Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (2-sonli MHMS) “Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari: hisob siyosati va hisob baholari”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3810]
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (2-sonli MHMS) “Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari: hisob siyosati va hisob baholari” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2027-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-mart,
345-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 12-martdagi 345-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (2-sonli MHMS) “Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari: hisob siyosati va hisob baholari
Oʻzbekiston Respublikasi moliyaviy hisobotning milliy standarti (2-sonli MHMS) “Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari: hisob siyosati va hisob baholari” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar (bundan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar va budjet tashkilotlari mustasno) (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tomonidan moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslarini belgilash, shu jumladan hisob siyosatini tanlash va qoʻllash, hisob siyosati va hisob baholaridagi oʻzgarishlar hamda oldingi davr xatolarini tuzatishni hisobga olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
hisob siyosati — tashkilot tomonidan moliyaviy hisobotlarni tayyorlash va taqdim etishda qoʻllaniladigan aniq tamoyillar, asoslar, umumqabul qilingan shartlar, qoidalar va amaliy yondashuvlar majmuasi;
hisob baholari — baholash noaniqligiga ega boʻlgan va moliyaviy hisobotlarda aks ettirilgan pulda ifodalanuvchi miqdorlar;
muhim maʼlumotlar — tushirib qoldirilishi, notoʻgʻri aks ettirilishi yoki yetarli darajada ochiqlanmasligi (yashirilishi) moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilarning (bundan buyon matnda foydalanuvchi deb yuritiladi) moliyaviy hisobotlar asosida qabul qiladigan qarorlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar;
oldingi davr xatolari — tashkilotning bir yoki undan ortiq oldingi davrlar uchun moliyaviy hisobotlaridagi tushirib qoldirishlar yoki notoʻgʻri aks ettirishlar hisoblanib, ular oldingi davrlar uchun moliyaviy hisobotlar tasdiqlanganda mavjud boʻlgan hamda oldingi moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda hisobga olinishi mumkin boʻlgan ishonchli maʼlumotlardan foydalanmaslik yoki notoʻgʻri foydalanish natijasida yuzaga keladi;
retrospektiv qoʻllash — yangi hisob siyosatini operatsiyalar, boshqa hodisalar va vaziyatlarga (bundan buyon matnda operatsiyalar deb yuritiladi) nisbatan ushbu hisob siyosati har doim qoʻllangandek tatbiq etish;
retrospektiv qayta hisoblash — moliyaviy hisobotlardagi elementlar qiymatlarining tan olinishi, baholanishi va yoritib berilishini oldingi davrlarda xatoga yoʻl qoʻyilmagandek tuzatish;
amaliy imkonsiz — tashkilot tomonidan hisob siyosatini retrospektiv qoʻllash yoki xatoni tuzatish maqsadida retrospektiv qayta hisoblash boʻyicha talablarni amalda qoʻllashga qaratilgan barcha saʼy-harakatlarga qaramasdan ularni qoʻllay olmaslik;
perspektiv qoʻllash — hisob siyosati oʻzgartirilgan sanadan keyin sodir boʻlgan operatsiyalarga nisbatan yangi hisob siyosatini qoʻllash hamda hisob baholaridagi oʻzgarishning taʼsirini ushbu oʻzgarish taʼsir koʻrsatadigan joriy va kelgusi davrlarda tan olish.
2. Ushbu Standartning maqsadi moliyaviy hisobotlarning oʻrinliligi va ishonchliligini, shuningdek oldingi hisobot davrlarining moliyaviy hisobotlari hamda boshqa tashkilotlarning moliyaviy hisobotlari bilan qiyoslanuvchanligini oshirish hisoblanadi.
Quyidagilar moliyaviy hisobotlarni tayyorlashning asoslari etib belgilanadi:
umumiy jihatlar;
hisob siyosatlarini tanlash, oʻzgartirish va yoritib berish mezonlari;
hisob siyosati va hisob baholarini oʻzgartirish, xatolarni tuzatishlarni hisobga olish va yoritib berish.
2-bob. Moliyaviy hisobotlarni tayyorlashning umumiy jihatlari
1-§. Haqqoniy taqdim etish va Moliyaviy hisobotning milliy standartlariga muvofiqlik
3. Haqqoniy taqdim etish Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish uchun konseptual asosda (bundan buyon matnda Konseptual asos deb yuritiladi) keltirilgan aktivlar, majburiyatlar, daromadlar va xarajatlarning taʼriflari va tan olish mezonlariga muvofiq operatsiyalarning oqibatlarini toʻgʻri aks ettirishni talab etadi.
4. Moliyaviy hisobotlarni Moliyaviy hisobotning milliy standartlariga (bundan buyon matnda MHMS deb yuritiladi) muvofiq tayyorlaydigan tashkilot moliyaviy hisobotlarga izohlarda bunday muvofiqlikni oshkora va shartsiz bayon etishi lozim.
Moliyaviy hisobotlar tashkilot tomonidan MHMSning barcha talablariga muvofiq boʻlmagunga qadar MHMSga muvofiq deb bayon etilmasligi lozim.
5. Moliyaviy hisobotlarning haqqoniy taqdim etilishiga erishish uchun tashkilot qoʻllanilgan MHMSga rioya etishi lozim. Bunda moliyaviy hisobotlarni haqqoniy taqdim etish tashkilotdan quyidagilarni talab etadi:
oʻrinli, ishonchli, qiyoslanuvchan va tushunarli, shu jumladan hisob siyosati uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etish;
tashkilotning moliyaviy holati va natijalariga muayyan operatsiyaning taʼsirini foydalanuvchilar tomonidan tushunib olish uchun maʼlumot yetarli boʻlmaganda MHMSning muayyan talablariga muvofiq qoʻshimcha maʼlumotlarni yoritib berish.
6. Tashkilot foydalanilgan hisob siyosatini yoritib berish yoki izohlar (tushuntirishlar) orqali nooʻrin qoʻllangan hisob siyosatini tuzata olmaydi.
2-§. Faoliyatning uzluksizligi
7. Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash jarayonida tashkilot rahbariyati tashkilot faoliyatining uzluksiz davom etish imkoniyatini baholaydi.
Agar tashkilotning tugatilishi yoki faoliyati toʻxtatilishi rejalashtirilmayotgan boʻlsa yoxud tashkilotning tugatilishi yoki faoliyati toʻxtatilishidan boshqa imkon qolmagan vaziyatda boʻlmasa, moliyaviy hisobotlar tashkilot faoliyatining uzluksizligi asosida tayyorlanadi.
Agar tashkilot faoliyatining uzluksiz davom etish imkoniyatini baholashda tashkilot rahbari tashkilot faoliyatini uzluksiz davom etishiga taʼsir qiluvchi muhim hodisa yoki vaziyatlardan xabardor boʻlsa, tashkilot mazkur hodisa yoki vaziyatni moliyaviy hisobotlarga izohlarda yoritib beradi.
8. Faoliyatning uzluksizligini baholashda hisobot davri oxiridan keyingi kamida oʻn ikki oyni qamrab olgan maʼlumotlar ham inobatga olinadi
3-§. Hisoblash usuli
9. Tashkilot pul oqimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan tashqari moliyaviy hisobotlarni hisoblash usuli asosida tayyorlashi lozim.
10. Tashkilot hisoblash usulini qoʻllashda aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, daromadlar va xarajatlarni (moliyaviy hisobot elementlarini) ular Konseptual asosdagi ushbu elementlarning taʼriflari va tan olish mezonlariga javob berganda tan oladi.
3-bob. Hisob siyosati
1-§. Hisob siyosatini tanlash va uni qoʻllash
11. Muayyan operatsiyaga nisbatan muayyan MHMS maxsus qoʻllanilsa, hisobning bunday obyektiga nisbatan qoʻllaniladigan hisob siyosati yoki uning qoidalari mazkur MHMSni qoʻllagan holda belgilanishi lozim.
12. Muayyan operatsiyaga nisbatan maxsus qoʻllaniladigan MHMS mavjud boʻlmagan taqdirda, tashkilot rahbariyati quyidagi maʼlumotlarning shakllanishiga olib keladigan hisob siyosatini ishlab chiqishda va qoʻllashda oʻz mulohazasidan foydalanishi lozim:
1) foydalanuvchilar tomonidan qarorlarni qabul qilish uchun oʻrinli boʻlishi;
2) ishonchli boʻlishi, yaʼni moliyaviy hisobotlar:
tashkilotning moliyaviy holati va natijasi hamda pul oqimlarini haqqoniy koʻrsatishi;
yuridik shakldan tashqari operatsiyalarning iqtisodiy mohiyatini aks ettirishi;
xolis, yaʼni tarafkashlikdan xoli boʻlishi;
ehtiyotkorlik tamoyiliga muvofiq boʻlishi;
barcha muhim jihatlari boʻyicha toʻliq boʻlishi.
13. Tashkilot rahbari mazkur Standartning 12-bandida keltirilgan mulohazani qabul qilishda quyidagi manbalarga eʼtibor berishi va ularning qoʻllanishini koʻrib chiqishi lozim:
oʻxshash va aloqador masalalarni qamrab oluvchi MHMSdagi yoki amalda boʻlgan Buxgalteriya hisobining milliy standartlaridagi talablar;
Konseptual asosda keltirilgan aktivlar, majburiyatlar, daromadlar va xarajatlarning taʼriflari hamda ularni tan olish va baholash mezonlari.
14. Agar biror MHMSda oʻxshash operatsiyalar uchun turli hisob siyosatlarini qoʻllash mumkin boʻlgan obyektlarni alohida turkumlarga ajratish uchun maxsus koʻrsatma yoki talab boʻlmasa, tashkilot oʻxshash operatsiyalar uchun oʻzining hisob siyosatini tanlashi va izchil ravishda qoʻllashi lozim.
Agar biror MHMSda bunday turkumlash talab etilsa yoki unga ruxsat berilsa, har bir turkum boʻyicha tegishli hisob siyosati tanlanadi va izchil ravishda qoʻllaniladi.
2-§. Hisob siyosatidagi oʻzgarishlar
15. Tashkilot hisob siyosatini faqat biror MHMSda talab etilsa yoki hisob siyosatini oʻzgartirish moliyaviy hisobotlarda tashkilotning moliyaviy holati va natijalari hamda pul oqimlariga operatsiyalarning taʼsiri toʻgʻrisida yanada oʻrinli va ishonchli maʼlumotlar aks ettirilishiga olib kelsa oʻzgartirishi mumkin.
16. Tashkilotning moliyaviy holati va natijalari hamda pul oqimlarining oʻzgarishlarini aniqlash maqsadida foydalanuvchilar moliyaviy hisobotlarni davriy taqqoslash imkoniyatiga ega boʻlishi lozim.
Agar hisob siyosatidagi oʻzgarish mazkur Standartning 15-bandida keltirilgan mezonlarga javob bermasa, har bir hisobot davri mobaynida hamda hisobot davrlari orasida bir xil hisob siyosatlari qoʻllanilishi lozim.
17. Quyidagilar hisob siyosatidagi oʻzgarish hisoblanmaydi:
oldin sodir boʻlgan operatsiyalardan mazmunan farq qiladigan operatsiyalar uchun hisob siyosatini qoʻllash;
oldin sodir boʻlmagan yoki muhim boʻlmagan operatsiyalarga nisbatan yangi hisob siyosatini qoʻllash.
18. Asosiy vositalar yoki nomoddiy aktivlarni qayta baholash boʻyicha hisob siyosatini dastlabki qoʻllash hisob siyosatidagi oʻzgarish hisoblanadi.
Bunda hisob siyosatidagi oʻzgarish asosiy vositalar yoki nomoddiy aktivlarning har biriga tegishli MHMSga muvofiq qayta baholash sifatida qoʻllaniladi.
Mazkur bandda koʻrsatilgan hisob siyosatidagi oʻzgarishga nisbatan mazkur Standartning 19 — 36-bandlari qoʻllanmaydi.
3-§. Hisob siyosatidagi oʻzgarishlarni qoʻllash
19. Tashkilot mazkur Standartning 21-bandini hisobga olgan holda:
maxsus oʻtish qoidalari nazarda tutilgan muayyan MHMSni dastlabki qoʻllash natijasida yuzaga kelgan hisob siyosatidagi oʻzgarishni ushbu MHMS qoidalariga muvofiq hisobga olishi;
hisob siyosatidagi oʻzgarishga nisbatan qoʻllanadigan maxsus oʻtish qoidalarini oʻz ichiga olmagan muayyan MHMSni dastlabki qoʻllashda hisob siyosatini oʻzgartirsa yoki hisob siyosatini ixtiyoriy ravishda oʻzgartirsa, ushbu tashkilot bunday oʻzgarishlarni retrospektiv tarzda qoʻllashi lozim.
4-§. Retrospektiv qoʻllash boʻyicha cheklovlar
20. Tashkilot tomonidan mazkur Standartning 21-bandini hisobga olgan holda hisob siyosatini oʻzgartirish ushbu Standartning 19-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilariga muvofiq retrospektiv tarzda qoʻllanilsa, tashkilot taqdim qilingan oldingi davrlarning eng dastlabki davri uchun ushbu oʻzgarish taʼsir qilgan xususiy kapitaldagi tarkibiy qismlarning boshlangʻich qoldiqlari va har bitta taqdim qilingan oldingi davr uchun yoritib berilgan boshqa qiyosiy maʼlumotlarga yangi hisob siyosati hamma vaqt qoʻllanilgandek tarzda tuzatish kiritishi zarur.
21. Retrospektiv qoʻllash mazkur Standartning 19-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilariga muvofiq talab qilinganda hisob siyosatidagi oʻzgarish retrospektiv tarzda qoʻllanishi lozim, bundan oʻzgarishning biror-bir davrga tegishli taʼsirini yoki jamlangan (kumulyativ) taʼsirini aniqlash amaliy imkonsiz boʻlgan holatlar mustasno.
22. Taqdim qilingan bir yoki undan ortiq oldingi davrlarga tegishli qiyosiy maʼlumotga nisbatan hisob siyosatidagi oʻzgarishning maʼlum davrga tegishli taʼsirlarini aniqlash amaliy imkonsiz boʻlganda tashkilot yangi hisob siyosatini retrospektiv qoʻllashni amaliy imkoni boʻlgan eng oldingi davr (bu joriy davr boʻlishi ham mumkin) boshiga boʻlgan aktivlar va majburiyatlarning balans qiymatiga nisbatan qoʻllashi lozim.
Shuningdek, mazkur davr uchun xususiy kapitalning har bir taʼsir qilingan komponentining davr boshidagi qoldigʻiga tegishli tuzatish kiritishi lozim.
23. Agar yangi hisob siyosatini barcha oldingi davrlarga nisbatan qoʻllashning jamlangan (kumulyativ) taʼsirini joriy davr boshida aniqlash amaliy imkonsiz boʻlsa, tashkilot yangi hisob siyosatini qoʻllashni amaliy imkoni boʻlgan eng dastlabki sanadan boshlab perspektiv qoʻllash maqsadida qiyosiy maʼlumotlarga tuzatish kiritishi kerak.
5-§. Hisob siyosatini tanlash va qoʻllash boʻyicha maʼlumotlarni yoritib berish
24. Tashkilot hisob siyosatiga doir muhim maʼlumotlarni moliyaviy hisobotlarga izohlarda yoritib berishi lozim.
25. Muhim boʻlmagan operatsiyalar tegishli boʻlgan hisob siyosatiga oid maʼlumot muhim hisoblanmaydi va uni yoritib berish talab etilmaydi.
Operatsiyalarning qiymati muhim boʻlmaganda ham ularning xususiyati sababli hisob siyosatiga oid maʼlumot muhim deb hisoblanishi mumkin.
26. Agar hisob siyosatiga oid maʼlumot muhim operatsiyalarga tegishli boʻlsa hamda quyidagi vaziyatlardan biri mavjud boʻlsa, tashkilot ushbu maʼlumotni oʻz moliyaviy hisobotlari uchun muhim deb baholashi mumkin:
tashkilot hisobot davri davomida hisob siyosatini oʻzgartirgan hamda ushbu oʻzgarish moliyaviy hisobotlardagi maʼlumotga muhim taʼsir koʻrsatgan boʻlsa;
tashkilot hisob siyosatida MHMSda ruxsat etilgan usulni yoki bir nechta usullardan birini tanlagan boʻlsa;
muayyan operatsiyaga bevosita tatbiq etiladigan maxsus qoʻllanadigan MHMS mavjud boʻlmaganligi sababli hisob siyosati mazkur Standartga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlsa;
hisob siyosati tashkilotdan uni qoʻllashda muhim mulohaza yoki farazlar qabul qilishni talab etadigan sohalarga tegishli boʻlsa hamda tashkilot ushbu mulohaza yoki farazlarni mazkur Standartning 30 va 33-bandlariga muvofiq yoritib bersa;
muhim operatsiyalar boʻyicha qoʻllaniladigan hisobga olish tartibi murakkab boʻlgan hamda ushbu hisob siyosatiga oid maʼlumot yoritib berilmagan hollarda foydalanuvchilar ushbu muhim operatsiyalarni tushuna olmasa.
27. Tashkilotning muayyan MHMS talablarini oʻz vaziyatlariga moslab qoʻllaganligini aks ettiruvchi hisob siyosati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar foydalanuvchilar uchun standartlashtirilgan yoki MHMSning talablarini takrorlaydigan yoxud umumlashtiradigan maʼlumotlarga nisbatan foydaliroq boʻlgan hamda aynan shu tashkilotga xos boʻlgan axborotni aks ettiradi.
28. Agar tashkilot hisob siyosatining muhim boʻlmagan maʼlumotlarini yoritib bersa, bunday maʼlumotlar hisob siyosatining muhim boʻlgan maʼlumotlarining ahamiyatini kamaytirmasligi kerak.
29. Tashkilotning hisob siyosati toʻgʻrisidagi maʼlumotning muhim emasligi haqidagi xulosasi boshqa MHMSda keltirilgan tegishli yoritib berish talablariga taʼsir qilmaydi.
30. Tashkilot hisob siyosatining muhim jihatlari yoki boshqa izohlar bilan birgalikda tashkilot rahbariyati tomonidan hisob siyosatini qoʻllash jarayonida qabul qilingan hamda moliyaviy hisobotlarda tan olingan qiymatlarga yuqori ahamiyatli darajada taʼsir etgan mulohazalarni (bundan hisob baholariga oid mulohazalar mustasno) ham yoritib berishi lozim.
6-§. Hisob siyosatidagi oʻzgarishlarni yoritib berish
31. Agar muayyan MHMSni dastlabki qoʻllash joriy davr yoki har qanday oldingi davrga taʼsir koʻrsatsa yoki tuzatish summasini aniqlash amaliy imkonsiz boʻlgan holda taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa yoxud kelgusi davrlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, tashkilot moliyaviy hisobotlarga izohlarda quyidagilarni yoritib berishi lozim:
MHMSning nomi;
hisob siyosatidagi oʻzgarishning tavsifi;
hisob siyosatidagi oʻzgarish tegishli MHMSning oʻtish qoidalariga muvofiq amalga oshirilgani (qoʻllash mumkin boʻlsa);
oʻtish qoidalarining tavsifi (qoʻllash mumkin boʻlsa);
kelgusi davrlarga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan oʻtish qoidalari (qoʻllash mumkin boʻlsa);
joriy davr va har bir taqdim etilgan oldingi davr (amaliy imkoni boʻlgan darajada) uchun hisob siyosatidagi oʻzgarish taʼsir etgan moliyaviy hisobotlarning har bir moddasi boʻyicha tuzatish summasi;
taqdim qilingan davrlardan (amaliy imkoni boʻlgan darajada) oldingi davrlarga tegishli boʻlgan tuzatish summasi;
agar mazkur Standartning 19-bandida talab etilgan retrospektiv qoʻllash biror oldingi davr yoki taqdim qilingan davrlardan oldingi davrlar uchun amaliy imkonsiz boʻlsa, bunday vaziyat sodir boʻlishiga olib kelgan holatlar va hisob siyosatidagi oʻzgarish qachondan boshlab va qanday qoʻllanganining tavsifi.
Keyingi davrlarning moliyaviy hisobotlarida yuqorida qayd etilgan maʼlumotlarni qaytadan yoritib berish talab etilmaydi.
32. Agar hisob siyosatidagi ixtiyoriy oʻzgarish joriy davr yoki har qanday oldingi davrga taʼsir koʻrsatsa yoxud tuzatish summasini aniqlash amaliy imkonsiz boʻlgan davrdan tashqari har qanday oldingi davrga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa yoki kelgusi davrlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, tashkilot moliyaviy hisobotlarga izohlarda quyidagilarni yoritib berishi lozim:
hisob siyosatidagi oʻzgarishning tavsifi;
yangi hisob siyosatini qoʻllash nisbatan ishonchli va oʻrinli maʼlumot berishining sabablari;
joriy davr va har bir taqdim etilgan oldingi davr (amaliy imkoni boʻlgan darajada) uchun hisob siyosatidagi oʻzgarish taʼsir etgan moliyaviy hisobotlarning har bir moddasi boʻyicha tuzatish summasi;
taqdim qilingan davrlardan (amaliy imkoni boʻlgan darajada) oldingi davrlarga tegishli boʻlgan tuzatish summasi;
agar retrospektiv qoʻllash biror oldingi davr yoki taqdim qilingan davrlardan oldingi davrlar uchun amaliy imkonsiz boʻlsa, bunday vaziyat sodir boʻlishiga olib kelgan holatlar va hisob siyosatidagi oʻzgarish qachondan boshlab va qanday qoʻllanganining tavsifi.
7-§. Hisob baholarining noaniqligi boʻyicha manbalarni yoritib berish
33. Tashkilot kelajakka oid farazlar va hisob baholarining noaniqligi boʻyicha boshqa asosiy manbalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yoritib berishi lozim. Bunda hisob baholarining noaniqligi boʻyicha asosiy manbalar aktivlar va majburiyatlarning balans qiymatlariga keyingi moliyaviy yilda muhim tuzatishlar kiritilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan ahamiyatli riskka ega boʻlishi hamda hisobot davrining oxiriga tegishli boʻlishi lozim.
Bunda aktivlar va majburiyatlar boʻyicha izohlar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
aktivlar va majburiyatlarning tavsifi;
hisobot davri oxirida aktivlar va majburiyatlarning balans qiymati.
34. Ayrim aktivlar va majburiyatlarning balans qiymatini aniqlashda hisobot davri yakuniga koʻra noaniq kelgusi hodisalarning ushbu aktivlar va majburiyatlarga taʼsirini baholash talab etiladi.
35. Tashkilot mazkur Standartning 33-bandi ikkinchi xatboshisidagi yoritib beriladigan maʼlumotlarni tashkilotning rahbariyati tomonidan qabul qilingan kelajakka oid mulohazalar va hisob baholarining noaniqligi boʻyicha boshqa manbalarni tushunishga yordam beradigan tarzda foydalanuvchilarga taqdim etadi.
Taqdim qilinadigan maʼlumotlarning xususiyati va koʻlami kelajakka oid farazlarning va boshqa omillarning xususiyatiga bogʻliq tarzda oʻzgaradi.
36. Mazkur Standartning 30-bandida keltirilgan hisob siyosatini qoʻllashda amalga oshirilgan muayyan mulohazalarni yoritib berish ushbu Standartning 33-bandidagi hisob baholarining noaniqligi boʻyicha manbalarini yoritib berishga bogʻliq boʻlmaydi.
4-bob. Hisob baholari
37. Hisob siyosati moliyaviy hisobotlardagi ayrim moddalarni baholash noaniqligini taqozo etadigan tarzda baholashni talab qilishi mumkin.
Bunda hisob siyosatida bevosita kuzatish mumkin boʻlmagan va shu sababli taxminiy hisoblash (baholash) yoʻli bilan aniqlanishi lozim boʻlgan moddalarni pul miqdorlarida baholash belgilanishi mumkin. Bunday vaziyatda tashkilot hisob siyosatida belgilangan maqsadga erishish uchun hisob bahosini ishlab chiqadi.
Hisob baholari eng soʻnggi va ishonchli maʼlumotlarga asoslangan mulohaza yoki farazlardan foydalanish orqali ishlab chiqiladi.
Quyidagilar hisob baholari hisoblanadi:
kutilayotgan kredit yoʻqotishlari boʻyicha zaxira;
tovar-moddiy zaxiralar moddasining sof sotish qiymati;
aktiv yoki majburiyatning haqqoniy qiymati;
asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya xarajatlari;
kafolat majburiyatlari boʻyicha baholangan majburiyat va boshqalar.
38. Tashkilot hisob bahosini ishlab chiqish uchun baholash usullari va hisob-kitobda foydalaniladigan maʼlumotlarni (inputs) qoʻllaydi.
Baholash usullari taxminiy hisoblash va qiymatni aniqlash usullarini oʻz ichiga oladi.
39. Moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda asoslangan hisob baholaridan foydalanilishi mumkin hamda bu moliyaviy hisobotlarning ishonchliligiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.
40. Hisob bahosiga asos boʻlgan holatlar oʻzgarishi, yangi maʼlumotlar olinishi yoki qoʻshimcha tajriba toʻplanishi natijasida hisob bahosi oʻzgartirilishi mumkin.
Hisob bahosining oʻzgartirilishi oʻz mohiyati boʻyicha oldingi davrlarga tegishli boʻlmaydi hamda xatoni tuzatish hisoblanmaydi.
41. Agar baholash usuli yoki hisob-kitob uchun foydalaniladigan maʼlumotlardagi (inputs) oʻzgarishning hisob bahosiga taʼsiri oldingi hisobot davrlarining xatolarini tuzatish natijasida yuz bermagan boʻlsa, bunday oʻzgarishlar hisob bahosidagi oʻzgarishlar hisoblanadi.
42. Qoʻllanilayotgan baholash asosining oʻzgarishi hisob bahosidagi oʻzgarish emas, hisob siyosatidagi oʻzgarish hisoblanadi.
Agar hisob siyosatidagi oʻzgarish bilan hisob bahosidagi oʻzgarishni farqlab boʻlmasa, bunday oʻzgarish hisob bahosidagi oʻzgarish deb topiladi.
43. Hisob bahosidagi oʻzgarishning taʼsirini perspektiv tarzda tan olish deganda ushbu oʻzgarishni operatsiyalarga nisbatan oʻzgarish roʻy bergan sanadan boshlab qoʻllash tushuniladi.
Hisob bahosidagi oʻzgarish faqat joriy davr foydasi yoki zarari yoxud joriy va kelgusi davrlarning foydasi yoki zarariga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
44. Mazkur Standartning 46-bandida keltirilgan oʻzgarishdan tashqari hisob baholaridagi oʻzgarishning taʼsiri quyidagi davrlarda foyda yoki zarar tarkibida perspektiv tarzda tan olinishi lozim:
agar oʻzgarish faqat joriy davrga taʼsir qilsa, oʻzgarish roʻy bergan davrda;
agar oʻzgarish u roʻy bergan hamda kelgusi davrlarga taʼsir koʻrsatadigan boʻlsa, oʻzgarish roʻy bergan davrda va kelgusi davrlarda.
45. Hisob baholaridagi oʻzgarish aktivlar va majburiyatlarning oʻzgarishiga sabab boʻlsa yoki xususiy kapitalning muayyan moddasiga tegishli boʻlsa, ushbu oʻzgarish tegishli aktivlarning, majburiyatlarning yoki xususiy kapital moddasining balans qiymatiga tuzatish kiritish orqali oʻzgarish roʻy bergan davrda tan olinishi lozim.
46. Tashkilot joriy davrga yoki kelgusi davrlarga taʼsir qilishi kutilayotgan hisob baholaridagi oʻzgarishning xususiyati va qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni moliyaviy hisobotlarga izohlarda yoritib berishi kerak, bundan kelgusi davrlarga taʼsirini baholash amaliy imkonsiz boʻlgan hollar mustasno.
5-bob. Xatolar
1-§. Xatolar va ularni tuzatish
47. Agar moliyaviy hisobotlarda muhim xatolar yoki tashkilotning moliyaviy holati va natijalari hamda pul oqimlarini muayyan koʻrinishda taqdim etishga erishish maqsadida ataylab qilingan muhim boʻlmagan xatolar mavjud boʻlsa, moliyaviy hisobotlar MHMSga muvofiq hisoblanmaydi.
Joriy davrda aniqlangan ehtimoliy xatolar moliyaviy hisobotlar tasdiqlanishidan oldin tuzatilishi lozim.
Oldingi davrning muhim xatolari joriy davrning moliyaviy hisobotlaridagi qiyosiy maʼlumotlarni qayta hisoblash orqali tuzatiladi.
48. Oldingi davr xatolari matematik xatolar, hisob siyosatini qoʻllashdagi xatolar, faktlarni eʼtibordan chetda qoldirish yoki notoʻgʻri talqin qilish, shuningdek firibgarlik natijasida yuzaga kelgan xatolarni oʻz ichiga oladi.
49. Mazkur Standartning 50-bandida koʻrsatilgan talablarni inobatga olgan holda tashkilot oldingi davrning muhim xatolarini ular aniqlangandan keyin tasdiqlangan moliyaviy hisobotlarning birinchi toʻplamida quyidagicha retrospektiv tarzda tuzatishi lozim:
xato yuzaga kelgan paytda taqdim etilgan oldingi davr(lar) uchun qiyosiy maʼlumotlarni qayta hisoblash orqali;
eng oldingi taqdim etilgan davrdagi aktivlar, majburiyatlar va xususiy kapitalning davr boshiga qoldiqlarini qayta hisoblash orqali (xato taqdim etilgan eng oldingi davrdan avval yuzaga kelgan boʻlsa).
2-§. Retrospektiv qayta hisoblashdagi cheklovlar
50. Oldingi davr xatolari retrospektiv usul bilan tuzatilishi lozim, bundan xatoning muayyan davrga tegishli taʼsirini yoki jamlangan (kumulyativ) taʼsirini aniqlash amaliy imkonsiz boʻlgan holatlar mustasno.
51. Bir yoki undan ortiq oldingi davrlar uchun taqdim qilingan qiyosiy maʼlumotga xatoning biror-bir davrga tegishli boʻlgan taʼsirini aniqlash amaliy imkonsiz boʻlganda tashkilot retrospektiv qayta hisoblashning amaliy imkoni boʻlgan eng oldingi davr boshiga nisbatan aktivlarning, majburiyatlarning va xususiy kapitalning qoldiqlarini qayta hisoblashi lozim. Bunda retrospektiv qayta hisoblashni amaliy imkoni boʻlgan eng oldingi davr boshi joriy davrning boshi boʻlishi ham mumkin.
52. Joriy davrning boshida xatoning barcha oldingi davrlarga jamlangan (kumulyativ) taʼsirini aniqlash amaliy imkonsiz boʻlganda xatoni perspektiv tarzda tuzatish maqsadida tashkilot qayta hisoblashni amaliy imkoni boʻlgan eng oldingi sanadan boshlab qiyosiy maʼlumotlarni qayta hisoblashi lozim.
53. Oldingi davr xatosini tuzatish summasi xato aniqlangan davrning foyda yoki zarari tarkibida aks ettirilmaydi.
Oldingi davrlar toʻgʻrisida taqdim etilgan har qanday maʼlumot, shu jumladan moliyaviy maʼlumotlarning oʻtgan davr jamlanmasi amaliy imkoni boʻlgan eng oldingi davrdan boshlab qayta hisoblanadi.
54. Barcha oldingi davrlar uchun xato summasini aniqlash amaliy imkonsiz boʻlganda tashkilot mazkur Standartning 52-bandiga muvofiq qiyosiy maʼlumotlarni xatolik summasini aniqlashning amaliy imkoni boʻlgan eng oldingi sanadan boshlab perspektiv tarzda qayta hisoblaydi.
Bunda tashkilot xatolik summasini aniqlashning amaliy imkoni boʻlgan eng oldingi sanadan oldin yuzaga keladigan aktivlar, majburiyatlar va xususiy kapitalning jamlangan (kumulyativ) qayta hisoblash qismini hisobga olmaydi.
55. Xatolarni tuzatish hisob baholaridagi oʻzgarishlardan farqlanadi. Bunda hisob baholari hisob bahosiga asos boʻlgan holatlar oʻzgarishi, yangi maʼlumotlar olinishi yoki qoʻshimcha tajriba toʻplanishi bilan oʻzgartirish talab etilishi mumkin boʻlgan taxminiy qiymat hisoblanadi.
3-§. Xatolar boʻyicha maʼlumotlarni yoritib berish
56. Mazkur Standartning 49-bandini qoʻllashda tashkilot quyidagilarni yoritib beradi:
oldingi davrdagi xatoning tavsifi;
taqdim qilingan har bir oldingi davr (amaliy imkoni boʻlgan darajada) uchun moliyaviy hisobotlarning har bir moddasi boʻyicha tuzatish summasi;
taqdim qilingan oldingi davrlarning eng dastlabki davri boshiga tuzatishning summasi;
agar retrospektiv qayta hisoblashni biror oldingi davr uchun amalga oshirishning amaliy imkoni boʻlmasa, bunday vaziyat sodir boʻlishiga olib kelgan holatlar va xato qachondan boshlab va qanday tuzatilganining tavsifi.
Keyingi davrlarning moliyaviy hisobotlarida yuqorida qayd etilgan maʼlumotlarni qaytadan yoritib berish talab etilmaydi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026 y., 10/26/3810/0347-son)