XALQ DEPUTATLARI JIZZAX SHAHAR KENGASHINING
Qarori
Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi shahar komissiyasining shahardagi mavjud nomsiz hamda nomlari takrorlangan koʻchalarga tavsiya etilgan nomlarni koʻrib chiqish va nomlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 12-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi 303-sonli Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-martdagi “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 48-son, 2018-yil 14-dekabrdagi 1010-son qarorlariga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rayosat majlisining 2022-yil 25-iyuldagi 117-sonli yigʻilishi bayoni topshiriqlari asosida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi kadastr agentligining 2026-yil 18-fevraldagi 05-19-2922-sonli ekspert xulosalarini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Jizzax shahar hokimligining 2026-yil 24-martdagi 01-475-sonli xati va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2026-yil 18-fevraldagi 05-19-2922-sonli ekspert xulosasi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax shahar hududidagi nomsiz hamda nomlari takrorlangan koʻchalarga tavsiya etilgan nomlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shahar statistika boʻlimi, Oʻzbeiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining davlat kadastrlar palatasi Jizzax shahar filiali (S.Ergashev), shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi (N.Yaxshilikov) hamda tegishli mutasaddi va davlat tashkilotlariga amaldagi tartibda nom berilgan va nomlari oʻzgartirilgan koʻchalarmi davlat reyestiriga kiritish va elektron bazasini shakllantirish, ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirish kiritish bilan bogʻliq barcha tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilsin.
4. Shahar IIO FMB (J.Sherqulov) nom berilgan va nomlari oʻzgartirilgan hududlarda aholining fuqarolik pasportlariga tegishli oʻzgartirish kiritish ishlarini tashkiliy ravishda amalga oshirsin.
5. Jizzax shahar hokimi oʻrinbosari v.b (B.Normatov), shahar obodonlashtirish boshqarmasining birinchi oʻrinbosari (A.Abduvahobov), Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi shahar boʻlimi (Sh.Azimov)larga:
Mahallalardagi nomsiz hamda nomlari takrorlangan koʻchalarga tavsiya etilgan nomlarini qonunchilikda belgilangan tartibda qonuniylashtirish choralarini koʻrsin hamda aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, belgilangan tartibda zamonaviy koʻrinishdagi OʻzDSt texnik shartlariga javob beradigan peshlavhalar yozib oʻrnatish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilsin.
6. Belgilansinki, geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni moliyalashtirish mahalliy budjet mablagʻlari va qonun hujjatlarida taʼqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Shahar hokimi maslahatchisi (S.Sherqoʻziyeva)
10 kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligiga Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestiriga kiritish uchun tegishli hujjatlar yuborish;
Qarordan nusxa geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha viloyat komissiyasiga yuborish vazifasi yuklatilsin.
8. Shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi (N.Yaxshilikov), shahar Obodonlashtirish boshqarmasining birinchi oʻrinbosari (A.Abduvahobov), Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi shahar boʻlimi (Sh.Azimov)larga:
10 kun muddatda hududdagi tavsiya etilgan koʻcha nomlarini zamonaviy koʻrinishdagi, OʻzDSt texnik shartlariga javob beradigan peshlavhalar yozib oʻrnatish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilsin.
9. Shahar hokimligi axborot xizmati (X.Raximova) va “Jizzax ovozi” gazetasi (M.Ismoilov)larga mazkur qarorni hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish hamda “Jizzax ovozi” gazetasida eʼlon qilish vazifasi yuklatilsin.
10. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi doimiy komissiyalari va shahar hokimining oʻrinbosari (S.Silliyev) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi IMOMOV MUSAXON XXX
Jizzax viloyati, Jizzax sh.,
2026-yil 1-aprel,
VII-19-67-3-55-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.