XALQ DEPUTATLARI BOYSUN TUMANI KENGASHINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-81-sonli Farmonining 11-bandida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan Boysun tumanining ekologik “master-reja”sini tasdiqlash toʻgʻrisida
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanishning toza suv va sanitariya, iqlim oʻzgarishi oqibatlari bilan kurashish, aholi punktlari va ekotizimni saqlash kabi maqsadlariga erishish uchun tumanning iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlarni ekologik baholash tizimini joriy qilish, atrof-muhitni boshqarishni kuchaytirish, sogʻlom muhitini yaratish va atrof-muhitni muhofaza qilishga muvofiqlashtirilgan eʼtiborni yoʻnaltirish maqsadida Tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi inspeksiyasi boshligʻi I.Aʼzamovning hisobotini “Oʻzbekiston ekologik partiyasi” Boysun tuman Kengashi taklifiga koʻra tinglab, deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarni inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasiga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-81-sonli Farmoni hamda tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi inspeksiyasi boshligʻi I.Aʼzamovning hisoboti maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmonining 11-bandida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Boysun tumanida atrof-muhitni boshqarishni kuchaytirish, sogʻlom muhitini yaratish va atrof-muhitni muhofaza qilishga muvofiqlashtirilgan eʼtiborni yoʻnaltirish uchun ishlab chiqilgan Boysun tumanining ekologik “master-reja”si ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Bunda:
ekologik “master-reja”ni viloyat Ekologiya boshqarmasi bilan kelishilgan holda shakllantirilsin va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilsin. Tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi inspeksiyasi ekologik “master-reja” ijrosi va uning natijadorligi yuzasidan har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashiga va jamoatchilik oldida hisobot berib borishi va viloyat Ekologiya boshqarmasiga amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida axborot kiritilishi hamda viloyat Ekologiya boshqarmasi taklifiga asosan “master-reja” ijrosi va uning natijadorligi boʻyicha ushbu masalaga masʼul shaxslarga nisbatan mukofotlash yoki intizomiy jazo chorasini koʻrish uchun asos boʻlishi belgilab qoʻyilsin.
4. Tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (M.Mamadiyev), tumanning ekologik “master-reja”sini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish uchun 2025-yil mahalliy budjet parametrlarida inobatga olsin.
5. Tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari (Y.Xoliyorov), “Boysun” gazetasi bosh muharriri (D.Oripov)ga Boysun tumanining ekologik “master-reja”si ijrosi va uning natijadorligi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiya (F.Tursunqulov), tuman hokimining oʻrinbosarlari (Sh.Abdullayev, M.Qodirov, S.Choriyev, A.Husanov) zimmalariga yuklansin.
7. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi SHUKUROV BOXADIR SHOTURAYEVICH
Surxondaryo viloyati, Boysun tumani,
2025-yil 13-sentabr,
VII-13-89-8-110-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.