XALQ DEPUTATLARI TOʻRAQOʻRGʻON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Toʻraqoʻrgʻon tumani boʻyicha qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy va yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni hamda Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar, Noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼi stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarini tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429 va 437-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-farmonining 4-bandiga muvofiq viloyat moliya bosh boshqarmasi va davlat soliq boshqarmasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy va yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar” loyihasi boʻyicha kiritgan takliflari xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasida muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq hamda Xalq deputatlari Toʻraqoʻrgʻon tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429 va 437-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-farmonining 4-bandiga muvofiq quyidagilar,
Yer soligʻining amaldagi soliq stavkalari 2026-yilda 1,3 baravarga indeksatsiya qilinishi kutilayotganligi;
Toʻraqoʻrgʻon tuman uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha yuridik shaxslarga 1 ga uchun 62 160 000 (oltmish ikki million bir yuz oltmish ming) soʻm va jismoniy shaxslarga 1 kv.m uchun 509.3 (besh yuz toʻqqiz soʻm oʻttiz tiyin) soʻm bazaviy soliq stavkasi belgilanishi koʻzda tutilganligi;
Kelgusi yil bazaviy soliq stavkasiga nisbatan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllashda keyingi yil mahalliy byudjet daromadlari prognozidan kelib chiqish boʻyicha tavsiyalari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy va yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar” miqdorlarini belgilash boʻyicha iqtisodiyot va moliya boʻlimining hamda tuman soliq inspeksiyasining qoʻshma taklifi maʼqullansin.
3. Mazkur qaror bilan:
Toʻraqoʻrgʻon tuman hududida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdorlari 1-ilovaga muvofiq,
Toʻraqoʻrgʻon tuman hududida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdorlari 2-ilovaga muvofiq,
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 3-ilovaga muvofiq,
Noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda,
Soliq idoralariga jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi (yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari) summasi 2025-yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozimligi;
tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlariga viloyat xalq deputatlari Kengashi tomonidan belgilangan yer soligʻi stavkalariga qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun, ularning hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni kiritish huquqi berilganligi alohida koʻrsatib oʻtilsin.
4. Toʻraqoʻrgʻon tuman hokimligi (K. Soxodillayev), tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi (Oʻ. Yunusov), tuman soliq inspeksiyasi (M. Ismomiddinov) 3 kun muddatda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasi boʻyicha hududlar boʻyicha aniqlik kiritsin.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashi 1 hafta muddatda ushbu qarorning 1- va 2-ilovalariga asosan belgilangan soliq stavkalariga hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash boʻyicha muhokamalar oʻtkazib, 2026-yilning 5-yanvariga qadar muhokamalar yakuni boʻyicha tasdiqlangan soliq stavkalarni soliq inspeksiyasiga taqdim etsin.
6. Tuman xalq deputatlari Kengashi ushbu qarorning 1- va 2-ilovalariga asosan belgilangan soliq stavkalariga nisbatan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni kelgusi yil uchun mahalliy byudjet daromadlari prognozidan hamda mamlakatimizda iqtisodiy faollikning tiklanganligi hamda aholi va tadbirkorlarning daromadlari barqarorlashganligidan kelib chiqqan holda qoʻllashlari tavsiya etilsin.
7. Toʻraqoʻrgʻon tuman soliq inspeksiyasi (M. Ismomiddinov) yer soligʻi boʻyicha tasdiqlangan soliq stavkalarini 10-yanvarga qadar barcha soliq toʻlovchilarga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yetkazilishini taʼminlasin.
8. Tuman soliq inspeksiyasi (M. Ismomiddinov):
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib:
Soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda oʻz vaqtida byudjetga undirilishini nazoratga olib borish;
tegishli byudjetning ijro etilishi jarayonida unga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash;
yer soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali tashkil etib borsinlar.
9. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash tuman hokimining birinchi oʻrinbosari K. Soxodillayevga nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi SH. KOSIMOV
Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-12-99-6-85-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.