XALQ DEPUTATLARI NURAFSHON SHAHRI KENGASHINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq Nurafshon shahridagi mavjud geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisida
Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash boʻyicha takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 11-iyundagi yigʻilish bayoni va bayonnoma bilan tasdiqlangan ekspert xulosasini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6- va 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari Nurafshon shahri Kengashi qaror qiladi:
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha shahar komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Shoismanovaning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash boʻyicha takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 28-maydagi yigʻilish bayoni va bayonnoma bilan tasdiqlangan ekspert xulosasiga asosan qonun hujjatlariga muvofiq deb topilgan shahardagi 284 ta koʻcha nomi roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Nurafshon shahri Davlat soliq inspeksiyasi, shahar statistika boʻlimi, Davlat xizmatlari markazi, iqtisodiyot va moliya boʻlimi, shahar ichki ishlar boʻlimi, Davlat kadastrlari palatasi shahar filiali, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi shahar boʻlimi hamda boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlarga quyidagilar topshirilsin:
mazkur qaror bilan nomlari tasdiqlangan 284 ta koʻchani belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ish yuritish hujjatlariga zarur oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish, shuningdek, boshqa tegishli tashkiliy-amaliy choralarni koʻrish;
shahar migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi tomonidan fuqarolarni roʻyxatga olish va roʻyxatdan chiqarish jarayonlarida yangilangan koʻcha nomlarining toʻgʻri aks ettirilishiga alohida eʼtibor qaratilishi taʼminlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi Nurafshon shahri filiali (I. Ibrohimov) va shahar Davlat xizmatlari markazi (D. Axmedova):
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli hamda 2018-yil 14-dekabrdagi 1010-sonli qarorlarida belgilangan tartibga muvofiq, geografik obyektlar nomlarini tartibga solish yuzasidan koʻchalar nomlarining oʻzgartirilishi munosabati bilan aholiga davlat boji undirilmasligini taʼminlash choralari koʻrilsin.
5. Shahar hokimining oʻrinbosari (A. Eshbayev), Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Nurafshon shahri boʻlimi (Z. Maxsudova) hamda Obodonlashtirish boshqarmasi (I. Ibrohimov)ga bir oy muddatda:
qaror ilovasiga muvofiq tasdiqlangan roʻyxat asosidagi koʻchalarga ularning yangi nomlari yozilgan metall koʻrsatkichlar, belgilar va peshlavhalarni bosqichma-bosqich oʻrnatish va almashtirish;
amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumotlarni belgilangan muddatda Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha shahar komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Shoismanovaga taqdim etish vazifasi topshirilsin.
6. Shahar ichki ishlar boʻlimi (A. Yuldashev)ga:
fuqarolarning xorijga chiqish va kirish uchun hujjatlarini rasmiylashtirishda koʻchalarning qayta nomlanganligiga alohida eʼtibor qaratish;
rasmiylashtiriladigan hujjatlarda geografik obyektlarning nomlari toʻgʻri aks ettirilishini doimiy nazoratga olish topshirilsin.
7. Mazkur qaror “Mashʼal” gazetasida rasman eʼlon qilinsin hamda Nurafshon shahri hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha shahar komissiyasi raisining oʻrinbosari M. Shoismanova tomonidan geografik obyektlarga berilgan nomlar boʻyicha tegishli hujjatlar oʻn kun muddatda Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritish uchun Kadastr agentligiga taqdim etilsin.
9. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari Nurafshon shahar Kengashining Sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat koʻrsatish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Gʻ. Isroilov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi KLICHXANOV ILXOM MAXMUDJONOVICH
Toshkent viloyati, Nurafshon shahri,
2025-yil 13-avgust,
VII-9-64-10-213-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.