NAMANGAN VILOYATI CHUST TUMANI HOKIMINING
QARORI
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2026-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
“Аholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasi, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 10-maydagi 19-2019-B-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 3163, 2019-yil 31-may), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-126-sonli Farmoniga asosan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida tumanda 2026-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, qaror qilaman:
1. Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash boʻyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
2026-yilda mazkur toifadagi shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Аholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasiga asosan tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar (Keyingi oʻrinlarda — ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar deb yuritiladi) uchun ish oʻrinlarining eng kam miqdori (2-ilova) xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha 278 nafarni tashkil etadigan 7.0 foiz miqdorida, shu jumladan:
nogironlar uchun 3,0 foiz (133 nafar);
Kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 2,7 foiz (117 nafar);
Oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlanganlar uchun 0.2 foiz (10 nafar);
Muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun 0,2 foiz (7 nafar);
Jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 0,2 foiz (8 nafar);
Odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun 0,1 foiz (3 nafar) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
3. Quyidagi ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar etib belgilansin:
muhandis, iqtisodchi, hisobchi, huquqshunos, zootexnik, agronom, shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim, ish yurituvchi, oʻqituvchi, tarozibon, elektrik, farrosh, oʻt yoquvchi, obodonlashtirish ishchisi, omborchi, EHM operatori, yukchi, ishchi, bogʻbon, qorovul.
4. Tumandagi mavjud korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ushbu qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasin;
2026-yil boshlanishidan kamida 10 kun oldin, zaxiraga qoʻyiladigan umumiy ish oʻrinlari sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirish uchun zaxiraga qoʻyilishini va tayyorligini taʼminlasin, shuningdek, bu haqida yil boshlangunga qadar tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini xabardor qilsin;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan 2026-yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlasin, bu haqida tuman Аholi bandligiga koʻmaklashish markaziga birinchi chorak tamom boʻlgandan keyin 10 kundan kechikmay xabardor qilsin;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari tayyorligi toʻgʻrisida axborot taqdim etilmasligi, teng darajada zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan soni hisobiga ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining amalda tayyor emasligi tuman Аholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan tuman hokimining qarori bajarilmasligi sifatida qaralishi lozimligi qayd etilsin.
5. Tuman hokimining ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha ushbu qarori bajarilmaganda, shuningdek, bunday shaxslarni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchun tashkilot, korxona va muassasalarning mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga asosan maʼmuriy javobgarlik belgilanganligi alohida qayd etilsin.
6. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga (roʻyxat raqami 3163, 2019-yil 31-may) asosan subsidiyalar ajratib berish tartibi amaliyotga joriy etilganligini hisobga olib, ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida haq toʻlanishini taʼminlasin.
7. Tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (M.Ibragimov) mazkur qarorni besh kun muddatda qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan tashkilot, korxona va muassasalarning rahbarlari eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror “Chust haqiqati” gazetasida rasman eʼlon qilinsin va tuman hokimligining rasmiy veb saytiga joylashtirilsin.
9. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab 2 oydan keyin kuchga kiradi.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari R. Temirov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi B. SALIMJONOV
Namangan viloyati, Chust tumani,
2025-yil 31-oktabr,
534-6-89-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.