Zafarobod tuman Xalq deputatlari Kengashining
QARORI
Zafarobod tumanidagi mavjud geografik obʼektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisida
Geografik obʼektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 12-avgustdagi yigʻilish bayoni va bayonnoma bilan tasdiqlangan ekspert xulosasini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obʼektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi qonunining 10-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Geografik obʼektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi raisi oʻrinbosari M.Obodovning taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Geografik obʼektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 12-avgustdagi yigʻilish bayoni va bayonnoma bilan tasdiqlangan ekspert xulosasiga asosan qonun hujjatlariga muvofiq deb topilgan tumandagi 210 ta koʻcha nomlari roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
3. Zafarobod tuman Davlat soliq inspeksiyasi, tuman statistika boʻlimi, Davlat xizmatlari markazi, iqtisodiyot va moliya boʻlimi, tuman ichki ishlar boʻlimi, Davlat Kadastrlari palatasi tuman filiali va tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlariga:
- ushbu qaror bilan nomlangan 210 ta koʻcha nomini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda boshqa tegishli tadbirlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshirsin.
4. Tuman hokimining oʻrinbosarlari (J.Sattarov, J.Suyarov), Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi (Oʻ.Noraliev), tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (Sh.Zokirov)ga 1 oy muddatda ushbu qaror ilovasiga muvofiq tasdiqlangan roʻyxat asosidagi koʻchalarga ularning nomlari yozilgan metall koʻrsatkich va belgilar, peshlavhalarni bosqichma bosqich oʻrnatish, almashtirish va olib borilgan ishlar yuzasidan maʼlumotlarni belgilangan muddatda Geografik obʼektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari” boʻyicha tuman komissiyasi (M.Obodov)ga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
5. Tuman ichki ishlar boʻlimi (B.Musurmonov) fuqarolarning xorijga chiqish, kirish uchun hujjatlarini rasmiylashtirishda koʻchalarning nomlari qayta nomlanganligiga alohida eʼtibor qaratsin, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda geografik obʼekt nomlarini toʻgʻri yozilishini doimiy nazoratga olsin.
6. Mazkur qaror “Zafar yoʻlidan” gazetasida rasman eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
7. Geografik obʼektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi raisi oʻrinbosari M.Obodov, geografik obʼektlarga nom berilganligi toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlarni Geografik obʼektlar nomlarining davlat reestriga kiritish uchun oʻn kunlik muddatda Kadastr agentligiga taqdim etsin.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi (D.Chankaeva) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi ESHPULATOV GʻAYRATJON ESHPULATOVICH
Jizzax viloyati, Zafarobod tumani,
2025-yil 10-sentabr,
VII-12-104-3-50-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.