BUXORO VILOYATI BUXORO TUMANI HOKIMINING
QARORI
2026 yilda tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 38-39-moddalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 11.12.2017 yil, 09/17/965/0393-son) Nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Buxoro tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimining ish joylarining eng kam miqdorini band qilib qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdori (kvotalangan ish oʻrinlari) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha soni yigirma nafardan koʻpni tashkil etadigan korxona, muassasa va tashkilotlar uchun xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan 209 kishini tashkil etadigan 7 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorida, shu jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 18,2 foiz (38 kishi);
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun 10 foiz (21 kishi);
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 41,6 foiz (87 kishi);
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun 16,2 foiz (34 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 13 foiz (27 kishi);
odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun 1 foiz (2 kishi) miqdorida ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantiriladi.
4. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida Nizomni tasdiqlash haqida”gi (AV roʻyxat raqami №-3163-son, 31.05.2019 y) buyrugʻiga asosan subsidiyalar ajratib berish tartibi amaliyotga joriy etilganligini hisobga olinsin.
6. Ushbu qarorning ikkinchi bandida koʻrsatilgan shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz rad etgan ish beruvchi va uning vakolatli shaxslari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarligi belgilab qoʻyilsin.
7. Tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (A. Hamdamov) qaror qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
8. Mazkur qaror “Gala Osiyo ovozi” gazetasida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qaror ijrosining nazorati tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari S.Ochilov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi A. OCHILOV
Buxoro viloyati, Buxoro tumani,
2025-yil 30-oktabr,
398-2-32-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.