QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR KENGASHINING
QARORI
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va yer uchastkalarni toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish toʻgʻrisida” 2025-yil 28-apreldagi 208-13-0-Q/25-sonli qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Investitsiya kiritish majburiyati bilan eng yaxshi taklifni tanlab olish orqali tadbirkorlik subyektlariga yer maydonlarini uzoq muddatli ijara huquqi asosida ajratib berish tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek, yer uchastkalarini ajratish hujjatlarini tayyorlash va kelishish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va yer uchastkalarni toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish toʻgʻrisida” 2025-yil 28-apreldagi 208-13-0-Q/25-sonli qaroriga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
investitsiya kiritish majburiyati bilan eng yaxshi taklifni tanlab olishda yer uchastkalarni tanlash, ajratish hujjatlari «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — elektron tizim) orqali amalga oshirilishi hisobiga kelishish muddatlari va bosqichlarini qisqartirish;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻzlari tanlagan yer uchastkalarini ajratib berish boʻyicha takliflarini elektron tizim orqali kiritish imkoniyatini yaratish;
investitsiya loyihasi doirasida ekologik, geologik ekspertizalar oʻtkazish va boshqa turdagi ruxsat berish bilan bogʻliq bosqichlar bevosita yer maydoni ajratib berilgandan keyin amalga oshirilishini belgilash.
2. “Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” 1-ilovaga muvofiq;
“Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tarkibi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining “Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va yer uchastkalarni toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish toʻgʻrisida” 2025-yil 28-apreldagi 208-13-0-Q/25-sonli qarorining:
4-bandidagi “1-iyun sanasiga qadar” soʻzlari “1-oktabr sanasiga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga soʻzlari” “«YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali” soʻzlari bilan toʻliqtirilsin;
4. Mazkur qaror qabul qilingunga qadar Respublika komissiyasi qarorlari bilan maʼqullangan loyihalar boʻyicha yer uchastkalarini ajratishda «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelishish talab etilmaydi, shuningdek, ushbu yer uchastkalarida amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha davlat ekologiya ekspertizasini oʻtkazish ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom asosida yer uchastkalari ajratilgandan soʻng oʻtkazilishi belgilab qoʻyilsin.
5. Vazirlik, idora va tashkilotlar bir oy muddatda oʻzlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarini ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini taʼminlash va nazorat qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosarlari (Jollibekov, Teshayev va Yusupov) zimmalariga yuklansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F. ERMANOV
Qoraqalpogʻiston Respublikasi,
2025-yil 15-sentabr,
542-13-0-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.