JIZZAX VILOYATI SHAROF RASHIDOV TUMANI HOKIMINING
QARORI
Sharof Rashidov tumanida 62-sonli umumtaʼlim maktabini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-, 7-, 21- va 211-moddalariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktyabrdagi PF-158-sonli “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025-yil 18-sentyabrdagi 02-27-3141-sonli va tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2025-yil 3-oktyabrdagi 01-779-sonli xatlarini inobatga olib, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025-yil 18-sentyabrdagi 02-27-3141-sonli va tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2025-yil 3-oktyabrdagi 01-779-sonli xatlari asos va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Sharof Rashidov tumani “Kuyovboshi” MFY hududida joylashgan Jizzax davlat pedagogika universitetining boʻsh turgan binosi negizida yangi 62-sonli umumtaʼlim maktabi tashkil etilsin.
3. Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (D.Sadriddinova)ga:
- 11 yillik taʼlimi amalga oshirish va oʻquvchilarni taʼlim olishlariga qonunchilikda belgilangan tartibda (oʻquv xonalari, mebel, malakali pedagoglar va boshqa) yetarli shart-sharoitlarini yaratish;
- yangi tashkil etilayotgan umumtaʼlim maktabini belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
- maktabni yuridik shaxs sifatida tashkil etish (guvohnoma olish) va belgilangan tartibda soliq idorasidan roʻyxatdan oʻtkazish (INN) hamda hududiy moliya organlari tomonidan “UzASBO” dasturiy majmuasida tegishli hisob raqamlarni ochish;
- maktab Ustavini tasdiqlash va belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazidan roʻyxatdan oʻtkazish;
- maktab muhri va toʻrtburchak tamgʻasi (shtampi)ni tayyorlash;
- maktabga qabul qilingan oʻquvchilarni Vazirlikning elektron tizimi (erp.maktab.uz)ga kiritish va elektron tizim orqali oʻquvchilar harakatini amalga oshirish;
- oʻquvchilar va sinflar sonidan kelib chiqib, sinflar jamlanmasini komplektlash, maktabning shtatlar jadvali va tarifikatsiya roʻyxatlarini tasdiqlash hamda zarur moliyaviy hisob-kitoblarni (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar) taqdim etish;
- maktab direktorlik lavozimiga menedjerlik sertifikatiga ega nomzodlar orasidan tayinlash vazifalari yuklatilsin.
4. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari, Iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi M.Ergashev yangi tashkil etilayotgan umumtaʼlim maktabiga belgilangan tartibda moliyaviy mablagʻlarni toʻliq ajratish va ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishi ustidan doimiy nazoratini olib borsin.
5. Tuman gʻaznachilik boʻlimi (Sh.Abdumoʻminov)ga, yangi tashkil etilayotgan umumtaʼlim maktabiga “UzASBO” dasturiy majmuasida tegishli hisob raqamini ochish vazifasi topshirilsin.
6. Tuman soliq inspeksiyasi (M.Tursunmuratov)ga, yangi tashkil etilayotgan umumtaʼlim maktabini tegishli tartibda davlat soliq inspeksiyasidan roʻyxatidan oʻtkazsin.
7. Tuman statistika boʻlimi (E.Safarov)ga, yangi tashkil etilayotgan umumtaʼlim maktabini davlat reyestriga kiritsin.
8. Tuman ichki ishlar boʻlimi (J.Karimov)ga, yangi tashkil etilayotgan umumtaʼlim maktabiga yumaloq muhr va toʻrtburchak tamgʻasini tayyorlashi uchun ruxsat bersin.
9. Tuman tibbiyot birlashmasi (B.Donaboyev)ga hamda tuman sanitariya va epidemiologik osoyishtalik nazorati markazi (Q.Sunatov)ga, yangi tashkil etilayotgan umumtaʼlim maktabi tibbiyot xodimi bilan taʼminlash, zaruriy tibbiyot uskunalar, dori- darmon vositalari bilan taʼminlash, unga qabul qilinayotgan xodimlarning salomatligini koʻrikdan oʻtkazish va tegishli xulosalar berish vazifasi topshirilsin.
10 .Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari O.Meliboyev zimmasiga yuklatilsin.
Sharof Rashidov tumani hokimi A. ASHUROV
Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani,
2025-yil 24-oktabr,
255-3-46-Q/25-son