XALQ DEPUTATLARI SHOʻRCHI TUMANI KENGASHINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq Shoʻrchi tumanidagi mavjud geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisida
Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash boʻyicha takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 20-avgustdagi 05-19-14130-sonli yigʻilish bayoni va bayonnoma bilan tasdiqlangan ekspert xulosasini hamda 2025-yil 23-avgustdagi 01-14/1260-son xatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6, 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari Shoʻrchi tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Shoʻrchi tumani komissiyasi raisining oʻrinbosari A.Xoʻjakeldiyevning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Geografik obektlarga nom berish va ularni qayta nomlash boʻyicha takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 20-avgustdagi 05-19-14130-sonli yigʻilish bayoni va bayonnoma bilan tasdiqlangan ekspert xulosasiga asosan qonun hujjatlariga muvofiq deb topilgan tumandagi 1526 ta geografik obektlar (koʻcha,berk koʻcha,tor koʻcha) nomi roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shoʻrchi tumani Davlat soliq inspeksiyasi, tuman Statistika boʻlimi, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi, tuman Ichki ishlar boʻlimi, Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi hamda boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlarga quyidagilar topshirilsin:
mazkur qaror bilan nomlari tasdiqlangan 1526 ta koʻchalarni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ish yuritish hujjatlariga zarur oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish, shuningdek, boshqa tegishli tashkiliy-amaliy choralarni koʻrish;
tuman migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi tomonidan fuqarolarni roʻyxatga olish va roʻyxatdan chiqarish jarayonlarida yangilangan koʻcha nomlarining toʻgʻri aks ettirilishiga alohida eʼtibor qaratilishi taʼminlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi Shoʻrchi tumani filiali (CH.Mamatqulov):
“Geografik obektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli hamda 2018-yil 14-dekabrdagi 1010-sonli qarorlarida belgilangan tartibga muvofiq, geografik obektlar nomlarini tartibga solish yuzasidan koʻchalar nomlarining oʻzgartirilishi munosabati bilan aholiga davlat boji undirilmasligini taʼminlash choralari koʻrilsin.
5. Shoʻrchi tumani hokimining oʻrinbosari (A. Xoʻjakeldiyev), Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi (A.Nurboyev) hamda tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (B.Mengboyev)ga bir oy muddatda:
-qaror ilovasiga muvofiq tasdiqlangan roʻyxat asosidagi koʻchalarga ularning yangi nomlari yozilgan metall koʻrsatkichlar, belgilar va peshlavhalarni bosqichma-bosqich oʻrnatish va almashtirish;
-amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumotlarni belgilangan muddatda Geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi raisining oʻrinbosari A.Xoʻjakeldiyevga taqdim etish vazifasi topshirilsin.
6. Tuman ichki ishlar boʻlimi (N.Narzullayev)ga:
fuqarolarning xorijga chiqish va kirish uchun hujjatlarini rasmiylashtirishda koʻchalarning qayta nomlanganligiga alohida eʼtibor qaratish;
rasmiylashtiriladigan hujjatlarda geografik obyektlarning nomlari toʻgʻri aks ettirilishini doimiy nazoratga olish topshirilsin.
7. Mazkur qaror “Tafsilot” gazetasida rasman eʼlon qilinsin hamda Shoʻrchi tumani hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Shoʻrchi tumani komissiyasi raisining oʻrinbosari A.Xoʻjakeldiyev tomonidan geografik obektlarga berilgan nomlar boʻyicha tegishli hujjatlar oʻn kun muddatda Geografik obektlar nomlarining davlat reyestriga kiritish uchun Kadastr agentligiga taqdim etilsin.
9. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Shoʻrchi tumani Kengashining Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi B.Boykeldiyev zimmasiga yuklansin.
10.Ushbu qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Sessiya raisi MAMASHUKUROV OLIMJON KAYUMOVICH
Surxondaryo viloyati, Sho'rchi tumani,
2025-yil 17-sentabr,
VII-13-134-8-120-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.