XALQ DEPUTATLARI SIRGʼALI TUMANI KENGASHINING
Qarori
Sergeli tumanining 2026-yilgi mahalliy budjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Budjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2025-yil 27-dekabrdagi VII-18-207-14-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Toshkent shahar hokimligining 2025-yil 26-dekabrdagi 02-3659-sonli xatini inobatga olib, Xalq deputatlari Sergeli tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2025-yil 27-dekabrdagi VII-18-207-14-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Sergeli tumani mahalliy budjetining 2026-yilgi daromadlari 151 582 874,0 ming soʻm va xarajatlari esa 151 582 874,0 ming soʻm qilib belgilanganligi, shuningdek Sergeli tumani mahalliy budjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1 423 534,0 ming soʻm etib tasdiqlanganligi inobatga olinsin.
Qonunning 12-moddasiga muvofiq hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2024-yil 26-dekabrdagi VII-4-024-14-0-K/24-son qarorining 8-bandiga asosan:
a. soliqlarning quyidagi turlari tuman budjetiga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar;
b. quyidagilar Toshkent shahrining shahar budjeti va tumanlar budjetlari oʻrtasida taqsimlanadi:
aylanmadan olinadigan soliq;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan;
qoʻshilgan qiymat soligʻi Toshkent shahar mahalliy budjetiga tushgan tushumlardan 5 foiz miqdorida (yirik soliq toʻlovchilaridan tashqari);
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi Toshkent shahar mahalliy budjetiga tushgan tushumlardan (jismoniy shaxslar mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan toʻlaydigan, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar toʻlaydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan tashqari) 5 foiz miqdorida (yirik soliq toʻlovchilaridan tashqari);
foyda soligʻi Toshkent shahar mahalliy budjetiga tushgan tushumlardan (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq yirik soliq toʻlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek, norezidentlarning toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻidan tashqari) 5 foiz miqdorida (yirik soliq toʻlovchilaridan tashqari);
davlat bojlari;
yigʻimlar;
jarimalar;
3. Tuman mahalliy budjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 400 028,0 ming soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq, budjet tizimi budjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
4. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari A. Jumaboyev, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (F. Valixanov), tuman soliq inspeksiyasi (H. Qosimov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan budjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
budjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda budjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini hamda davriy jamlanma moliyaviy hisobotlarni toʻgʻri shakllantirilishi va oʻz vaqtida taqdim etilishini;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
6. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
7. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (A. Mirxidoyatov) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari A. Jumaboyev zimmasiga yuklatilsin.
Sessiya raisi U. MUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-dekabr,
III-17-94-14-201-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.