XALQ DEPUTATLARI QUVA TUMANI KENGASHINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son Qarorining tumandagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-son qarorini ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarorida koʻrsatib oʻtilgan suvni hisob kitobi va hisobotini yuritish tartibiga asosan, Quva tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi bilan kelishilgan xolda hududdagi barcha suv isteʼmolchilarni novegetatsiya mavsumi uchun qishloq xoʻjaligi ekinlari turlari tasdiqlanib, shu asosida xar bir suv isteʼmolchilari, suv manbalar, iqtisodiyot tarmoqlari kesimida suvdan foydalanish rejalari ishlab chiqilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda novegetatsiya davri uchun suv manbalarining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda hududlar kesimida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun suv olish limitlarini tasdiqlangan.
Quva tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi 2025-yil sugʻorish mavsumida tumandagi qishloq xoʻjaligi korxonalari boʻyicha 22264 ga maydondagi 998 ta isteʼmolchilarga 74239.7 ming m3 bundan 71053.2 ming m3 suv daryo, kanal, soylar hisobidan, 603.9 ming m3 suv kollektor va drenaj tarmoqlaridan, aholi tomorqalari boʻyicha 63 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 4103ga maydonga 23129.6 ming m3 daryo, kanal, soylar hisobidan, baliqchilik yoʻnalishi boʻyicha 10ta isteʼmolchilarga 59.1 ga maydonga 968.8 ming m3 suv kollektor, drenaj tarmoqlaridan, dehqon xoʻjaliklari boʻyicha 9561 ta isteʼmolchiga 1765 ga maydonga 9754.3 ming m3 daryo, kanal, soylar hisobidan shakllangan suvlarni isteʼmolchilarga yetkazib berilishi taʼminlangan.
Tuman soliq idoralariga 2025-yil sugʻorish mavsumi davomida manbalardan jami 108092.4 ming m3 suv yetkazib berilgani toʻgʻrisida hisobot topshirilgan.
Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasiga 2025-yilda 217 ga yomgʻirlatib, 310 ta tomchilatib, 22 ta diskrit suv tejamkor texnologiyalar joriy qilinganligi natijasida isteʼmolchilar chegarasida 139.98 million m3 limit amalda esa 118.26 million m3, iqtisod qilingan suv 21.720 million kubni tashkil qilgan.
Quva DM tasarrufidagi sugʻorish tarmoqlarini va fermer xoʻjaliklari va ichki tarmoqlarni betonlashtirish natijasida suv tizimi foydalanish koeffitsiyenti 3% ga oshib, 0,69% ni tashkil qilgan.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan Oʻzbekiston Respublikasi davlat byujetiga tushgan tushumning 40 foizi suv yetkazib berish xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish, ularga tegishli obyektlarni saqlash va texnik holatini yaxshilash xarajatlariga yoʻnaltirilishi belgilab berilgan.
Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi hisobiga 2025-yilda davlat byudjetidan 2886.0 million soʻm, suv soligʻi (40%)dan 632.0 million mablagʻ tushirilib berilgan. Shundan 4147.0 million soʻmi ishchi xodimlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlov oʻtkazmalariga oʻtkazilgan, 4-guruh xarajatlariga 104.0 million ajratilgan,bundan 40 tn sement,80 m3 sheben va asbob uskunalar sotib olingan.
Sirdaryo-Soʻx irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, Quva tumani Suv yetkazib berish xizmatlari davlat muassasasi hamda hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmasi bilan birgalikda 2025-2026-yil novegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqilgan.
Tumanda suv resurslarini oʻz vaqtida isteʼmolchilarga yetkazish, suvdan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida, mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 29-noyabrdagi KQ-5-V-son qarori bilan tasdiqlangan “Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash va ulardan foydalanishni tartibi toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomning 11-bandi, 4-xatboshisida koʻrsatilgan tartibda belgilangan davr mobaynida jamoatchilik muhokamasida boʻlganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida” gi Qonunining 6- va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Quva tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qarorining tumandagi ijrosi toʻgʻrisida tuman suv yetkazib berish xizmati direktori U.Musajonovning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-son qarori bilan 2025 yildan boshlab:
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanganda suv soligʻi stavkasiga 0,5 kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilishi;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinganda yoki sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanganda suv soligʻi stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilishi;
baliqchilik uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanganda suv soligʻi stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilishi;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinmaganda hamda sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanmaganda suv soligʻi stavkasiga 1,1 oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilishi belgilanganligi taʼkidlab oʻtilsin.
3. Quyidagilar:
Quva tumani boʻyicha 2025-2026 yilning klaster va fermer xoʻjaliklari uchun nosugʻorish davrida shoʻr yuviladigan, nam suvi beriladigan va boshqa sugʻorish ishlari amalga oshiriladigan yer maydonlari suv miqdori (limit) 1-ilovaga muvofiq;
Quva tumani boʻyicha 2025-2026 yilning klaster va fermer xoʻjaliklari uchun nosugʻorish davrida shoʻr yuviladigan, nam suvi beriladigan va boshqa sugʻorish ishlari amalga oshiriladigan yer maydonlari suv miqdori (limiti) 2-ilovaga muvofiq;
Quva tumani boʻyicha 2025-2026 yilning aholi tomorqa yerlari (MFYlar) uchun nosugʻorish davrida suv miqdori (limiti) 3-ilovaga muvofiq;
Quva tumani hududidagi baliqchilik yoʻnalishidagi suv isteʼmolchilarining 2025-2026 yillarning nosugʻorish davrida qishloq xoʻjaligi ekinlarni joylashuvi beriladigan miqdori (limiti) 4-ilovaga muvofiq;
Quva tumani boʻyicha 2025-2026 yilning dehqon xoʻjaliklari uchun nosugʻorish davrida shoʻr yuviladigan, nam suvi beriladigan miqdori (limiti) 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Zokirov, tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori U.Musajonovga:
belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga suvni oʻz vaqtida yetkazib berishni taʼminlash, suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish choralarini koʻrish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida soliq organlariga taqdim etib borish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish vazifalari, shuningdek 5 kun muddatda:
suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar boʻyicha ishlab chiqilgan suv olish limitlarini barcha suv isteʼmolchilariga yetkazish;
suv isteʼmolchilari bilan ularga ajratilgan suv olish miqdori (limitlari) doirasida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomalarni tuzilishini hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlash vazifalari yuklansin.
5. Quva tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi (U.Musajonov), tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi (O.Ristayev)ga hamkorlikda isteʼmolchilar bilan suvdan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlari va tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklansin.
6. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Zokirov, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi (O.Ristayev), nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi (M.Raximov) zimmalariga yuklansin.
Kengash raisi UMAROV XALIMJON KOMILOVICH
Fargʻona viloyati, Quva tumani,
2025-yil 29-oktabr,
VII-15-138-11-156-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.