Xalq deputatlari Bogʻot tumani Kengashining
qarori
Bogʻot tumanidagi geografik obyekt (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)larni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisida
Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasiga Xorazm viloyati hokimligining 2025-yil 30-oktabrdagi 01-19-09/11063-sonli murojaatnomasi va unda qayd etilgan Xorazm viloyati Bogʻot tumanidagi 98 ta geografik obyekt(koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)larni nomlash va qayta nomlash boʻyicha taklifi Ekspert komissiyasi tomonidan oʻrganib chiqilishi uchun taqdim qilingan. Taqdim qilingan geografik obyekt(koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)lar oʻrganish natijalariga koʻra, shuningdek, tegishli qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqib, Ekspert komissiyasining 2025-yil 17-noyabrdagi 05-19-20219-sonli xulosasiga asosan “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi 303-sonli Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni talablariga koʻra muvofiq deb topilgan.
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi, “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga asosan, tumandagi geografik obyektlar (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)ga nom berish va ularni qayta nomlash maqsadida xalq deputatlari Bogʻot tumani Kengashi qаror qilаdi:
1. Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 17-noyabrdagi yigʻilish bayoni maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ekspert komissiyasi tomonidan muvofiq deb topilgan tumandagi 98 ta geografik obyekt (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha) nomlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ekspert komissiyasi xulosasiga asosan tumandagi 71 ta geografik obyekt (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)ning amaldagi nomlari oʻzgartirilib qayta nomlanishi munosabati bilan shu geografik obyekt (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)ni nomlash boʻyicha xalq deputatlari Bogʻot tumani Kengashi tomonidan qabul qilingan tegishli qarorlarining 71 ta geografik obyekt (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)ga oid qismi 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
4. Davlat kadastrlari palatasi Xorazm viloyati boshqarmasining Bogʻot tumani filiali (E. Eshniyazov), Ichki ishlar boʼlimi (E. Аxmedov), tuman hokimligi tizimidagi boshqarma, boʻlim, tashkilot va muassasalarga:
koʻchalarga nom berilishi munosabati bilan tegishli ishlarni amalga oshirish yuzasidan bir oylik muddatda belgilangan tartibda zarur choralar koʻrish hamda hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritish topshirilsin.
5. Tuman qurilish va uy-joy komunal xoʻjaligi boʻlimi (R. Jumaniyozov), tumandagi fuqarolar yigʻinlari bilan birgalikda tasdiqlangan yagona zamonaviy milliy dizayn asosida bir oy muddatda geografik obyektlar nomlari qayd qilingan peshlavhalarni oʻrnatsin.
6. Belgilansinki, geografik obyektlar nomlari qayd qilingan peshlavhalarni oʻrnatish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar qonunda belgilangan tartibda mahalliy byudjet mablagʻlari va homiylar hisobiga qoplanadi.
7. Mazkur qaror rasmiy manbalarda eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb saytiga joylashtirilsin hamda rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi belgilab qoʻyilsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (O. Matniyozov) hamda nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi raisi (S. Nurmetov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi J. NAZAROV
Xorazm viloyati, Bogʻot tumani,
2025-yil 12-dekabr,
VII-23-181-12-170-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.