XALQ DEPUTATLARI QOROVULBOZOR TUMANI KENGASHINING
QARORI
Qorovulbozor tumani mahalliy byudjetining 2025-yil I yarim yillik ijrosi hamda daromadlar va xarajatlar rejasiga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 27-moddasiga asosan tuman mahalliy byudjetining 2025-yil I yarim yilli ijrosi hamda daromadlari va xarajatlari rejasiga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan tuman hokimining birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻining hisobotini tasdiqlash uchun Xalq deputatlari tuman Kengashi muhokamasiga kiritilgan.
Mazkur hisob-kitoblarga koʻra, 2025-yil I yarim yillikda tuman mahalliy byudjetining daromadlari 29.2 mlrd.soʻmni tashkil etib, ijrosi 101.2 foizga taʼminlangan. Hisobot davrida tuman mahalliy byudjeti xarajatlari jami 43.0 mlrd.soʻm boʻlib, shundan tumandagi ijtimoiy soha xarajatlari 13.3 mlrd.soʻm yoki 30.9 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 143 va 147-moddalarida byudjet ijrosi jarayonida 2025-yil I yarim yillikda mahalliy byudjet daromadlari prognoz koʻrsatkichlari hamda byudjet parametrlari doirasida xarajatlar rejasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-fevraldagi 03-03/1-4456-son yigʻilish bayonnomasi ijrosini tumanda oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda. mahalliy byudjetlardagi past samarali xarajatlar maqbullashtirilgan va byudjet tashkilotlarining ish haqi va ijtimoiy soliq toʻlovlari boʻyicha yil yakunigacha kutilayotgan xarajatlarni qoplashga yoʻnaltirish belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining 27 va 126-moddalariga asosan tuman mahalliy byudjetining 2025-yil I yarim yillik ijrosi hamda daromadlar va xarajatlar rejasiga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan tuman hokimining birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi Gʻ.Niyozovning hisobotni tinglab, yuqorida bayon etilganlarga hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari Qorovulbozor tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi Gʻ.Niyozovning Qorovulbozor tumani mahalliy byudjetining 2025-yil I yarim yillik ijrosi hamda daromadlar va xarajatlar rejasiga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
·tuman mahalliy byudjetining 2025-yil I yarim yillik daromadlar ijrosi boʻyicha asosiy koʻrsatkichlar 1-ilovaga;
·tuman mahalliy byudjetining 2025-yil I yarim yillik daromadlar rejasiga kiritilgan oʻzgartirishlar boʻyicha asosiy koʻrsatkichlar 2-ilovaga;
·tuman mahalliy byudjetining 2025-yil I yarim yillik xarajatlar rejasiga kiritilgan oʻzgarishlar boʻyicha asosiy koʻrsatkichlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman soliq inspeksiyasi (A.Latipov)ga:
·2025-yil uchun belgilangan daromadlar prognoz reja koʻrsatkichlari barcha soliq turlari kesimida toʻliq bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrish:
·byudjet daromadlari bazasini kengaytirish hamda mahalliy byudjetga qoʻshimcha soliq tushirish manbalarini aniqlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni taʼminlash topshirilsin.
4. Tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi hamda tuman Gʻaznachilik xizmati:
·tuman mahalliy byudjet parametrlarida koʻzda tutilgan xarajatlarni. xususan birinchi darajali toʻlovlarni oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlash;
·byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi hamda byudjet intizomiga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
5. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi Gʻ.Niyozovga hamda tumandagi tegishli byudjet tashkilotlari bilan birgalikda:
·tuman mahalliy byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari asosida belgilangan tartibda maqsadli sarflanishini;
·infratuzilma obektlarida belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish va foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining moliya-iqtisod va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha birinchi oʻrinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya boʻlimi boshligʻi Gʻ.Niyozovga ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investisiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha doimiy komissiyasi (Sh.Suvonov) zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi HAMROYEV OʻTKIR SHOMAHMADOVICH
Buxoro viloyati, Qoravulbozor tumani,
2025-yil 2-sentabr,
VII-16-94-2-38-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.