OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SIRDARYO VILOYATI HOKIMINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-140-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-140-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning 6 va 211-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-140-sonli Farmoni rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni bilan:
sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari belgilanganligi;
Oliy sud, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan “Raqamli sud” konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish haqidagi taklifiga rozilik berilganligi;
2025-2027-yillarga moʻljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi 1-ilovaga;
2025-2030-yillarda sud binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
2025-2030-yillarda sud sohasini raqamlashtirish hamda sud binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika va hududiy ishchi komissiyalar 3 va 3a-ilovalarga muvofiq tarkibda tashkil etilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi;
Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va Savdo-sanoat palatasining 2026-yil 1-yanvardan boshlab iqtisodiy sudlar tizimida iqtisodiy sudlarni maqbullashtirish orqali tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarini tugatish hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanganligi inobatga olinsin.
3. 2025-2030-yillarda sud sohasini raqamlashtirish hamda sud binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat ishchi komissiyasi tarkibi (keyingi oʻrinlarda – viloyat komissiyasi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Viloyat komissiyasiga hududlar kesimida amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam ravishda tanqidiy muhokama qilib, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼul rahbarlarga nisbatan choralar koʻrib borish topshirilsin.
5. Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi (R.Nishanov), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi (D.Ruzmatov) yangi sud binolarini qurish uchun Oliy sud bilan kelishilgan holda qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yer maydonlarini tanlab, belgilangan tartibda ajratish choralarini koʻrsin.
6. Mazkur qaror ijrosi nazoratini oʻz zimmamda qoldiraman.
Sirdaryo viloyati hokimi v. b E. TURDIMOV
Sirdaryo viloyati,
2025-yil 28-avgust,
358-9-0-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.