XALQ DEPUTATLARI URGANCH TUMANI KENGASHINING
Qarori
Xalq deputatlari Urganch tumani Kengashining 2025-yil 26-maydagi “2025-yil sugʻorish mavsumida tumanda suvdan samarali foydalanish toʻgʻrisida”gi VII-9-59-12-173-K/25-sonli qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-sonli qaroriga asosan tuman irrigatsiya boʻlimlari hamda maxsus xizmatlari negizida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etilgan va ularning vazifalari belgilab berilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom 37-bandida suvdan foydalanish va suv isteʼmol qilishning belgilangan davri tugaganidan keyin ikki oy muddatda manbalardagi suvning haqiqiy miqdorini hisobga olgan holda, oʻtgan sugʻorish davri uchun suv olishning uzil-kesil limitlarini qayta koʻrib chiqish koʻrsatib oʻtilgan.
Shundan kelib chiqib joriy yilning vegetatsiya (sugʻorish) davriga ajratilgan suv olish limitlari Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan koʻrib chiqilib, vazirlikning 2025-yil 30-oktyabrdagi 187-sonli buyrugʻi bilan sugʻorish davriga ajratilgan limitlar qayta taqsimlanishi belgilangan.
Kun tartibidagi masalani atroflicha muhokama qilib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6 va 24-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Urganch tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 82-sonli qarori va Suv xoʻjaligi vazirligining 2025-yil 30-oktabrdagi 187-sonli buyruqi rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasining suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlar boʻyicha 2025-yilning yozgi sugʻorish davri uchun cheklangan suv miqdori (limit) ilovaga muvofiq qayta tasdiqlansin.
3. Mazkur qaror tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
4. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Xalq deputatlari Urganch tumani Kengashining 2025-yil 26-maydagi “2025-yil sugʻorish mavsumida tumanda suvdan samarali foydalanish toʻgʻrisida”gi VII-9-59-12-173-K/25-sonli qarorining 1, 2 va 3-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi (K. Nurjanov) zimmalariga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi G. SULTANOV
Xorazm viloyati, Urganch tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-17-131-12-173-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.