XALQ DEPUTATLARI UYCHI TUMANI KENGASHINING
Qarori
Uychi tumanining 2026-yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Byudjet kodeksining 27, 99-moddalari, “2026 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1105-son Qonuniga va xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-17-165-6-0-K/25-sonli qaroriga muvofiq hamda Namangan viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 29-dekabrdagi 02/10-7125-sonli xatini inobatga olib, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining 2025-yil 29-dekabrdagi VII-17-165-6-0-K/25-sonli qarori (keyingi oʻrinlarda qaror deb yuritiladi) rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qarorga muvofiq, Uychi tuman byudjetining 2026-yilgi daromadlari 165 846,7 mln.soʻm va xarajatlari esa 165 846,7 mln.soʻmga maʼlumot uchun qabul qilinganligi, shuningdek Uychi tuman byudjetining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida turgan byudjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori 338,1 mln.soʻm etib belgilanganligi inobatga olinsin.
3. Tuman byudjeti daromadlarining 2026-yil uchun asosiy prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq, tuman byudjetidan 2026-yilda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, tumani byudjetlari oʻrtasida ajratmalar normativlari belgilanadigan umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek, soliq boʻlmagan toʻlovlar 3-ilovaga muvofiq hamda noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) 1 kub.metr hisobidan belgilangan qatʼiy stavkalar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman byudjeti zaxira jamgʻarmasi hajmi 2026-yil uchun 2 161,9 mln.soʻm miqdorida belgilansin.
Bunda, zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini amaldagi byudjet qonunchiligiga muvofiq, byudjet tizimi byudjetlari shakllantirilayotganda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Q. Qoʻchqorov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (B. Xolmirzaev), tuman soliq inspeksiyasi (M. Qodirov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy byudjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar har chorak yakuni bilan byudjet mablagʻlarining samarali va maqsadli sarflanganligi, xarajatlarning amaliy natijalari yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borsinlar.
Bunda, hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
byudjetdan ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, xususan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va davlat dasturlari uchun belgilangan xarajatlarni toʻliq rejalashtirilishi va oʻz vaqtida toʻlanishi;
oʻzlarining va tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻri tuzilishi;
byudjetdan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi va maqsadli indikatorlarning toʻliq bajarilishi;
tasarrufidagi tizim tashkilotlariga byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi;
oʻz tasarrufidagi tizimda byudjet intizomiga amal qilinishi ustidan nazorat qilinishini;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi A. Abdullayev hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Q. Qoʻchqorov zimmasiga yuklatilsin.
Sessiya raisi A. PARPIYEV
Namangan viloyati, Uychi tumani,
2025-yil 29-dekabr,
VII-14-131-6-86-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.