Xalq deputatlari Gurlan tumani Kengashining
qarori
Gurlan tumanidagi ayrim koʻchalarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining axborotnomasi, 1993-y, 9-son, 320 modda;), “Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y, 17-son, 219-modda) va “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y, 41-son, 448-modda) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga asosan hamda “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2022-yil 2-noyabr OʻRQ-799-sonli) qonunlariga asosan Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha respublika komissiyasining 35-sonli majlis bayonidagi topshiriqlarning ijrosini taʼminlash maqsadida tuman hokimligi va Davlat kadastrlar palatasi tuman filiali bilan hamkorlikda oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra Gurlan tumanidagi mavjud koʻchalar qayta oʻrganib chiqildi hamda jami 192 ta koʻcha (koʻcha, tor koʻcha va berk koʻcha)ni nomlash va qayta nomlash maqsadida xalq deputatlari Gurlan tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi hamda Xorazm viloyati komissiyasining taklifiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining “Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni ekspertizasidan oʻtkazish” ekspert komissiyasining 2025-yil 26-avgustdagi 05-19-14602-sonli xulosasi maʼqullansin.
2. Mazkur qaror ilovasiga muvofiq Gurlan tumanidagi 192 ta koʻcha(koʻcha, tor koʻcha va berk koʻcha)ning nomi oʻzgartirilsin.
3. Gurlan tumani obodonlashtirish boshqarmasi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi vaXorazm viloyati Davlat kadastrlar palatasi Gurlan tumani filiali tuman arxitektura va qurilish boʻlimi bilan birgalikda tumandagi 192 ta koʻchalarning nomi oʻzgarishi munosabati bilan tegishli muddatda tuman boʻyicha tasdiqlangan yagona, zamonaviy, milliy dizayn asosida koʻchalarning nomi qayd qilingan peshlavhalarni oʻrnatish choralarini koʻrsin.
4. Belgilansinki, geografik obyekt(koʻcha)lar nomi qayd qilingan peshlavha oʻrnatish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar qonunda belgilangan tartibda mahalliy budjet mablagʻlari vaqonunda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan qoplansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-apreldagi PF-5984-sonli “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni talablaridan kelib chiqib hamda mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida:
Gurlan tumani ichki ishlar boʻlimi fuqarolarni doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish bilan bogʻliq ishlar idoralararo elektron hamkorlik orqali “yagona darcha” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish;
Xorazm viloyati Davlat kadastrlar palatasi Gurlan tuman filiali idoralararo elektron hamkorlik tizimi asosida “Manzil” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga koʻchmas mulk egasi yoki uning yuridik manzili oʻzgarganda, koʻchmas mulk obyektlarining manzillari yagona reyestridan oʻzgargan maʼlumotlarning taqdim etish ishlarini amalga oshirsinlar hamda ish yakunlari boʻyicha xalq deputatlari tuman Kengashiga axborot kiritsinlar.
6. Mazkur qaror “Gurlan ovozi” gazetasi va tuman hokimligining rasmiy vebsaytida eʼlon qilinsin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Sh.Eshmetov hamda xalq deputatlari tuman Kengashining ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi (X.Tajimuratov)lar zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi R. OʻRAZBAYEV
Xorazm viloyati, Gurlan tumani,
2025-yil 18-noyabr,
VII-17-109-12-171-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.