XALQ DEPUTATLARI UYCHI TUMANI KENGASHINING
Qarori
Uychi tumanida 2026-yil uchun yuridik va jismoniy shaxslarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari uchun bazaviy soliq stavkalarini belgilash xamda Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va Noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429, 437-moddalariga asosan xamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasining “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni, xalq deputatlari Uychi tumani Kengashining “2026-yil uchun yuridik va jismoniy shaxslarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari uchun bazaviy soliq stavkalarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Uychi tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-son Farmoniga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan belgilanadigan soliq stavkalari asosida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer soligʻi stavkasiga 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda yer soligʻi stavkalarini belgilash;
tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlariga viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilangan yer soligʻi stavkalariga qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun, ularning hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni kiritish huquqi berilganligi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi (yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari) summasi 2025-yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozimligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining 29-dekabr 2025-yildagi VII-17-165-6-0-K/25-sonli qaroriga asosan:
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi Uychi tumanida qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar boʻyicha bazaviy soliq stavkasi 1 gektar uchun mutlaq oʻlchamda 62 160 000.0 soʻm;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi (bundan dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlar mustasno) Uychi tumanida bazaviy soliq stavkasi 1 kv.m. uchun mutlaq oʻlchamda 463,0 soʻm miqdorida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Uychi tumanining hududlarini iqtisodiy rivojlanganlik darajasiga qarab, soliq yukini kelgusi yilda keskin ortib ketishini oldini olish maqsadida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining 29-dekabr 2025-yildagi VII-17-165-6-0-K/25-sonli qarorida belgilangan bazaviy soliq stavkalariga nisbatan:
yuridik shaxslar uchun 1-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslar uchun 2-ilovaga muvofiq
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 3-ilovaga muvofiq
noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan soliq stavkalariga 4-ilovaga muvofiq kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar belgilansin.
4. Tuman hokimligi, Tuman moliya boʻlimi xamda Uychi tuman soliq inspeksiyasi bilan birgalikda 1-2-ilovaga muvofiq, soliq stavkalarini soliq toʻlovchilarga belgilangan muddatlarda yetkazilishini, soliq solish tartiblari hamda boshqa maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritilishini taʼminlasin.
5. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Q. Qoʻchqorov, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (B. Xolmirzayev), tuman soliq inspeksiyasi (M. Qodirov) bilan birgalikda 2026-yil mahalliy budjeti uchun belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida va samarali bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Mazkur qaror tegishli tahririyatlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi tavsiya etilsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin
7. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (A. Abdullayev) hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Q. Qoʻchqorov zimmasiga yuklatilsin.
Sessiya raisi A. PARPIYEV
Namangan viloyati, Uychi tumani,
2025-yil 29-dekabr,
VII-15-130-6-86-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.