OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SURXONDARYO VILOYATI HOKIMINING
QARORI
Termiz shahrida jamoat transportida yoʻlkira haqini toʻlashda naqd pulsiz toʻlov tizimini joriy etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat transportini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 25-martdagi PQ-139-son qaroriga muvofiq umumiy foydalaniladigan jamoat transportida koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, jamoat transportida toʻlovlar shaffofligini taʼminlash, yoʻlkira haqini toʻlashda elektron toʻlov tizimlaridan foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida, qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat transportini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 25-martdagi PQ-139-son qaroriga muvofiq jamoat transportida yoʻlkira haqini toʻlashda elektron toʻlov tizimidan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi tariflar joriy etilishi belgilanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasining “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq shahar yoʻlovchilar transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish haqini toʻlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilangan tariflar boʻyicha amalga oshirilishi qayd etilganligi;
viloyat hokimining 2025-yil 20-maydagi 307-8-0-Q/25-sonli qaroriga muvofiq Termiz shahrida jamoat transporti yoʻnalishlarida yoʻlkira haqi bir yoʻlovchi uchun 3000 (uch ming) soʻm, elektron toʻlov tizimi (ATTO) orqali toʻlashda ragʻbatlantiruvchi chegirma qoʻllanilgan holda 2000 (ikki ming) soʻm qilib belgilanganligi (QQS bilan);
b) Oʻzbekiston Respublikasining “Аvtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan yoʻlovchi:
shahar va shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo yoʻnalishlaridagi avtobuslarda yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni oʻzi bilan bepul olib yurish;
shahar va shahar atrofi yoʻnalishlarida yigirma kilogrammdan oshmaydigan ogʻirlikdagi bagajning bir oʻrnini oʻzi bilan bepul olib yurish va boshqa huquqlarga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Bir yoʻlovchi ogʻirligi 20 kilogrammdan ortiq boʻlgan bagajini tashish xizmati uchun bir martalik toʻlov tarifi 4 000 (toʻrt ming) soʻm qilib belgilansin.
3. Termiz shahrida aholiga koʻrsatilayotgan avtobus yoʻnalishlarida jozibadorlikni oshirish hamda yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida:
1-bosqichda, 2026-yil 3-yanvardan B-3, B-4, B-7, ShI-1, ShI-3, ShI-5, ShI-7, ShI-8 va ShI-15-sonli avtobus yoʻnalishlarida;
2-bosqichda, 2026-yil 1-apreldan qolgan harakatdagi mavjud yoʻnalishlarda yoʻl kira haqini toʻlashda naqd pulsiz toʻlov tizimi amaliyoti joriy etilsin va toʻlovlar faqat elektron tarzda qabul qilinishi yoʻlga qoʻyilsin.
4. Surxondaryo viloyati Transport boshqarmasi (I.Ibragimov):
mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, ikki kun muddatda qonunchilik hujjatlariga muvofiq yoʻlovchilar tashuvchi korxonalar bilan tuzilgan ommaviy oferta shartnomalariga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish;
yoʻlovchi tashuvchi korxonalarga tegishli har bir yoʻnalish boʻyicha harakatlanayotgan avtobuslar salonida validatorlarning uzluksiz va sifatli ishlashini taʼminlash hamda yoʻlovchilarning ushbu qurilmadan foydalanishda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish;
yoʻlkira haqini toʻlash naqd pulsiz faqat elektron tarzda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilishi munosabati bilan naqd pulsiz toʻlov tizimining yoʻlovchilar uchun qulayligi va afzalliklari yuzasidan ommaviy axborot vositalari orqali keng ommaga yetkazish choralarini koʻrsin.
5. Transport nazorati inspeksiyasi Surxondaryo viloyati hududiy boʻlimi (X.Abdizoirov):
Termiz shahrida barcha yoʻnalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarning validatorlar bilan jihozlanishini taʼminlasin hamda yoʻlkira haqini avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi ATTO orqali toʻlanishini doimiy nazoratga olsin;
validator oʻrnatilmagan yoʻlovchi tashuvchi avtobus korxonalariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrsin.
6. Mazkur qaror “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetalarida rasman eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
7. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari A.Amirov zimmasiga yuklansin.
Surxondaryo viloyat hokimi U. B. QOSIMOV
Surxondaryo viloyati,
2025-yil 9-dekabr,
683-8-0-Q/25-son