XALQ DEPUTATLARI QASHQADARYO VILOYATI KENGASHINING
qarori
Viloyatdagi davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun 2026-yilda qoʻllaniladigan ijara toʻlovining eng kam stavkalarini tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-98-sonli farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrda 660-sonli qaroriga muvofiq hamda Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasining 2025-yil 23-dekabrdagi 05-24/727-sonli xatini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi S.Toshevning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyatdagi davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun 2026-yil 1-yanvardan qoʻllaniladigan ijara toʻlovining eng kam stavkalari 1-ilovaga;
ijara toʻlovi stavkalariga qoʻllaniladigan oshiruvchi koeffitsiyentlari 2-ilovaga;
bino va inshootlarga biriktirilgan, shuningdek, alohida ajratilgan maydonlar (asfaltlangan yoki betonlashtirilgan hududlar)da radio, uyali va peyjing aloqa antennalari oʻrnatilganda foydalaniladigan maydon uchun ijara toʻlovlari hisoblanishi tartibi 3-ilovaga;
ijara toʻlovi stavkalariga qoʻllaniladigan oshiruvchi koyeffitsiyentlarni hisoblash tartibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining viloyat hududiy boshqarmasi (S. Toshev):
viloyat hududidagi madaniy meros obyektlarini Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-oktabrdagi 881-sonli qarori talablari asosida ijaraga berilishini taʼminlasin;
Bunda davlat mulki boʻlgan binolar va xonalarda joylashgan budjet tashkilotlari uchun ijara toʻlovi nol stavkada qoʻllansin.
4. Davlat mulkini balansda saqlovchilarning mansabdor shaxslari joriy yilning har choragida kamida bir marta oʻzining tasarrufida boʻlgan davlat mulkini xatlovdan oʻtkazgan holda foydalanilmayotgan davlat mulki, shuningdek, ijaraga berilayotgan mol-mulkning “tiklanish qiymati” toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining viloyat hududiy boshqarmasiga oʻz vaqtida, toʻliq va ishonchli taqdim etishlari uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilansin va davlat mulkini ijara shartnomasi tuzmasdan ijaraga berishi, ijara shartnomasida ijaraga berilgan mulkning parametrlari va soni ataylab notoʻgʻri qayd etilganligi, buning natijasi ijara toʻlovining yashirilishiga olib kelganligi uchun qonun hujjatlarida tegishli javobgarlik belgilanganligi haqida ogohlantirilsin.
5. Ushbu qaror bajarilishini nazorat qilish va ijrosini taʼminlash xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi O. Ravshanov va viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A. Qodirov zimmasiga yuklatilsin.
6. Viloyat hokimining 2025-yil 27-yanvardagi “Qashqadaryo viloyatida 2025-yilda davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining eng kam stavkalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 42-4-0-Q/25-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Ushbu qaror rasmiy veb-sayt va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin.
Kengash raisi I. XUSHMURODOVA
Qashqadaryo viloyati,
2026-yil 15-yanvar,
VII-20-7-4-0-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.