XALQ DEPUTATLARI RISHTON TUMANI KENGASHINING
Qarori
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazishda shuhratparastlik, oʻzini koʻz-koʻz qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va anʼanalarini mensimaslik kabi illatlar koʻzga tashlanmoqda.
Bunday salbiy illatlarga barham berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida, shuningdek fuqarolar yigʻinlarida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha komissiyalar tuzildi.
Biroq, oʻrganishlar tahlili, shuningdek aholi bilan bevosita oʻtkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali toʻy marosimlari va ularni oʻtkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.
Baʼzi fuqarolar toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni dabdaba bilan oʻtkazishni qoʻshnilar, qarindoshlar tomonidan boʻladigan tanqidlardan, qoralashdan, umuman olganda, ijtimoiy tazyiqdan xalos boʻlish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar oʻrtasida qarzdorlikning vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda.
Aksariyat aholi, ayiqsa, xotin-qizlarning ongida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda qiz tomonning sarf-xarajatlari qanchalik yuqori boʻlsa, qaynona-kelin munosabatlari shunchalik yaxshi boʻladi, degan notoʻgʻri tasavvur tobora mustahkamlanib bormoqda.
“Charlar”, “aqiqa marosimi”, “muchal toʻyi”, “qiz majlis”, “kuyov chaqiriq”, hayitda “kelin koʻrish” kabi marosimlar aholi tomonidan ortiqcha deb baholanmoqda. Biroq, bunday marosimni tashkil etayotgan shaxslarda tadbirlarni obroʻliroq joyda oʻtkazishga, oʻzining yutuqlarini koʻz-koʻz qilishga, moddiy mavqei bilan maqtanishga intilish kuchaymoqda.
Aksariyat toʻyxona egalari ixcham va kamxarj oʻtkazish niyatida boʻlgan fuqarolardan toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishda belgilangan qoidalarga zid ravishda toʻy xarajatlarini ikki-uch baravar miqdorda asossiz undirib olmoqda.
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda sanʼatkorlar haddan ziyod baland narxlarda xizmat koʻrsatmoqda, oʻz tomosha xizmatlarini koʻrsatish davomida milliy mentalitetimiz, qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga mos kelmaydigan, «ommaviy madaniyat» illatlarini targʻib etadigan hamda yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xatti-harakatlar namoyish etilmoqda.
Yuqoridagi salbiy holatlarning tobora avj olishi ming-minglab oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Mazkur holatlarga chek qoʻyish, oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish, jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlash, aholi, ayniqsa, yoshlarda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni qatʼiy tartibga solishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishni tartibga solish boʻyicha keng jamoatchilik, Respublika ishchi guruhi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, shuningdek fuqarolar yigʻinlarining toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha komissiyalar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashining 2019-yil 14-sentyabrdagi 2736-III/KQ-592-III-son qoʻshma qarori, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga asoslangan holda xalq deputatlari Rishton tuman Kengashi qaror qiladi:
1.Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 14-sentyabrdagi “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2736-III/KQ-592-III-son qoʻshma Qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2.Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishni tartibga solish toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3.Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman komissiyasi tuzilsin, uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4.Tuman hokimining oʻrinbsarlari (D.Rahmonqulov, Z.Umarov, M.Dadajonova), tuman ichki ishlar boʻlimi (Sh.Mavlonov) Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi (X.Xojixonov), “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi boshligʻi (T.Abdurahmonov), Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning tuman boʻyicha bosh mutaxassisi K.Tuxtasinovlar tegishli boʻlim va tashkilotlar, joylarda “mahalla yettiliklari” bilan birgalikda:
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni milliy qadriyatlarga mos tarzda ixcham va kamxarj oʻtkazishga erishish uchun sanʼatkorlar tomonidan xizmatlar koʻrsatilishini tartibga solish choralarini koʻrsin;
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda sanʼatkorlar tomonidan xizmat koʻrsatilishida tegishli litsenziya talablariga rioya etilishini taʼminlash;
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishida jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda fuqarolar xavfsizligiga jiddiy xavf solishi mumkin boʻlgan koʻngilsiz holatlarning oldini olish choralarini doimiy ravishda koʻrib borish
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar davomida muqaddas dinimiz talablariga zid boʻlgan turli odat va rasm-rusumlar oʻtkazilishining oldini olish, aholi oʻrtasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tegishli targʻibot ishlarini olib borilishini taʼminlash vazifalari yuklansin.
5.Tuman hokimligi axborot xizmati (A.Dehqonov)ga ommaviy axborot vositalari orqali toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish tartibiga rioya etilishi holati, urf-odatlarimiz va anʼanalarimizning haqiqiy mohiyati hamda ahamiyatini keng ommaga muntazam yetkazib borish tavsiya etilsin.
6.Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi (X.Xojixonov) zimmasiga yuklansin.
7.Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi XOLIKOV BAXODIR RAXMATULLAYEVICH
Fargʻona viloyati, Rishton tumani,
2025-yil 18-sentabr,
VII-13-73-11-158-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.