XALQ DEPUTATLARI SHAYXONTOHUR TUMANI KENGASHINING
Qarori
Shayxontohur tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2025-yil 27-dekabrdagi VII-18-207-14-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Toshkent shahar hokimligining 2025-yil 26-dekabrdagi 02-3652-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2025-yil 27-dekabrdagi VII-18-207-14-0-K/25-son qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Shayxontohur tuman mahalliy byudjetining 2026-yilgi daromadlari 180 873 804,0 ming soʻm va xarajatlari esa 180 873 804,0 ming soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi hamda Shayxontohur tuman mahalliy byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 1 632 175,0 ming soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman mahalliy byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, Shayxontohur tumani mahalliy byudjetiga umumdavlat soliqlari va boshqa soliqsiz tushumlardan ajratmalar meʼyorlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman mahalliy byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 596 042,0 ming soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Toshkent shahar Kengashining 2025-yil 27-dekabrdagi VII-18-207-14-0-K/25-son qarori 8-bandiga muvofiq:
a) tuman byudjetiga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar;
b) Quyidagi soliq turlari va boshqa majburiy toʻlovlar Toshkent shahar mahalliy byudjeti hamda tuman mahalliy byudjetlari oʻrtasida taqsimlanadi:
aylanmadan olinadigan soliq;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno);
mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan;
qoʻshilgan qiymat soligʻi Toshkent shahar mahalliy byudjetiga tushgan tushumlardan 5 foiz miqdorida (yirik soliq toʻlovchilaridan tashqari);
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi Toshkent shahar mahalliy byudjetiga tushgan tushumlardan (jismoniy shaxslar mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan toʻlaydigan, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar toʻlaydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan tashqari) 5 foiz miqdorida (yirik soliq toʻlovchilaridan tashqari);
foyda soligʻi Toshkent shahar mahalliy byudjetiga tushgan tushumlardan (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq yirik soliq toʻlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek, norezidentlarning toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻidan tashqari) 5 foiz miqdorida (yirik soliq toʻlovchilaridan tashqari);
davlat bojlari;
yigʻimlar;
jarimalar;
6. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari I. Sayriddinov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (B. Mirsamatov), tuman soliq inspeksiyasi (X. Mullajonov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
7. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Xalq deputatlari Shayxontohur tumani Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi “2025-yil uchun Shayxontohur tumani mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi III-5-031-14-205-K/24-sonli qarori 2025-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari I. Sayriddinov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi B. ABUBAKIROV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-dekabr,
III-22-185-14-205-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.