QASHQADARYO VILOYATI QAMASHI TUMANI HOKIMINING
QARORI
Qamashi tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 140-sonli qarori ijrosini taʼminlash, tumandagi barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablariga maktab yoshidagi bolalarni toʻliq qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6 va 25-moddalariga asosan, qaror qilaman:
1. Qamashi tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Tuman hokimligi (B. Haydarov), tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (A. Yuldoshev), tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
3. Tumandagi umumtaʼlim muassasalar rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblansin.
4. Tumandagi oʻquvchi soni quvvatiga nisbatan ortib ketib, koeffitsiyenti yuqori boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablariga 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab 1-sinf uchun tuman hokimining mazkur qarori bilan biriktirilgan mikrohududlardan boshqa hududlarda istiqomat qiluvchi maktab yoshidagi bolalarni qabul qilinmasligi belgilansin.
5. Mazkur qaror “Qamashi” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
6. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Qamashi tuman hokimining 2024-yil 30-maydagi “Qamashi tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida” 174-4-58-Q/24-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari B. Haydarov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi X. USMONOV
Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani,
2025-yil 5-dekabr,
325-4-58-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.