XALQ DEPUTATLARI KOGON SHAHAR KENGASHINING
Qarori
Kogon shahar boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun hamda yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 24-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 429 va 437-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-sonli Farmoni, Soliq kodeksining 445, 452-moddalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar hamda Xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi “Buxoro viloyati boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan ayrim soliqlarga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar hamda mutlaq miqdor summalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-21-113-2-0-K/25-sonli qarori loyihasiga asosan Kogon shahar boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni tasdiqlash maqsadida, xalq deputatlari Kogon shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi “Buxoro viloyati boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan ayrim soliqlarga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar hamda mutlaq miqdor summalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-21-113-2-0-K/25-sonli qaroriga asosan Kogon shahar boʻyicha yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligida moʻljallanmagan yerlari bazaviy soliq stavkasi 1 gektar uchun miqdori 51 728 000 soʻm hamda jismoniy shaxslarga 1 kv.m uchun bazaviy soliq stavkasining miqdori 411 soʻm etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Shahar hokimligi Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (N. Eshmurodov) hamda shahar Soliq inspeksiyasi (K. Axmadova)ning mahalla fuqarolar yigʻinlarining iqtisodiy rivojlanganlik darajasi hamda kelgusi yil uchun belgilangan shahar mahalliy byudjet prognozidan kelib chiqib, yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda kamaytiriluvchi va oshiriluvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash yuzasidan takliflari inobatga olinsin.
3. Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalarini aniqlash uchun qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida:
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlarning 1 gektariga yuridik shaxslar boʻyicha 2026-yilda Kogon shahar uchun belgilangan yer soligʻining bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdorlari mahallalar kesimida 1- ilovaga;
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) 2026-yilda Kogon shahar uchun 1 kv.m. yerga belgilangan bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdorlari mahallalar kesimida 2-ilovaga;
2026-yil Kogon shahri uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 3-ilovaga;
2026-yil Kogon shahri uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Xalq deputatlari shahar Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi VII-5-016-2-208-K/24-sonli qarori 2026 yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Shahar hokimligi ushbu qaror bilan maʼqullangan Kogon shahar boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni ommaviy axborot vositalarida va shahar hokimligining rasmiy vebsaytida eʼlon qilsin.
6. Mazkur qaror bajarilishining nazorati Xalq deputatlari shahar Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi va shahar hokimligi zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror 2026 yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi M. TOʻRABOYEV
Buxoro viloyati, Kogon shahar,
2025-yil 30-dekabr,
VII-20-160-2-208-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.