XALQ DEPUTATLARI OLTIARIQ TUMANI KENGASHINING
Qarori
Tumanda 2025-2026-yillar kuzgi-qishki sugʻorish (novegetatsiya) davri uchun ajratilgan suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijrosini taʼminlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv-tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida hamda tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori Sh.Mirzayevning hisobotini atroflicha muhokama qilib, bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq, Xalq deputatlari Oltiariq tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini shakllantirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Sh.Mirzayevning tumanda suv resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori Sh.Mirzayevning Oltiariq tumani boʻyicha 2025-2026-yillar kuzgi-qishki sugʻorish (novegetatsiya) davri uchun ajratilgan suv olish limitlari toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin va ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari va tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori (Sh.Mirzayev)larga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori asosida ishlarni tashkil etish;
belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga suv yetkazib berish;
suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish;
oʻziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish kabi vazifalar yuklatilsin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining “Agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi (R.Mirzajonov) zimmasiga yuklatilsin.
6. Mazkur qaror qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Kengash raisi TURDALIYEV SHAMSIDDIN ASKARALIYEVICH
Fargʻona viloyati, Oltiariq tumani,
2025-yil 20-oktabr,
VII-11-121-11-151-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.