XALQ DEPUTATLARI NAMANGAN VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Namangan viloyati hududida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish hamda qabul qilish va saqlash boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflarini tartibga solish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4845-son qarori 4-bandi, 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5-sonli Farmoni, viloyat hokimligining 2025-yil 16-iyuldagi 12/1479-sonli xati, viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 8-iyuldagi 02/14-32/524-sonli xulosalari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining 2025-yil 7-iyuldagi 01-01/1142-sonli xati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-sonli farmoni ijrosi yuzasidan, Xalq deputatlari viloyat Kengashi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi deputatlik guruhining oʻrganish natijalari boʻyicha yigʻilish bayonnomasi va xatini inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 24-moddalariga muvofiq, Xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Q. Miraxmedovning Namangan viloyati hududida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish hamda qabul qilish va saqlash boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflarini tartibga solish toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Namangan viloyati boshqarmasining viloyat hududida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflari yuzasidan taqdimoti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining viloyat hududida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflari yuzasidan berilgan takliflari inobatga olinsin.
4. Namangan viloyati hududida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflari miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi (M. Abdullayev), Chiqindilarni boshqarish sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish Agentligi Namangan viloyat boshqarmasi (R. Abidov), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati viloyat boshqarmasi (B. Hodjayev), Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi (F. Salohiddinov) bilan birgalikda mazkur Kengash qarori bilan maʼqullangan viloyat hududlarida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun majburiy toʻlov tariflarini oʻrnatilgan tartibda qoʻllab borilishi yuzasidan nazorat tadbirlari olib borsin.
6. Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi (Sh. Maksumov), viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi boshqarmasi (A. Toʻxtayev) shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarning insonlar sogʻligʻiga zararli taʼsirini oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holat sifatini oshirish choralarini koʻrib borsinlar.
7. “Yuksalish” xarakati viloyat boʻlinmasi rahbari, viloyat Kengashi deputati N. Muhamadiyevaning taklifiga binoan Namangan viloyatidagi 754 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida tashkil qilingan ijtimoiy tarmoqlarida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish jadvallarini joylashtirish va xizmat koʻrsatish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish.
8. Mazkur qaror “Namangan haqiqati” va “Namanganskaya pravda” gazetalarida eʼlon qilinsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (I. Ikromov) hamda qarorning ijrosini taʼminlash viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻ. Djamalov zimmasiga yuklansin.
10. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirishi belgilansin.
Kengash raisi MUMINOV SOLIJON DJALILOVICH
Namangan viloyati,
2025-yil 1-noyabr,
VII-15-146-6-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.