XALQ DEPUTATLARI URGANCH TUMANI KENGASHINING
Qarori
Urganch tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-16-151-12-0-K/25-son qaroriga muvofiq hamda Xorazm viloyati hokimligining 2025-yil 29-dekabrdagi 04-7-09/14139-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari Urganch tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-16-151-12-0-K/25-son qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Mazkur qarorga muvofiq, Urganch tumani mahalliy byudjetining 2026-yilgi daromadlari 135 mlrd. 948 mln. 197 ming. soʻm va xarajatlari esa 135 mlrd. 948. mln 197. ming soʻmga ma'lumot uchun qabul qilinganligi hamda Urganch tumani mahalliy byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 985 mln.soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman mahalliy byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq hamda tuman mahalliy byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning umumiy cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman mahalliy byudjeti zahira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 1 mlrd. 701 mln. 388 ming. soʻm miqdorida belgilansin. Bunda, zahira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi ta'minlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari-tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʼi J. Xalmetov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi birinchi oʻrinbosari R. Sabirov tuman soliq inspeksiyasi J. Egamov bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini ta'minlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini ta'minlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda ma'lumotlarni joylashtirib borilishini ta'minlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirishi munosabati bilan Xalq deputatlari Urganch tuman kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi VII-3-021-12-173-K/23-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan hisoblansin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi G. SULTANOV
Xorazm viloyati, Urganch tumani,
2025-yil 29-dekabr,
VII-17-125-12-173-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.