XORAZM VILOYATI YANGIBOZOR TUMANI HOKIMINING
QARORI
Yangibozor tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6 va 25-moddalari, "Taʼlim toʻgʻrisida"gi qonunning 9-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida"gi nizomning 39-bandiga asosan tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida qaror qilaman:
1. Yangibozor tumani hokimining 2024-yil 16-sentabrdagi “Yangibozor tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida”gi 510-12-178-Q/24-sonli qarori bekor qilinsin.
2. Yangibozor tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) ilovaga asosan tasdiqlansin.
3. Tuman hokimligi yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha bosh mutaxassisi (B.Davlatbayev), tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (G.Abdirimova), tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
4. Belgilansinki, tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
5. Tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (M.Jumamuratov), mahalla fuqarolar yigʻini raislariga maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasalariga jalb etish jarayonida tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim muassasalariga amaliy yordam berish tavsiya qilinsin.
6. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari (U.Nurmetova) hamda "Yangibozor koʻzgusi" gazetasi muharriri (M.Quvvatov) ushbu qaror tuman hokimligining "yangibozor.uz" veb-sayti va "Yangibozor koʻzgusi" gazetasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2024-yil 16-sentabrdagi 510-12-178-Q/24-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimligi yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha bosh mutaxassisi B.Davlatbayev zimmasiga yuklansin.
Tuman hokimi R. JUMANIYAZOV
Xorazm viloyati, Yangibozor tumani,
2025-yil 16-iyul,
170-12-178-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.