XALQ DEPUTATLARI JIZZAX VILOYATII KENGASHINING
Qarori
Viloyat hududidagi D 047 avtomobil yoʻlida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida tezlikni kamaytirish yoʻl belgisi oʻrnatish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 19-yanvardagi “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi 900-sonli Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-98-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2025-yil 9-iyul kuni oʻtkazilgan “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, infratuzilmani yaxshilash va tirbandlikni kamaytirish chora-tadbirlari” yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining 2025-yil 23-iyuldagi 10/13-1609-sonli xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyat hududida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida yoʻl belgisi oʻrnatish boʻyicha tegishli mutaxassislar va xalq deputatlari Sharof Rashidov tumani Kengashi deputatlari tomonidan joyida batafsil oʻrganilganligi hisobga olinsin.
3. Viloyat hududidagi avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani “Yangihayot” va “Nurafshon”, Jizzax shahar “Bunyodkor” MFY hududlaridan oʻtuvchi davlat ahamiyatiga ega boʻlgan D 047 avtomobil yoʻlining 7-22-km.lar oraligʻida avtomototransport vositalari harakatlanishining tezligini 100 km/soat tezlikdan 70 km/soat tezlikka tushirish (tegishli yoʻl belgilari oʻrnatish)ga ruxsat berilsin.
4. Jizzax viloyati Avtomobil yoʻllari hududiy boshqarmasi boshligʻi (M.Mamadaliyev)ga:
- masalaga masʼul boʻlgan tashkilotlar bilan birgalikda ushbu qarorga asosan tegishli yoʻl belgilarini oʻrnatish va harakat xavfsizligini nazorat qilish;
- doimiy ravishda tuman (shahar) markazlaridagi yoʻl belgilari va koʻrsatkichlari, svetoforlar, yoʻl chiziqlarini chizish, piyoda oʻtish joylarini belgilash, yoʻl harakati vositalarini tartibga solish va mazkur qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha xalq deputatlari viloyat Kengashiga joriy yil 24-oktyabrga qadar maʼlumot taqdim etish vazifasi yuklansin.
5. Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasini jamoat xavfsizligi xizmati yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi (A.Saydaxmatov)ga:
- yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha targʻibot - tashviqot ishlarini kuchaytirish;
- yoʻl transport hodisalari sodir etilayotgan nuqtalarda transport vositalarining harakatini cheklash boʻyicha zaruriy choralarni koʻrib borish vazifalari yuklatilsin.
6. Viloyat hokimligi Axborot xizmati (A.Binoqulov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Jizzax viloyat teleradiokanali Davlat muassasasi direktori E.Shermonov, “Jizzax haqiqati” - “Джизакская правда” gazetasi B.Nazarovlarga yuqorida qayd etilgan hududda yoʻl belgilari oʻrnatilgani toʻgʻrisida maʼlumotni ommaviy axborot vositalarida va internet tarmoqlarida keng yoritib borish vazifasi topshirilsin.
7. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari viloyat Kengashining Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi F.Odilov zimmasiga yuklansin.
Sessiya raisi XALMATOV ERKIN IRGASHEVICH
Jizzax viloyati, Boshka,
2025-yil 26-sentabr,
VII-15-235-3-0-K/25-son