OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SIRDARYO VILOYATI HOKIMINING
QARORI
“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zona Direksiyasi” DUKning Sirdaryo tumani hududidan ajratilgan jami 6,0 gektar yer uchastkasini Direksiya zaxira yer fondiga qaytarib olish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 17-fevraldagi “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-604-sonli qonuni, Yer kodeksining 36-moddasi 1-qismi 1-bandi va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning 6 va 211-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zona Direksiyasi” Davlat unitar korxonasining 2025-yil 22-avgustdagi 03-140-sonli murojaati qanoatlantirilsin.
2. “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zona Direksiyasi” Davlat unitar korxonasi (I.Karimov)ga, Direksiyaning Sirdaryo tumani hududidagi “LONGPENG STEEL STRUCTURE” MCHJ korxonasi foydalanishida boʻlgan, notarial tartibda Direksiya zaxirasiga qaytarib olinganligi natijasida boʻsh turgan 6,0 gektar yer uchastkasini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish maqsadida, belgilangan tartibda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasiga buyurtma berish majburiyati yuklatilsin.
3. Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi (R.Nishonov), “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zona Direksiyasi” Davlat unitar korxonasi buyurtmanomasi asosida boʻsh turgan 6,0 gektar yer uchastkasini davlat mulki sifatida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazsin hamda viloyat yer hisobotiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari B.Xudjamov zimmasiga yuklatilsin.
Sirdaryo viloyati hokimi v. b E. TURDIMOV
Sirdaryo viloyati,
2025-yil 16-sentabr,
388-9-0-Q/25-son