming m3) 1,5 mln. m3 suv, 222 gektar tutzor maydoniga (1 gektarga 3,0 ming m3) 0,7 mln. m3 suv, 4434 gektar aholi tomorqalari maydoniga (1 gektarga 9,0 ming m3) 32,8 mln. m3 suv va 6031 gektar boshqa ekin maydonlarida (1 gektarga 11,0 ming m3) 66,3 mln. m3 suv qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish uchun suv sarflanib kelinmoqda.
Tumanda suvning 23,0 foizi nasoslar orqali olinadi. Bunda, tumandagi 53 ta nasos agregatlaridan 18 tasi nasos stansiyalar boshqarmasiga tegishli nasos agregatlariga oʻrnatilgan elektrodvigatellar eski namunadagi boʻlib, koʻp miqdorda elektr energiyasi sarf qiladi, bularning barchasini zamonoviy kam elektr energiya isteʼmol qiladigan zamonaviy elektrodvigatellariga almashtirishimiz lozim. Hozirgi vaqitda suv tannarxi yaʼni (1 metr kub suvning dalagacha yetkazish tannarxi 302 soʻm)
Tumanda 54.3 km xoʻjaliklararo kanallar, 1344 km ichki sugʻorish tarmoqlari mavjud boʻlib shundan 417 kilometri tuproq oʻzanli boʻlgani uchun 30 foiz suv yoʻqotilayapti.
2025-yilda Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi balansidagi xoʻjaliklararo kanallarni tozalash 6.7 km rejasi 100 foizga, kanallardagi 10 dona gidrotexnik inshoat va 15 dona gidropostlarni taʼmirlash rejasi amalda toʻliq 100 foiz bajarildi.
2025-yil yakuniy hisob-kitob qilinganda Qiziriq tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM tomonidan suv isteʼmolchilariga 200,6 mln. m3 suv yetkazib berilib, shundan 147,2 mln. m3 suv isteʼmol qilingan suvni soliq organlariga taqdim etildi. Soliqqa taqdim etilgan mablagʻ jami 14 mlrd. 721 mln. 168 ming soʻmni tashkil qiladi va shundan 3 mlrd 888 mln. 467 ming soʻm mablagʻ Qiziriq tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM hisob-raqamiga kelib tushgan.
2026-yil sugʻorish mavsumi uchun tuman chegarasiga 223,7 mln. m3 suv limiti ajratilgan boʻlib, shundan sanoat, kommunal xoʻjaligi va boshqa ehtiyojlar uchun 2,9 mln. m3, sugʻorish uchun 220,8 mln. m3 ajratilgan boʻlib, 0,9 koeffitsiyent bilan hisoblanganda suv isteʼmolchilardan yuridik shaxslarga 143,7 mln. m3 suv, mahallalarga 40,1 mln. m3 suv, baliqchilikni rivojlantirish uchun 0,4 mln. m3 suv va dehqon xoʻjaliklari uchun 14,9 mln. m3 suv limitlari ajratiladi. Sugʻorish uchun suv isteʼmolchilariga magistral kanallar tizimidagi suv yoʻqolishi hisobga olingan holda umumiy 198,7 mln. m3 suv yetkazib berish rejalashtirildi.
Tumanda joriy yilda jami 2175 gektar maydon suvni tejaydigan texnologiyalarni asosida sugʻorish rejalashtirilgan boʻlib, shundan tomchilatib sugʻorish 160 gektar jumladan: 50 gektar maydonga paxta, 30 gektar maydonga bogʻ va 80 gektar maydonga boshqa ekinlar uchun, 260 gektar maydonda yomgʻirlatib sugʻorish, 220 gektar maydonda diskret sugʻorish, 540 gektar maydonda egiluvchan quvurlar bilan sugʻorish, 730 gektar maydonda egatga plyonka toʻshab sugʻorish hmda 265 gektar maydonni lazerli tekislash asosida ekinlar ekishni amalga oshirish rejalashtirilgan. Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda yangi, zamonaviy suv tejamkor texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish dolzarb vazifamizga kiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4919-son qarori hamda 2022-yil 1-martdagi PQ-144-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, tumanda 2025-yilda “Navbur yogʻdu” MChJ tomonidan 12 gektar yer maydonida yomgʻirlatib, 17 gektar maydonga tomchilatib sugʻorish texnologiyasi tizimi joriy etilgan.
2026-yil 19-martdagi Vazirlar Mahkamasining “Irrigatsiya tizimlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 111-sonli qaroriga asosan tumandagi “Buyuk Surxonobod” hududida suv tanqisligini oldini olish maqsadida 65 ming m3 hajmdagi hovuzini qurish va suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun 2026-yilda 2 milliard soʻmlik loyiha rejalashtirilgan.
“Agrobank” ATB tomonidan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha shaffof onlayn kredit ajratish imkonini beruvchi “suvkredit.uz” elektron tizimi platformasi toʻliq ishga tushirildi.
Bundan tashqari qishloq xoʻjaligi maxsulotlarini ishlab chiqaruvchi paxta-toʻqimachilik klasteri, fermer xoʻjaliklari va dehqon xoʻjaliklariga suvni tejaydigan sugʻorish texnolgiyalarni joriy qilingan har bir gektariga 8 — 11 mln. soʻm miqdorida davlat tomonidan subsidiya mablagʻlari ajratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarorining ijrosini taʼminlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni tashkillashtirish maqsadida vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun tasdiqlangan suv olish limitlarini hududlar kesimida ijrosi, shuningdek, suv resurslarini boshqarish, suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini yaxshilash, shuningdek, tumanda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish holati, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori M. Neʼmatovning hisobotini hamda joriy yil sugʻorish mavsumida yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlari boʻyicha kiritilgan takliflarni xalq deputatlari tuman Kengashining agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi va boshqa doimiy komissiyalar qoʻshma yigʻilishi muhokamasida bildirilgan takliflarni eʼtiborga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Suv resurslarini boshqarish, suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini yaxshilash, shuningdek tumanda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish holati toʻgʻrisidagi hisoboti boʻyicha tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori M. Neʼmatovning oʻtgan mavsumda amalga oshirilgan ishlari qoniqarli deb topilsin.
2. Tuman hokimligi (O. Poyanov), tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi (M. Neʼmatov)ga:
tuman hududida qurilgan suvni tejaydigan sugʻorish texnolgiyalarni amalda foydalanishi, ularning saqlanishi boʻyicha ishlarni nazoratga olish;
tumandagi “Buyuk Surxonobod” hududida suv tanqisligini oldini olish maqsadida rejalashtirilgan 65 ming m3 hajmdagi hovuzini qurish va suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish loyihasini muddatlarida bajarilishini nazoratga olish;
suvdan foydalanuvchilar va oʻzlarining tasarrufidagi nasos agregatlariga oʻrnatilgan elektrodvigatellarni barchasini zamonoviy kam elektr energiya isteʼmol qiladigan elektrodvigatellariga almashtirish choralarini belgilash;
klaster va fermerlar xoʻjaliklarining rejalashtirilgan gidrotexnik inshootlarni taʼmirlash boʻyicha rejalashtirilgan 6,7 km ariqlarni betonlash, 10 ta gidropost inshoatlarini taʼmirlash, klaster va fermerlarning 15 ta suv olish quloqlarini jihozlash ishlari boʻyicha rejalashtirilgan ishlarni xoʻjaliklar kesmida nazorat qilish;
bu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni haftalik tahlil etish va yil yakuniga qadar rejalashtirilgan ishlarni toʻliq muddatlarida yakunlash choralarini belgilash;
amalga oshirilgan ishlar boʻyicha xalq deputatlri tuman Kengashiga har chorakda axborot kiritib borish topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi “Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan oʻzbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan Qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliqlarni oʻstirish (yetishtirish) uchun foydalaniladigan suv hajmi, shu jumladan dehqon xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi yerlariga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 107 soʻm etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
4. Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Qiziriq tumani “Suv etkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan joriy yil sugʻorish mavsumi uchun tuman chegarasidan olinadigan 223,7 mln. m3 suv olish limitlarini, kanallardagi suv yoʻqotishlarni inobatga olib, 198,7 mln. m3 suvni 5915 ta isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlari hududlar kesimida ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Tumandagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi suv isʼtemolchilariga isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.
6. Tuman hokimligi Axborot xizmati (A. Yuldashev)ga mazkur qarorni tasdiqlangandan keyin tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga eʼlon qilish tavsiya etilsin.
7. Mazkur sessiya qarorini ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Qiziriq tumani Kengashining agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (A. Xolmoʻminov) zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi J. XUDOYQULOVA
Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani,
2026-yil 16-aprel,
VII-19-33-8-113-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.